Payshanba kuni ertalabdan boshlab Toshkentning markaziy ko‘chalarida vaqti-vaqti bilan transport harakati cheklanmoqda. Bu asosiy tadbirlari juma kuni bo‘lib o‘tadigan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiya bilan bog‘liq.

Forumning oliy martabali xorijiy mehmonlari orasida Afg‘oniston prezidenti, Pokiston bosh vaziri, Markaziy va Janubyi Osiyo va boshqa davlatlarning tashqi ishlar vazirlari va rasmiy vakillari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda moliyaviy institutlar rahbarlari mavjud.

Foto: Yevgeniy Sorochin/"Gazeta.uz".

Toshkent shahar IIBB bir necha kun oldin Tashkent City biznes markazi atrofidagi ko‘chalar avtotransport harakatlanishi uchun yopiq bo‘lishi haqida xabar bergan edi. Biroq hozirda vaqti-vaqti bilan katta tirbandliklar shaharning turli tumanlaridagi boshqa ko‘chalalarda ham kuzatilmoqda.

Shuningdek, shahar ustidan vertolyotlar aylanmoqda, bu shahar aholisi uchun noodatiy holat va vaziyatdan xabardor bo‘lmagan fuqarolarda savollar tug‘dirmoqda.


Foto: «Gazeta.uz».

«Toshshahartransxizmat» (TSHTX) kompaniyasning matbuot xizmati Tashkent City hududi atrofida avtobuslar harakatlanish yo‘nalishi o‘zgarishi haqida oldinroq tushuntirish bergan edi. Bu 53, 64, 65 va 141-sonli marshrutlarga tegishli. Lekin yo‘llar yopiqligi bois yo‘lovchilar shaharning boshqa qismlarida ham avtobuslarni uzoq vaqt kutishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Bu haqida ular ogohlantirilmagan edilar.


Manba: «Toshshahartransxizmat».

TSHTX matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, ushbu vaziyat vaqtincha davom etib, ko‘chalardagi harakatlanish maksimum 10 daqiqaga cheklanmoqda, shu sababli avtobuslarning (yuqorida keltirilganlaridan tashqari) yo‘nalishiga o‘zgartirishlar kiritilmagan.

Shuni ta’kidlash lozimki, Toshkent rasmiylari ma’lum yo‘llarning yopilishi haqida ogohlantirib borishsa ham, yuqorida keltirilgan kutilmagan yo‘llar yopilishini oldindan bashorat qilish qiyin. Avtobus haydovchilari «Gazeta.uz»ga yo‘ldagi vaziyat o‘zgarishi haqida ko‘pincha ma’lumotga ega bo‘lmasliklarini va yo‘nalishni o‘zgartirish bo‘yicha o‘zaro kelishib olishga majbur bo‘lishlari haqida aytib berishgan.

«Gazeta.uz» haydovchilarga navigator ilovalari bilan yo‘lni tekshirishni, jamoat transporti yo‘lovchilariga esa ular yo‘lda rejalaridan ko‘proq vaqt ketkazishlari mumkinligini inobatga olishlarini tavsiya etadi.