Rossiyaning Kamchatka o‘lkasida yo‘lovchi samolyoti qulab tushdi

6 iyul kuni An-26 yo‘lovchi samolyoti Kamchatka o‘lkasida qulab tushdi. Samolyot Petropavlovsk-Kamchatskiy — Palana qishlog‘i yo‘nalishi bo‘yicha parvozni amalga oshirayotgan paytida aloqaga chiqmay qo‘yib, radarlardan g‘oyib bo‘ldi. Havo kemasi tegishli kompaniyada 1982 yildagi An-26 samolyoti yaxshi holatda bo‘lganligi ta’kidlandi. Kema bortida 28 kishi bo‘lgan: olti nafar ekipaj a’zosi va 22 nafar yo‘lovchi, shu jumladan ikki nafar bola. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari halok bo‘lgan.

An-26 samolyotining parchalari Palana qishlog‘idan 3,8 kilometr uzoqlikda topildi. Aytilishicha, fyuzelyajning bir qismi Pyatibratka tepaligi yonida, ikkinchisi dengizda topilgan.

Noqulay ob-havo sharoiti, texnik nosozlik yoki uchuvchilar tomonidan qo‘yilgan xato halokatning asosiy versiyalari sifatida ko‘rib chiqilmoqda. — Meduza.


Tojikiston Afg‘oniston bilan chegaralarni himoya qilish uchun 20 ming askarni safarbar qiladi

Tojikiston Mudofaa vazirligi Afg‘onistonning shimoliy viloyatlaridagi vaziyatning keskinlashuvi munosabati bilan tojik-afg‘on chegarasida xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida 20 ming askarni safarbar qiladi. Bunday buyruq Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon tomonidan Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida berildi. Tojikiston rahbari davlat chegarasida transmilliy jinoyatchilik, terrorizm, ekstremizm va giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq qonunbuzarliklarning oldini olishga ham alohida e’tibor qaratdi. — Tojikiston Respublikasi prezidentining matbuot xizmati.

Avvalroq Tojikiston qo‘shni davlat hududiga chekingan Afg‘oniston hukumat qo‘shinlarining 1000 dan ortiq harbiy xizmatchilarini qabul qilgani haqida yozgan edik.


Belarus prezidenti Germaniyadan yuk tashish tranzitini cheklashni buyurdi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko hukumatga Yevropa Ittifoqining sanksiyalariga javoban Germaniyadan Rossiya va Xitoyga yuk tashish tranzitlarni cheklashni buyurdi. «Biz bilamizki, AQSh, Germaniya va boshqa mamlakatlarda, xususan Yevropada, bizning korxonalarimiz uchun butlovchi qismlarni yetkazib berishga kim qarshi bo‘lgan. Biz ularni bilamiz. Bizning tajribamiz bor. Skoda, Nivea va boshqalarni eslaysizmi? Biz ularga (kompaniyalarga — tahr.): do‘stlar, rahmat, xayr. Birinchidan, Belarus bozoriga qadam bosma, ikkinchidan, Belarus orqali ham qadam bosma. Nemislar bilan aynan shu narsani qilish kerak. Ular o‘z mahsulotlarini Finlyandiya orqali Xitoy va Rossiyaga yetkazib berishsin. Yoki Ukraina orqali, ularning yaxshi yo‘llari bor», — dedi Lukashenko hukumat bilan uchrashuvda. Belarus rahbari, shuningdek, hukumatga va Milliy bankka mamlakatda faoliyat yuritayotgan G‘arb kompaniyalari ortidan kuzatib yurishni buyurdi. — BelTA.

Iyun oyi oxirida Yevropa Ittifoqi Belarusga qarshi to‘rtinchi sanksiyalar to‘plamini, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotining yettita tarmog‘iga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni joriy etgan edi.


Tokiodagi Olimpiadaning ochilish marosimida faqat VIP-mehmonlar qatnasha oladi

Yaponiya hukumati ochilish marosimiga faqat yuqori lavozimli amaldorlarni, shu jumladan yuqori martabali xorijiy mehmonlarni, o‘yinlar homiylari va diplomatlarni qabul qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Ochilish marosimida VIP-mehmonlar soni oldindan taxmin qilinganidek 10 ming kishidan kam bo‘ladi. Bundan tashqari, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida soat 21.00 dan keyin tadbirlar tomoshabinlarsiz o‘tkaziladi, qolgan vaqtlarda Olimpiya sport maydonlari 50 foizgacha tomoshabin bilan to‘ldiriladi. 8 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda Olimpiada bilan bog‘liq barcha tashkiliy masalalar muhokama qilinadi. Ularda Tokio gubernatori va XOQ prezidenti Tomas Bax ishtirok etadi. Olimpiadaning ochilish marosimi 23 iyulga rejalashtirilgan. — Interfaks.


AQShda dam olish kunlaridagi otishmalar paytida 150 kishi halok bo‘ldi

AQShda Mustaqillik kuni (4 iyul) munosabati bilan 2−4 iyul kunlari ta’til berilgan. Ushbu dam olish kunlarida 400 dan ortiq otishma qayd etilib, ularda kamida 150 kishi halok bo‘lgan. Nyu-Yorkda 2−4 iyul kunlari 21 ta qurolli mojaro qayd etilgan bo‘lib, otishma qurbonlari soni 26 kishini tashkil etdi. Illinoys shtatining Chikago shahrida, shahar politsiya boshqarmasi bosh komissarining so‘zlariga ko‘ra, dam olish kunlari «yilning eng qiyin davri» bo‘ldi — 83 ta tan jarohati (o‘q otish sabali), ulardan 14 tasi o‘limga olib keldi. Ularning orasida besh va olti yoshli ikki qiz ham bor. So‘nggi bir yarim yil ichida Amerikaning aksariyat shaharlarida zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar, qurolli mojarolar ko‘paygani aytilmoqda. — TASS.


Skandinaviya va Finlyandiyada rekord darajadagi ob-havo qayd etildi

Finlyandiya, Norvegiya va Shvetsiyada meteorologlar so‘nggi kunlarda rekord darajadagi yuqori haroratni qayd etishdi. O‘tgan hafta oxirida Laplandiyadagi Finlyandiyaning Kevo qo‘riqxonasida havo harorati 33,5 darajani tashkil etdi, bu 1914 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Norvegiyadagi Arktika doirasi yaqinidagi Saltdal kommunasida havo harorati 34 darajagacha ko‘tarildi. Bu mamlakatda qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdan atigi 1,6 darajaga past. — Interfaks.

Bundan avval Kanadada ham rekord darajadagi issiqlik qayd etilgan edi.


Shuningdek:

  • COVID-19 pandemiyasi tufayli Angliyada joriy etilgan barcha cheklovlar 19 iyuldan butunlay bekor qilinishi rejalashtirilmoqda. «Biz qonuniy cheklovlardan voz kechamiz va odamlarga virus bilan qanday kurashish to‘g‘risida o‘zlari asosli qarorlar qabul qilishlariga imkon beramiz» — dedi Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson. Sentyabrga qadar mamlakatning barcha voyaga yetgan fuqarolari ikki dozali vaksinalar bilan to‘liq emlanishi ko‘zda tutilgan.