2021 yilning I yarmida Davlat byudjeti daromadlari 74,9 trln so‘mni tashkil qildi yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,7 trln so‘mga (+28,7%) ko‘p bo‘ldi, deyiladi Moliya vazirligi hisobotida.

Hisobot davrida davlat soliq organlari nazoratidagi tushumlar 61,4 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15,5 trln so‘mga (33,8%) oshdi. Jumladan, Yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlash inspeksiyasi nazorati ostidagi tushumlar 40,6 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan o‘sish 10,5 trln so‘mni (35%) tashkil qildi.

2021 yilning I yarmida bojxona organlari tomonidan nazorat qilinadigan tushumlar 5,2 trln so‘mga (52,5%) oshdi va 15 trln so‘mni tashkil qildi. Davlat byudjetining soliq va bojxona organlari tomonidan nazorat qilinmaydigan tushumlari 6 trln so‘mga yetdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 2 trln so‘mga ko‘pdir.


Bevosita soliqlar

2021 yilning I yarmida foyda solig‘i bo‘yicha tushumlar 18,6 trln so‘mni tashkil etdi, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan tushumlar 6,8 trln so‘mga oshdi.

Foyda solig‘i tushumlarining 12,6 trln so‘mi, ya’ni 67,8%i oltin va mis qazib oluvchi korxonalar hissasiga to‘g‘ri keldi.

Iqtisodiyotning qayta tiklanishi, ma’muriyatchilik va soliq qonunchiligiga rioya etilishi yaxshilanishi tushumlarning o‘sishiga olib keldi. Bunga, shuningdek, foyda solig‘i bazasining o‘sishiga olib kelgan oltin va kumush uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasining 20% dan 15% gacha kamaytirilishi va oltin narxining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘rtacha 9,8% ga o‘sganligi ijobiy ta’sir ko‘rsatdi

10 957 nafar (11,5%) soliq to‘lovchilar faoliyatini zarar bilan yakunlagan, 29 677 nafar soliq to‘lovchi (31,3 foiz) «0» hisobot taqdim etgan, foyda bilan esa 54 323 nafar soliq to‘lovchi (57,2%) hisobot topshirgan.

2020 yildan boshlab bir yo‘la amortizatsion chegirma joriy qilinganligi (5 yoki 10 foiz) natijasida joriy yil I choragida 338 nafar soliq to‘lovchining foyda solig‘i bo‘yicha soliq bazasidan chegirilgan summasi 384,8 mlrd so‘mni tashkil etdi hamda taxminan 57,7 mlrd so‘m mablag‘ ular ixtiyorida qoldirildi.

2021 yilning I yarmida aylanmadan olinadigan soliq tushumlari 932,4 mlrd so‘mni tashkil etdi, ya’ni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 302,7 mlrd so‘mga oshdi.

Tushumlarning o‘sishi 124 ta tuman va shaharlarda 25% dan ortiqni, 22 ta tuman va shaharlarda 15−25% ni, 38 ta tuman va shaharlarda 15% gachani tashkil qilgan bo‘lsa, 19 ta tuman va shaharlarda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamayib ketganligi kuzatildi.

Hisobot davrida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlari 8,8 trln so‘mni (o‘sish 1,5 trln so‘m), jumladan ish beruvchilar tomonidan to‘lov manbaida ushlab qolinadigan soliq 8,1 trln so‘mni (o‘sish 1,3 trln so‘m) tashkil etdi.

Dividend va foiz ko‘rinishidagi daromadlar joriy yilning I yarmida 257,5 mlrd so‘mni tashkil qildi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 98,1 mlrd so‘mga ko‘pdir. Mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan daromadlar 107,6 mlrd so‘mni tashkil qildi — o‘sish 73,1 mlrd so‘m. Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlar 193,4 mlrd so‘mni tashkil qilib, 58,2 mlrdso‘mga oshdi.

Bilvosita soliqlar


2021 yilning I yarmida qo‘shilgan qiymat solig‘i tushumlari 16,8 trln so‘mni tashkil qildi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 trln so‘mga ko‘pdir.

Soliq organlari nazoratidagi QQS 12,2 trln so‘mni tashkil qildi yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 50,5% ga oshdi.

Soliq idoralari nazorati ostidagi QQS tushumlarining asosiy qismi neft-gaz tarmog‘i (14,1%), elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilari (8,3%), mobil aloqa operatorlari (3,9%), avtomobil sanoati (2,5%), tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari (1,6%) sohalari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bojxona organlari tomonidan undiriladigan QQS 12,2 trln so‘mni tashkil etdi yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 55,5% ga o‘sdi.

Tushumlarning asosiy qismi avtomobil va ehtiyot qismlar (87-tovar guruhi) bo‘yicha 1,4 trln so‘m (+18%), bug‘doy 313,1 mlrd so‘m (+182%), yoqilg‘i 438,5 mlrd so‘m (-5%), yog‘och materiallari 301,8 mlrd so‘m (-6%), sement 119,5 mlrd so‘m (234%) hisobidan shakllandi.

