Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarining birinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibidagi 11 nafar sport musobaqalarga qatnashib, ularning 9 nafari o‘z ishtirokini yakunladi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

O‘q otish. Muxtasar Tohirova 6 urinishda umumiy 622.2 ochko to‘pladi va 50 ishtirokchi orasida 33-o‘rinni egalladi.

Qilichbozlik. Sherzod Mamutov ruminiyalik Ilian Teodosiuga 11:15 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, Malika Hakimova xitoylik raqibasiga 10:15 hisobida yutqazib qo‘ydi.

Boks. Olimpiadaning birinchi kunida Sanjar Tursunov (91 kg) va Shahnoza Yunusova (69 kg) ham musobaqalarni tark etdi. Tursunov jazoirlik Abdelxafid Benchablaga 1:4 hisobida, Yunusova esa polshalik sportchi Karolina Koshevskaga 0:5 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Dzyudo. Sharofiddin Lutfullayev ham ukrainalik Artyom Lesyukga imkoniyatni boy berib, Tokiodagi chiqishlariga nuqta qo‘ydi.

Tennis. Denis birinchi davrada hindistonlik Sumit Nagalga yutqazdi va ilk chiqishidanoq O‘yinlarni tark etdi. Istomin 1-setni raqibiga boy berib qo‘ydi, lekin 2-setni o‘z foydasi hal qildi. Biroq hal qiluvchi setda hindistonlik raqibining qo‘li baland keldi.

Velosport. Murodjon Xolmurodov shosse yo‘nalishi bo‘yicha 234 km masofaga o‘tkazilgan poygada 132 nafar sportchi orasidan 64-bo‘lib finish chizig‘ini kesib o‘tdi. Ushbu yo‘nalishda Ekvador vakili Richard Karapaz oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Akademik eshkak eshish. Sobirjon Safaraliyev va Shaxboz Xolmurzayev juftligi 2000 metrga eshkak eshish bahslarida 6ta terma jamoa orasida 4-natijani qayd etib, keyingi bosqichga yo‘l oldi. Ular yarim finalda qo‘shimcha o‘rinlar uchun kurash olib boradilar.

Sport gimnastikasi. Bugun O‘zbekiston vakillari orasidan oxirgi bo‘lib Rasuljon Abdurahimov bahslarga kirishdi, biroq u ham Olimpiada bilan xayrlashdi. Ko‘pkurashda sportchi 79,064 balni qo‘lga kiritib, 62 atlet orasidan 49-o‘rinni egalladi.

«Qayd etilgan natijalardan shunday xulosa qilish mumkin: vakillarimizni hayajon qiynab qo‘ymoqda yoki kecha bo‘lib o‘tgan ochilish marosimi ularni ancha toliqtirib qo‘ygan. Umid qilamizki, ertadan g‘alabali onlarimiz boshlanadi», — deyiladi vazirlik xabarida.