Afg‘onistonda 18 mlndan ortiq kishi shoshilinch gumanitar yordamga muhtoj — OAV

Bu haqda The Khaama Press Afg‘oniston hukumati va BMTning ushbu davlatdagi missiyasining qo‘shma bayonotiga asoslanib xabar berdi. Mamlakat hukumati va BMT gumanitar inqirozning oldini olish uchun dunyo hamjamiyatini afg‘onlarga bunday yordam ko‘rsatishga chaqirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘onistonda besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning uchdan bir qismi jangovar harakatlar, qurg‘oqchilik va koronavirus pandemiyasi sharoitida ochlikdan aziyat chekmoqda. Shu bilan birga, mamlakatdagi gumanitar tashkilotlarning xodimlariga hujum va suiqasd uyushtirilmoqda. Afg‘oniston moliya vaziri vazifasini bajaruvchi Xolid Painda afg‘on hukumati gumanitar inqirozga qarshi kurashish uchun 250 mln dollardan ko‘proq mablag‘ ajratishni rejalashtirayotganini ta’kidlab, xalqaro yordamga chaqirdi.

Shuningdek:

  • Qozog‘iston TIV AQShdan afg‘on qochqinlarini o‘z hududiga vaqtincha joylashtirish to‘g‘risida murojaat kelib tushmaganini ma’lum qildi. Avvalroq AQSh O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistondan AQSh harbiy kuchlari bilan ishlagan va hozirda «Tolibon» qasosidan qo‘rqayotgan 9000 ga yaqin afg‘onistonliklarni vaqtincha qabul qilishni iltimos qilib murojaat qildi, deb yozgan edi Bloomberg.
  • Turkmaniston TIV Afg‘oniston bilan chegara hududiga harbiy texnikaning safarbar qilinishi haqidagi xabarlarni rad etdi. «Turkmaniston Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, uning tasarrufidagi barcha harbiy qismlar, ularning shaxsiy tarkibi va harbiy texnikasi doimiy joylashish joylarida qolmoqda va dasturga muvofiq rejalashtirilgan o‘quv tayyorgarlikdan o‘tmoqda», deya qo‘shimcha qildi vazirlik.
  • Afg‘onistonning Hayraton shahrida faoliyat ko‘rsatgan Rossiyaning Mozori Sharifdagi bosh konsulxonasi diplomatlari O‘zbekistonga olib kelindi.

Gaiti prezidentiga suiqasd uyushtirishda gumon qilinayotgan shaxs hibsga olindi

Gaiti politsiyasi boshlig‘i Leon Sharl prezident Jovenel Moizga suiqasd tashkilotchilari bilan aloqadorlikda gumon qilinayotgan shaxs hibsga olinganini e’lon qildi. Sharl hibsga olingan shaxsning ismi Kristian Emmanuel Sanon ekanligini aytib, boshqa tafsilotlarni keltirmagan. Ta’kidlanishicha, politsiyachilar Sanonning uyidan AQSh Giyohvandlarga qarshi kurashish idorasi logotipi tushirilgan bosh kiyim, 20 quti o‘q-dori, qurol qismlari, to‘rtta Dominikan Respublikasi davlat avtoraqamlari va noma’lum shaxslar bilan yozishmalar topdilar. Tergov ishlari davom etmoqda. Shuningdek, Gaiti Bosh politsiya inspeksiyasi tergov paytida marhum prezident qo‘riqchilariga mamlakatni tark etishni taqiqladi. Hozirgacha Kolumbiyaning 18 fuqarosi va asli gaitilik bo‘lgan ikki AQSh fuqarosi hibsga olingan.

7 iyul kuni bir guruh noma’lum shaxslar Gaiti prezidentining Port-o-Prensdagi qarorgohiga bostirib kirib, mamlakat rahbari va uning rafiqasi Martina Moizga qarata o‘q uzishdi. Moiz olgan jarohatlaridan vafot etdi, uning rafiqasi esa kasalxonaga yotqizildi. Mamlakat bosh vaziri v.b. Klod Jozef Martina Moiz sog‘lig‘ining yaxshilanishi to‘g‘risida xabar berdi.