2021 yilning I yarmida aksiz solig‘i tushumlari 6,3 trln so‘mni tashkil etdi, ya’ni 8,4% ga o‘sdi. Bunda 2021 yil 1 fevraldan aksiz solig‘i stavkalarining indeksatsiya qilinishi hisobiga tushumlar quyidagicha o‘zgardi:


Alkogol mahsulotlari uchun aksiz solig‘ining stavkalari indeksatsiya qilinishiga qaramasdan (8 -19% ga) ushbu soliq turi bo‘yicha tushumlar atigi 1,6% ga (+12 mlrd so‘m) o‘sdi.

Qat’iy belgilangan soliq stavkasining 15,4% ga hamda advalor stavkasining 9% dan 10% gacha oshirilishi natijasida tamaki mahsulotlaridan aksiz tushumlari 22,1%ga (+164,9 mlrd so‘m) o‘sdi.

Benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni yakuniy iste’molchiga sotishda aksiz solig‘i stavkalari o‘rtacha 20% indeksatsiya qilindi, bu 345 mlrd so‘mlik qo‘shimcha tushumlarni ta’minladi.

Shuningdek, mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz solig‘i stavkasining 20% dan 15% ga kamaytirilishi ushbu soliq to‘lovchilar ixtiyorida 50,4 mlrd so‘m qolishini ta’minladi.

Bojxona idoralari tomonidan 167,2 mlrd so‘m aksiz solig‘i undirildi (o‘tgan yilning 1 yarmiida 397 mlrd so‘m undirilgan edi). Tushumlarning kamayishiga asosan 2020 yil 1 avgustdan avtomobillar uchun aksiz solig‘ining bekor qilinishi hamda 2021 yil 1 yanvardan boshlab 73 ta tovar importiga aksiz solig‘ining bekor qilinishi sabab bo‘ldi.

Hisobot davrida bojxona boji tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 917,1 mlrd so‘mga (+ 66,9%) ko‘payib, 2,3 trln so‘mni tashkil qildi. Bunga valyuta kursining o‘sishi (o‘rtacha 7,3% ga), ayrim imtiyozlarning bekor qilinishi va import tovarlari tarkibining o‘zgarishi ta’sir qildi.

Resurs soliqlari

Joriy yilning I yarmida resurs soliqlari va mol-mulk solig‘i bo‘yicha jami tushumlar 2020 yilning mos davriga nisbatan 1,6 trln so‘mga oshib, 11,3 trln so‘mni tashkil etdi.

2021 yilning I yarmi uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq tushumlari qariyb 8,0 trln so‘mni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,5%ga o‘sdi. Resurs soliqlarining asosiy qismi — qariyb 70% oldingi yillardagidek yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqqa to‘g‘ri keladi.

Joriy yilning 1 yanvaridan oltin, palladiy, kumush uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarining 20% dan 15% gacha pasayishiga qaramasdan, qo‘shimcha tushumlar quyidagilar hisobiga ta’minlandi:

  • joriy yilning I yarmida qimmatbaho metallar bozorida oltin narxining o‘rtacha 9,8%ga va misning narxi 2020 yilning I yarmiga nisbatan 58%ga o‘sishi;
  • ayrim qurilish foydali qazilmalari (qurilish qumi, qum va shag‘al aralashmasi, qumtoshlar va qurilish toshlari) uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarining birxillashtirilishi. Qo‘shimcha tushumlar 10,9 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Yer qa’ridan olinadigan soliq tushumlarining asosiy ulushi (76,6%) oltin va mis qazib chiqarish korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan tushumlar joriy yilning birinchi yarmida 2 barobarga oshdi va 317,9 mlrd so‘mni tashkil etdi. Tushumlarning o‘sishiga quyidagilar sabab bo‘ldi:

  • soliq stavkalarini 15 foizga, iqtisodiyotning ayrim tarmoqlari uchun esa 30 foizga indeksatsiya qilish;
  • birinchi yarim yillikda qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 117,4 mlrd so‘m miqdorida soliq to‘langanligi (Ma’lumot uchun: qishloq xo‘jaligi korxonalari uchun soliq to‘lash muddati joriy yilning 15 dekabri etib belgilangan).

