Amerika Qo‘shma Shtatlarining Afg‘onistondagi harbiy missiyasi 31 avgust kuni yakunlanadi. Bu haqda AQSh prezidenti Jo Bayden 8 iyul kuni Oq uydagi chiqishida ma’lum qildi.

U Amerika harbiylarini Afg‘onistondan olib chiqish bo‘yicha o‘z qarorini himoya qilib, AQSh mamlakatga harbiy kontingent kiritishdan ko‘zlangan maqsadga erishganligini ta’kidladi: 2001 yil 11 sentyabr kuni Nyu-Yorkka hujum uyushtirgan «Al-Qoida» terroristik tashkilotining rahnamosini yo‘q qilish va kelajakda bunday hujumlarning oldini olish.

«Biz ushbu maqsladlarga erishdik, shuning uchun ham ketdik. Biz Afg‘onistonga millat qurish uchun kelmadik, o‘z kelajagini aniqlash va o‘z mamlakatini qanday boshqarish bo‘yicha qaror chiqarish faqat afg‘on xalqining huquqi va mas’uliyatidir», — dedi Jo Bayden.

Oq uy rahbari AQSh NATOdagi hamkorlari bilan birgalikda Afg‘onistonning mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha milliy kuchlarining deyarli 300 ming nafar harbiy xizmatchilarini o‘qitib, qurol-aslaha bilan ta’minlaganligini ta’kidladi. Shuningdek, g‘arb harbiy kontingenti so‘nggi 20 yilda yana 100 ming nafar harbiylarni tayyorlagan.

«Biz afg‘on hamkorlarimizni mashg‘ulot va qurollanish uchun barcha vositalar bilan ta’minladik. Ularga ilg‘or qurollarni taqdim etdik. Va ularni moliyalashtirishda va texnika yetkazishda davom etamiz. Ular o‘zining harbiy havo kuchlarini qo‘llab-quvvatlay olishlari uchun imkoniyat yaratamiz», — deya ta’kidladi AQSh prezidenti.

U AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va AQShning Afg‘onistonda tinchlikka erishish bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzoddan mojaroni muzokaralar yo‘li bilan hal qilishni qo‘llab-quvvatlash uchun Afg‘onistondagi tomonlar, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro manfaatdor tomonlar bilan «faol ishlashni» so‘raganligi haqida aytib berdi.

«Mintaqadagi mamlakatlar mojaroning tinch yo‘l bilan hal qilinishida muhim rol o‘ynashlari kerak. Biz ular bilan ishlaymiz va ular ham o‘z harakatlarini faollashtirishlari kerak», — deya qayd etdi Jo Bayden.

Amerika rahbari AQSh o‘z harbiylari bilan ishlagan afg‘on fuqarolari bo‘yicha mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olishini ta’kidladi. U ushbu afg‘on fuqarolarining AQShga kirishi uchun maxsus immigratsion vizalarni (SIV) rasmiylashtirish muddati qisqartirilganligini qo‘shimcha qildi. Bundan tashqari, iyul oyidan boshlab AQSh SIV vizasiga ariza topshirgan afg‘onistonliklar va ularning oilalarini xavfsizroq joyga ko‘chirish bo‘yicha reyslarni amalga oshirishni boshlaydi. Bayden ushbu afg‘onistonliklar aynan qaysi mamlakatlarga ko‘chirilishi haqida ma’lumot bermadi. Oldinroq Bloomberg AQSh O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston mamlakatlaridan Amerika harbiylari bilan ishlagan 9000 nafar afg‘onistonliklarni vaqtincha qabul qilishni so‘raganligi haqida xabar bergan edi.

Oq uy rahbari Afg‘oniston hududida AQSh qo‘shinlarining joylashuvini nima uchun cho‘zdirmaganligiga izoh berib, «yana bir yillik harbiy harakatlar — yechim emas, balki u yerda noma’lum muddatga qolish uchun vosita» deya ta’kidladi. U 2020 yil Doxada tinchlik shartnomasi imzolangandan keyin toliblar Amerika qo‘shinlariga yirik hujumlar uyushtirishni to‘xtatganligini, uning buzilishi hujumlar yana takrorlanishiga olib kelishini qo‘shimcha qildi.

«Men boshqacha natija bo‘lishini bilmasdan turib Afg‘onistonga amerikaliklarning yana bir avlodini urush uchun yubormayman. Amerika Qo‘shma Shtatlari 20 yil oldingi dunyoda tuzilgan siyosatga bog‘liq bo‘lib qola olmaydi», — dedi Jo Bayden.

O‘z navbatida, u AQShning mamlakatni va uning manfaatlarini «Afg‘onistondan chiqayotgan yoki kelayotgan har qanday yangi terroristik xavfdan» himoya qilish imkoniyatlari borligini ta’kidladi.

AQSh rahbari o‘z chiqishidan so‘ng jurnalistlarning Afg‘onistondagi vaziyatga oid savollariga javob berdi. «„Tolibonga“ ishonasizmi?» degan savolga Jo Bayden: «Yo‘q» deb javob berdi. Shuningdek, u «Tolibon» Afg‘onistonni bosib olishiga ishonmasligini, chunki 75 ming toliblarga qarshi afg‘on armiyasida 300 ming yaxshi ta’minlangan harbiylar borligini ta’kidladi.

«„Tolibonga“ ishonamanmi? Yo‘q. Lekin men yaxshiroq o‘rgatilgan, yaxshiroq qurollangan va urush olib borish nuqtayi nazaridan malakaliroq bo‘lgan afg‘on harbiy kuchlariga ishonaman», — deya javob berdi Oq uy rahbari.

Shuningdek, AQSh prezidenti afg‘on hukumati va rahbariyati o‘zini qulashining oldini olish uchun birlashishi kerakligini ta’kidladi. «Gap ularning birdamlikka kela olishida. Gap ularning imkoniyatida emas. Ularning imkoniyatlari bor. Kuchlari bor. Texnikasi bor», — dedi Jo Bayden.

«Afg‘onistonda tinchlik va xavfsizlikka erishishning yagona yo‘li — bu „Tolibon“ bilan modus vivendi`ni (hayot tarzi — tahr.) aniqlash va qanday qilib tinchlik o‘rnatish bo‘yicha xulosaga kelish», — dedi Bayden. U Afg‘onistonda butun mamlakatni boshqaradigan yagon hukumat bo‘lishining imkoniyati juda kichkina ekanligini qo‘shimcha qildi.

Oq uy rahbari «Afg‘oniston xalqi qanday hukumatni xohlashini o‘zi hal qilishi kerak, biz ularga qaysi hukumatni tanlashni ko‘rsatmasligimiz kerak», deb qaytardi.

«Hech qaysi davlat Afg‘onistonni birlashtira olmagan, hech qaysi davlat. Imperiyalar u yerga kelib bu ishni uddalamagan», — dedi Jo Bayden, mamlakatning 19-asrda Britaniya imperiyasi tomonidan okkupatsiya qilingani va 1979−1989 yillarda Sovet ittifoqining harakatlarini nazarda tutib.