Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatining Urgut tumanida qishloq ayollarini haqoratlagan erkakning uyi oldida fuqarolar to‘plangani tasvirlangan videolar tarqaldi.

Viloyat IIB axborot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 21 iyul kuni Urgut tumani «Do‘stlik» mahallasida yashovchi 1989 y.t. fuqaro Sh. Sh. Telegram internet tarmog‘idagi guruhda, guruh a’zolarini haqoratlagan video murojaatini joylashtirib, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan taxqirlagan.

Holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan JKning 140-moddasi 2-qismi (Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan tarzda, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali haqorat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqaro Sh. Sh.ga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Sh. Sh. ning yashash manziliga kelib, janjal ko‘targan barcha fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritilgan. Jamoat tartibini buzgan har bir fuqaroning harakatlariga qonuniy tartibda baho beriladi», — deyiladi xabarda.

Keyinroq fuqarolarni haqoratlagan shaxs ijtimoiy tarmoqlar orqali uzr so‘radi. Uning ta’kidlashicha, video murojaat yo‘llagan vaqtda mast bo‘lganida mast holda bo‘lgan.