Birinchi yarim yillikda mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha tushumlar o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda 1 trln so‘mga o‘sdi va taxminan 3 trln so‘mni tashkil etdi. Bunda resurs soliqlari bo‘yicha umumiy tushumlarda mol-mulk solig‘i va yer solig‘i ulushi joriy yilda o‘tgan yildagi 20,5% dan 26,7% gacha oshdi. Tushumlarning asosiy ulushi (67,6%) yuridik shaxslar tomonidan to‘lanadigan soliqlarga to‘g‘ri keladi. Qo‘shimcha daromadlar quyidagilar hisobiga ta’minlandi:

  • ilgari soliq imtiyozlari berilgan obyektlarga nisbatan molmulk solig‘i bo‘yicha pasaytirilgan soliq stavkasini 2 baravarga, yer solig‘i stavkasiga nisbatan pasaytirish koeffitsiyentining 2,5 baravarga oshirilishi. Bunday obyektlarga jamoat temir yo‘llari, magistral quvurlar, aloqa liniyalari va elektr uzatish liniyalari, ularni konservatsiya qilish to‘g‘risida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingan ko‘chmas mulk obyektlari va boshqa obyektlar kiradi;
  • qishloq xo‘jaligiga tegishli bo‘lmagan yerlar uchun yer solig‘i bo‘yicha bazaviy soliq stavkalarini 15 foizga indeksatsiya qilish.
  • Bunda soliq stavkalarining aniq miqdorlari mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan hududlarning iqtisodiy rivojlanishi va nufuziga qarab ushbu stavkalarga oshiruvchi va kamaytiruvchi koeffitsiyentlarni qo‘llash bilan bazaviy stavkalar asosida belgilanadi;
  • turistik zonalarda joylashgan sanatoriy-kurort muassasalari, shuningdek, dam olish va onalar sog‘lig‘ini yaxshilash joylari, dam olish uylari egallab olgan yer uchastkalari uchun soliq imtiyozlarining bekor qilinganligi.

Bundan tashqari, yuridik shaxslar tomonidan to‘lanadigan mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq tushumlarining o‘sishi o‘tgan yilning II choragidan boshlab karantin cheklovlari paytida ayrim soliq to‘lovchilarga ushbu soliq turlari bo‘yicha vaqtinchalik soliq imtiyozlari va preferensiyalar berilganligi bilan bog‘liq.

Joriy yilning I yarmida jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha tushumlar ham oshdi, xususan, mol-mulk solig‘i — 84,8 mlrd so‘mga va yer solig‘i — 160,6 mlrd so‘mga.

Ushbu turdagi soliqlardan qo‘shimcha tushumlar soliq stavkalarini 15 foizga indeksatsiya qilish va jismoniy shaxslarning ushbu soliqlarni to‘lashining birinchi muddati kelishi (15 aprel) hisobiga ta’minlandi.

2020 yildan boshlab yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga muvofiq ikkita soliq to‘lash muddati (15 aprel va 15 oktyabr) joriy etildi, 2020 yilgacha bitta to‘lov muddati amal qilgan edi — 15 oktyabrgacha. O‘tgan yilning ikkinchi choragida ishbilarmonlik faolligining pasayishiga olib kelgan koronavirus pandemiyasi boshlanishi munosabati bilan, shuningdek aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lash muddati 2020 yil 15 oktyabrgacha uzaytirilgan edi.

Boshqa tushumlar va soliq bo‘lmagan to‘lovlar

Boshqa tushumlar hamda soliq bo‘lmagan to‘lovlar bo‘yicha tushumlar sezilarli darajada ko‘paydi va 9,8 trln so‘mni tashkil etdi (+35,6%). Ularning asosiy qismi davlat korxonalari (4,3 trln so‘m) tomonidan to‘lanadigan dividendlarga to‘g‘ri kelmoqda, qolgan daromadlar, xususan, quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • davlat daromadiga o‘tkazilgan tovar-moddiy qimmatliklar realizatsiyasidan tushumlar — 255,5 mlrd so‘m (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan solishtirganda 63,7 mlrd so‘mga oshgan);
  • avtotransport vositalariga utilizatsiya yig‘imi — 120,6 mlrd so‘m (ushbu yig‘im 2020 yil 1 avgustdan joriy qilingan);
  • avtotransport vositalari uchun «chiroyli» raqamlar kombinatsiyasi sotilishidan daromadlar — 117,7 mlrd so‘m (o‘sish 75,2 mlrd so‘m) ;
  • davlat aktivlarini xususiylashtirishdan daromadlar (byudjetga o‘tkaziladigan qismida) — 305,6 mlrd so‘m;
  • davlat boji — 843,3 mlrd so‘m, yig‘imlar — 909,5 mlrd so‘m va jarimalar — 481,7 mlrd so‘m.

«Gazeta.uz» Moliya vazirligi ma’lumotlariga tayangan holda ish haqidan soliq to‘laydigan o‘zbekistonliklar soni yil davomida qariyb 500 ming kishiga ko‘payib, 4,64 mln nafarga yetgani haqida yozgan edi. Ularning aksariyati haligacha 1 mln so‘mgacha miqdorda maosh olmoqda, biroq iqtisodiy faollik o‘sishi bilan 2 mln so‘m va undan yuqori miqdorda oylik oluvchilar soni o‘sib bormoqda.