Yevropadagi toshqinlarda 48 ga yaqin kishi halok bo‘ldi

  • Germaniya. Kuchli va davom etayotgan yomg‘irlar natijasida sodir bo‘lgan toshqinlar Germaniyaning g‘arbiy qismini qamrab oldi. Reynland-Pfals va Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal shtatlari eng ko‘p zarar ko‘rdi. Mahalliy hokimiyat favqulodda holat e’lon qildi. Xususan, Germaniyada toshqinlar oqibatida 42 kishi halok bo‘ldi, 70 ga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan. Ta’kidlanishicha, Germaniyaning g‘arbiy qismidagi ko‘plab shaharlarda tahminan 200 ming kishi elektr ta’minotisiz qolgan. Mamlakat hukumati Shtaynbaxtalsperre to‘g‘onining o‘pirilishi mumkinligi sababli Shimoliy Reyn-Vestfaliyasining ikki tumani aholisini evakuatsiya qilishni boshladi.

Foto: EPA/Vostock-photo

Foto: EPA/Vostock-photo

Foto: Harald Tittel/Getty Images

Foto: Thomas Frey/Getty Images

  • Belgiya. Tabiiy ofatdan Belgiyaning Lej va Namyur provinsiyalari eng ko‘p zarar ko‘rdi: yo‘llar va binolarning pastki qavatlarini suv bosdi, mashinalarni suv oqimlari olib ketmoqda. Suv sathining ko‘tarilishi natijasida Vesdr daryosi qirg‘og‘idan toshib, Lejdagi Pepinster shahrini suv bosdi. Toshqinlar mamlakat poytaxtida ham sodir bo‘ldi, bir nechta avtomobil tunnellari yopildi. Xabar qilinishicha, olti kishi halok bo‘ldi.
  • Bunday fojia Gollandiya va Fransiyada ham kuzatilmoqda. Ushbu mamlakatlardan qurbonlar haqidagi ma’lumot hali xabar qilinmagan.

Kubada oziq-ovqat va dori-darmonlarni bojsiz olib kirishga ruxsat berildi

Mamlakatdagi tartibsizliklardan so‘ng, Kuba hukumati sayohatchilarga oziq-ovqat va dori-darmonlarni bojsiz olib kirishga vaqtincha ruxsat berdi, yangi tartib 19 iyuldan kuchga kiradi va yil oxirigacha davom etadi. — BBC News.

11 iyul kuni Kubada oziq-ovqat va dori-darmon tanqisligi, narxlarning oshishi va koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha hukumatning choralari yuzasidan minglab namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar Kubaga tashrif buyuruvchilarga oziq-ovqat va dori-darmonlarni bojxona to‘lovlarini to‘lamasdan olib kirishga ruxsat berilishini talab qilishdi.


Pandemiya sababli bolalar o‘rtasida muntazam emlashlar soni kamaydi — JSST va YUNISEF

Koronavirus pandemiyasi tufayli o‘tgan yili dunyo bo‘ylab qariyb 23 mln nafar bola muntazam emlashni o‘tkazib yubordi, bu esa qizamiq, poliomiyelit va boshqa oldini olish mumkin bo‘lgan kasalliklar tarqalishiga olib keldi. Bu haqda JSST va YUNICYeF tashkilotlari ma’lumot berdi. «COVID-19 pandemiyasi bolalar o‘rtasida vaksinatsiya darajasining jiddiy pasayishiga olib keldi, bu bizni o‘n yildan ko‘proq vaqt orqaga qaytardi», dedi JSST immunizatsiya bo‘limi boshlig‘i Keyt O’Brayen. YUNICYeFning emlash bo‘limi boshlig‘i Yefrem Lemangoning aytishicha, «nol dozada» bo‘lgan (bitta ham emlashni olmagan) bolalar sonining «xavotirli o‘sishi» kuzatilmoqda. O‘tgan yili ularning soni 2019 yildagi 13,6 mlndan 17,1 mlnga ko‘paygan.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, qizamiq besh yoshgacha bo‘lgan bolalarda o‘limga olib kelishi, poliomiyelit esa bolalarni butun umr nogiron qilishi mumkin. Bu, ayniqsa, sog‘liqni saqlash tizimlari zaif bo‘lgan Afrika va Osiyo mamlakatlariga taalluqli. Hindiston, Nigeriya va dunyoning boshqa sakkizta mamlakatida o‘tgan yili 22,7 mln bola emlanmagan yoki difteriya, qoqshol va ko‘kyo‘tal kabi kasalliklarga qarshi to‘liq emlanmay qolgan. JSST va YUNISEFning ta’kidlashicha, qizg‘in kasallik avj olgan joylar Afg‘oniston, Mali, Somali va Yamanda qayd etilgan. — YUNISEF.


So‘nggi ikki kun ichida 340 dan ortiq etnik qirg‘izlar Afg‘onistondan Tojikistonga qochib kelishdi

Qochqinlarning barchasi Afg‘onistonning Badaxshon viloyati, Vaxon tumanidagi Andemin qishlog‘ining aholisi. Ular Tojikiston hududining Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatiga keldilar. «Davlat chegarasini kesib o‘tayotganda ikki go‘dak vafot etdi. Tojikiston chegarachilari insonparvarlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyiliga amal qilgan holda afg‘on qochqinlariga Tojikiston Respublikasi hududiga kirishga ruxsat berishdi», deyiladi xabarda. Shuningdek, Afg‘oniston fuqarolaridan 3,5 kg dan ortiq giyohvand moddalar topilgani va musodara qilingani aytilmoqda. — Interfaks (Tojikiston chegara qo‘shinlari matbuot xizmati).


MDHda COVID-sertifikatlarining o‘zaro tan olinishi muhokama qilindi

MDH mamlakatlarida COVID-19'ga qarshi emlash to‘g‘risidagi sertifikatlarini o‘zaro tan olish masalasi 15 iyul kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilindi. Uchrashuv ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, «emlash sertifikatlarining o‘zaro tan olinishi COVID-19'ga qarshi emlangan fuqarolarning transchegaraviy harakatlanishini osonlashtiradi, sayyohlik oqimlarini tiklaydi va oilaviy va xizmat safarlarini davom ettiradi». Tomonlar ushbu masalani batafsil o‘rganishni davom ettirishga qaror qilishgan.

Belarus Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining manfaatdor vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etishdi. — MDH matbuot xizmati.


Shuningdek:

  • «Tolibon» harakati vakillari Kobulda bo‘lib o‘tgan konferensiyada Afg‘oniston hukumatiga uch oylik muddatga o‘t ochishni to‘xtatish taklifi bilan murojaat qildi. Buning evaziga ular ilgari qo‘lga olingan harakatning 7000 jangarilarini ozod etishni talab qilishgan. Keyinroq, «Tolibon» ushbu bayonotni rad etdi. «Bu bayonot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», deya TASS Tolibon vakili Zabihulloh Mujohidning so‘zlarini keltiradi.
  • Gaiti prezidentiga suiqasdda gumon qilinib hibsga olinganlarning soni 23 kishiga yetdi.