Hukumatning 29 iyundagi [401-son] qarori bilan Jizzax shahrida Sambhram universiteti tashkil etildi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Bu boradagi kelishuvning shu yilning 16 fevralida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegatsiyaning Hindistonga tashrifi doirasida erishilgan. Memorandumni Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev hamda Sambhram Group rag‘bari Nagraj Ventakesh tomonidan imzolagan.

Sambhram texnologiya universiteti Sambhram Group`ga tegishli nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi. Kompaniya ta’lim sohasida 30 yillik tajribaga ega bo‘lib, dunyo bo‘yicha o‘zining 7 ta xalqaro kampusiga ega.

Universitetning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlaridan biri — axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlashdan iborat.

Jizzaxda tashkil etilgan ta’lim dargohida o‘qitish kunduzgi ta’lim shaklida ingliz, rus tillari va davlat tilida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlari universitet tomonidan belgilanadi.

Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston va Hindistonda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan diplom beriladi.

Qarorga ko‘ra, Universitetga har yili qabul qilinadigan talabalarning 20 foizini o‘qitish uchun imtiyozli ta’lim grantlari ajratiladi. Bunda talabalarning 5 foizini — bepul o‘qitish, 5 foiziga — 50 foizli, 10 foiziga — 25 foizli to‘lov-kontrakt miqdorini to‘lab berish bo‘yicha imtiyozlar taqdim etiladi.

Sambhram Group kompaniyasi (Hindiston) quyidagi majburiyatlarni oladi:

  • to‘rt yil davomida jami uch million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish;
  • Universitetga har yili qabul qilinadigan talabalarning 20 foizini o‘qitish uchun imtiyozli ta’lim grantlari ajratish, bunda talabalarning 5 foizini bepul o‘qitish, 5 foiziga 50 foizli, 10 foiziga 25 foizli to‘lov-kontrakt miqdorini to‘lab berish bo‘yicha imtiyozlar taqdim etish;
  • Universitetga 60 foizdan kam bo‘lmagan malakali xorijiy professor-o‘qituvchilarni jalb qilish;
  • har yili Universitet bitiruvchilarining 25 foizidan kam bo‘lmagan qismini tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha ishga joylashtirishga ko‘maklashish va h.k.