Islom dinida vaksina olishga taqiq yo‘qligi ma’lum qilindi. Bu haqda Xalqaro press-klubda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov aytib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, Islom dinining asosiy ta’limotlari 5 ta narsani asrashga, himoya qilishga qaratilgan. Shulardan eng muhimi, eng asosiysi bu inson hayotini saqlash.

“Shariat ahkomlariga qaraydigan bo‘lsak, dinimiz ko‘p narsalarni yo yengillashtirib beradi, yoki ba’zi holatlarda ayrim narsalardan voz kechishga chaqiradi. Hatto dinimizda xarom deyilgan narsalar insonning sog‘ligini saqlashda shundan boshqa chora qolmasa, o‘sha narsadan foydalanish yoki uni iste’mol qilishga ham ruxsat beradi”, — dedi Homidjon Ishmatbekov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ayni vaqtda vaksinalar chiqyaptimi, mutaxassislar bu borada ishlayaptimi, demak, bu ham Xudoning marhamati.

“Bizga savol ham keladi, vaksina ba’zi nojoiz narsalardan tayyorlanayotgan ekan, degan mazmunda. Aslida unday emas. Bo‘lgan taqdirda ham, bir narsa boshqa narsaga o‘tganda, u o‘zgaradi degan qoidalar bor. Bu dorimi, dorilik sharoitiga kelguncha u asli holatdan o‘zgarib ketadi. Shuning uchun bu narsalarga e’tibor berish kerak emas. Mutaxassis shuni davo deb tayinladimi, demak, bu halol tomonga o‘tdi degan xulosani beryapmiz”, — deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari.

Shuningdek, Homidjon Ishmatbekov O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Qurbon Hayitini 20 iyul kuni o‘tkazish bo‘yicha xulosa berganini ta’kidladi. “Shunga ko‘ra, yurtimizda Hayit bayramini o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda”, — deya qo‘shimcha qiladi u.

Eslatib o‘tamiz, Qurbon Hayitini nishonlash bo‘yicha yakuniy xulosa Prezident qaroriga ko‘ra ma’lum qilinadi.