O‘tgan hafta koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi 28 iyundan boshlab O‘zbekistonda karantin choralarini kuchaytirish bo‘yicha qaror qabul qildi. Cheklovlar bundan oldin ham mavjud edi, ammo ularga to‘laqonli rioya qilinmas edi. «Gazeta.uz» hukumat tomonidan qabul qilinayotgan qaror va choralar ba’zida bir-biriga zid ekanligiga, ayrim cheklovlarga rioya qilishning esa umuman iloji yo‘qligiga e’tibor qaratadi.

So‘nggi oylarda butun mamlakat bo‘ylab ommaviy tadbirlar o‘tkazildi, ular navbatdagi cheklovlar e’lon qilinganidan keyin ham to‘xtamadi (bu tadbirlarning oldindan rejalashtirilganligiga bog‘liq bo‘lishi mumkin). 29 iyun kuni O‘zbekiston Yoshlar kuni arafasida Toshkent Botanika bog‘ida «Uchinchi renessans bunyodkorlari» shiori ostida Yoshlar va talabalar forumi boshlandi.


Foto: Tadbir tashkilotchilari.

Tashkilotchilar press-relizida forum minglab ishtirokchilarni yig‘ishi, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklov choralari hisobga olinishi haqida aytiladi. Turli hududlardan kelgan ishtirokchilardan masofani saqlash, karantin normalariga rioya qilish so‘ralmoqda, forumning o‘zi esa ochiq havoda o‘tkazilmoqda.

Tadbir suratlariga qaralsa, ko‘plab ishtirokchilar niqob taqmay yurganligini, ijtimoiy masofaga esa rioya qilinmayotganligini ko‘rish mumkin. 30 iyun kuni forumda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etishi kutilmoqda.


Foto: Tadbir tashkilotchilari.

Shu kunlarda Toshkent bog‘larida Yoshlar kuniga bag‘ishlangan festivallar bo‘lib o‘tmoqda. Ularni bekor qilish yoki ishtirokchilari sonini chegaralash bo‘yicha rejalar haqida hech narsa ma’lum emas.

28 iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri oldida «Tahsin» mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda yuzlab odamlar qatnashdi. Stullarni ijtimoiy masofaga rioya qilgan holda qo‘yib chiqilganligiga qaramasdan odamlarning bir joyga to‘planishining oldi olib bo‘lmadi. Ko‘plab ishtirokchilar niqobsiz edilar.


«O‘zbekiston 24» reportajidan lavha.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati matbuot kotibi Muxammadjon Bozorov «Gazeta.uz»ga marosimga tashrif buyurgan barcha ishtirokchilar PZR-testi topshirganligini ta’kidladi. Ammo tadbirda qatnashgan «Gazeta.uz» muxbiridan test topshirish so‘ralmagan edi.

Dushanbadan boshlab mamlakatdagi barcha ko‘ngilochar obyektlar (umumiy ovqatlanish punktlari, diskotekalar, bilyard va kompyuter zallari va boshqalar) soat 8:00 dan 20:00 gacha ishlashi kerak. Tashrif buyuruvchilar soni ushbu muassasalarning umumiy sig‘imining 50 foizidan qat’iy oshmasligi kerak. Seshanbadan boshlab Qashqadaryo viloyatida hokim taklifiga ko‘ra, issiq iqlimni hisobga olgan holda umumiy ovqatlanish obyektlariga soat 22:00 gacha ishlashga ruxsat berildi.

«Cheklovlar restoranlarga taalluqli (u yerda stollar orasidagi masofani kengaytirish mumkin), lekin hech qanday masofalanish bo‘lmagan jamoat transportlari, bozorlar va boshqalarga tegishli emas, — deya ushbu holat bo‘yicha izoh berdi restorator Sanjar Maqsudov Kapital.uz nashriga. — Virus mutatsiya qilib 23:00 dan keyin emas, 20:00 dan keyinoq xavfli bo‘lganligini tushundik. Qayerdandir virus soat kechki 20:00 gacha transportda xavfsiz bo‘lib, uyquda bo‘lishi ma’lum bo‘lib qoldi».

22 iyun kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi Maxsus komissiya qaroriga binoan niqobsiz fuqarolar jamoat transportiga qo‘yilmasligi haqida xabar berdi.

«Gazeta.uz» Toshkentda niqob rejimiga yo‘lovchilarning faqat bir qismi rioya qilayotganligiga e’tibor qaratdi. Aksariyat odamlar niqoblarni iyagiga tushirib oladi yoki ularni umuman taqmaydi. Avtobus haydovchilari va konduktorlari, hamda metropolitendagi nazoratchilar va IIO xodimlari shamol tegirmonlari bilan kurashmayapti.

Jamoat transportida ijtimoiy masofani saqlashning iloji yo‘q, ayniqsa tig‘iz paytda. Oxirgi yilda yo‘lovchi tashuvchi tarkib sonini oshira olishmadi, bu esa infeksiyaning tarqalishi xavfini kamaytirishi mumkin edi. Asosiy harakatlanish transporti Damas bo‘lgan hududlarda esa ijtimoiy masofani saqlash masalasini ko‘tarish hattoki noqulay.

Bozorlar va supermarketlarda karantin talablari inkor qilinmoqda. Odamlar ko‘pincha qo‘riqlash xizmati vakillari yonidan o‘tgandan so‘ng niqoblarni yechishadi.

Jamoat transportlarida va ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda karantin talablariga rioya qilish hamda cheklovlar orasidagi ziddiyatlar bo‘yicha «Gazeta.uz»ning savoliga javoban Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati matbuot kotibi Muhammadjon Bozorov idora karantin choralarini haqiqatdan kuchaytirish bo‘yicha tashabbus bilan chiqqanligini, biroq bu haqidagi qarorni Maxsus komissiya qabul qilishini ta’kidladi.

Komissiyaning qarorlaridagi yana bir ziddiyat — 12 iyulgacha Toshkent shahriga avtotransportlarda kirishga cheklov qo‘yilishi. Poytaxt «qizil» zonaga kiritilgan va respublika bo‘yicha ushbu maqomga ega yagona hudud. Shu vaqtning o‘zida, Toshkent «propiskasiga» ega aholi viloyatlarga chiqishi mumkin.

Maxsus komissiyaning o‘zi hozirgacha barcha qarorlari e’lon qilinadigan va xronogolik tartibda saqlanadigan rasmiy sayt ochgani yo‘q. Komissiyaning qarorlari turli idoralar tomonidan va turli manbalarda, shu jumladan Telegram messenjerida e’lon qilinadi.

«Gazeta.uz» ushbu ko‘tarilgan savollar bo‘yicha Maxsus komissiya va boshqa idoralarning izohlarini e’lon qilishdan mamnun bo‘ladi.