Dunyo bo‘ylab namoyishlar

  • Tbilisida hukumatga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Bunga «TV Pirveli» telekanali operatori Aleksandr Lashkaravaning 5 iyul kuni LGBT muxoliflari tomonidan kaltaklanganidan keyin vafoti sabab bo‘ldi. Miting qatnashuvchilari hukumat iste’fosini talab qilishmoqda. «Biz rasmiylarga ertaga (12 iyul) soat 12:00 gacha vaqt berdik. Biz uchun yagona maqbul yechim shuki, bosh vazir Irakliy Garibashvili boshchiligidagi hukumat to‘liq iste’foga chiqishi kerak. Davlat xavfsizlik xizmati raxbari ham iste’foga chiqishi kerak. Agar talab bajarilmasi, ertaga soat oltida biz yana shu yerda yig‘ilamiz», — deya ogohlantirdi TV Pirveli" telekanali bosh direktori Nika Gvaramiya.

Foto: Darren Stewart / Getty Images

  • Janubiy Afrika Respublikasida mamlakat sobiq prezidenti Jeykob Zumaning qamoqqa olingani sababli norozilik namoyishlari boshlandi. Politsiya Zumani qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘chaga chiqqanlar orasida 60 dan ortiq odamni hibsga oldi. 10 iyul kuni kechqurun 300 ga yaqin namoyishchilar Yoxannesburgdagi asosiy avtomagistralda to‘siq o‘rnatdilar, jami 800 ga yaqin odam tartibsizliklarda ishtirok etdi. Bir nafar politsiya xodimi otib o‘ldirildi, ikki nafari yaralandi. Avvalroq JAR sobiq prezidenti sudga hurmatsizlik qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilingani haqida xabar bergan edik. Shunday qilib, Zuma mamlakatning yaqin tarixida qamoq jazosiga hukm qilingan birinchi sobiq davlat rahbari bo‘ldi.
  • Kubada minglab aholi hukumatga qarshi namoyish o‘tkazdi. Namoyishchilar aholini koronavirusga qarshi vaksinalar bilan ta’minlashni talab qildilar va elektr energiyasi hamda oziq-ovqat ta’minotidagi uzilishlardan noroziliklarini bildirdilar. Bu mamlakatdagi 30 yil ichidagi eng yirik namoyish bo‘ldi.

Misr parlamenti prezidentning mamlakatda favqulodda holatni uch oyga uzaytirish to‘g‘risidagi farmonini ma’qulladi

Farmon butun mamlakat bo‘ylab 24 iyul kuni mahalliy vaqt bilan 01:00dan kuchga kiradi. Prezidentning ko‘rsatmasiga binoan qurolli kuchlar va Ichki ishlar vazirligiga «terrorizm xavfiga qarshi kurashish, uni moliyalashtirish manbalarining yo‘lini to‘sish, butun respublika bo‘ylab xavfsizlikni ta’minlash, davlat va xususiy mulk, shuningdek, fuqarolarning hayotini himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rish» buyurilgan.

Misrda favqulodda choralar 2017 yil 25 aprelda Tanta va Iskandariya shaharlaridagi cherkovlarga qilingan terror hujumlaridan so‘ng joriy qilingan. Unda 120 dan ortiq kishi yaralangan bo‘lib, 45 kishi vafot etgan edi. — TASS.


Kaliforniyadagi o‘rmon yong‘inlari

AQShning Kaliforniya shtatida uzoq davr mobaynda saqlanib qolgan yuqori havo harorati va davom etayotgan qurg‘oqchilik keng tarqalgan o‘rmon yong‘inlariga sabab bo‘ldi. Amerika milliy bog‘i bo‘lgan «O‘lim vodiysi»da havo harorati 54 darajaga yetdi.

Foto: AR/TASS

Foto: AR/TASS

Foto: AR/TASS

Foto: AR/TASS


Shuningdek:

  • Virgin Galactic kompaniyasi asoschisi Richard Brenson VSS Unity raketoplanida koinotga parvozini muvaffaqiyatli amalga oshirib, kosmik turizm erasi boshlanganini e’lon qildi.
  • Fransiyada prezident saylovlarining birinchi bosqichi 2022 yil 10 yoki 17 aprel kunlari bo‘lib o‘tishi mumkin. Variantlardan biriga ko‘ra, prezident saylovlarining birinchi bosqichi 10 aprelda, ikkinchisi esa 24 aprelda bo‘lib o‘tishi kerak. Yana bir variantda birinchi tur 17 aprelda, ikkinchisi 1 mayda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
  • 11 iyul kuni Moldovada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida g‘olib chiqqan Harakat va birdamlik partiyasi ikki-ikki yarim hafta ichida respublikaning yangi hukumatini tuzadi.
  • Germaniya kansleri Angela Merkel 14−16 iyul kunlari AQShga tashrifi davomida Jons Xopkins universitetining faxriy doktorlik unvoniga ega bo‘ladi.
  • Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni yana olti oyga uzaytirdi.