So‘nggi kun ichida O‘zbekistonda 427 ta yangi kasallanish holati qayd etilgan bo‘lib, 20 iyun holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 106 452 nafarni tashkil etmoqda.

Shuningdek, so‘nggi bir kun ichida 471 nafar bemor kasallikdan sog‘aygan bo‘lib, O‘zbekiston bo‘yicha jami tuzalganlar soni 102 163 nafarga yetdi. Buning natijasida, mamlakatda sog‘ayish ko‘rsatkichi 96 foizni tashkil etmoqda.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida 3571 nafar bemor davolanmoqda.

Zangiota tumanida joylashgan 2-yuqumli kasalliklar shifoxonasida 5 ta reanimatsiya bo‘limi mavjud, deya xabar bermoqda «O‘zbekiston 24» telekanali.

Reanimatsiya bo‘limi mudiri Axtam Qoryog‘diyevning ta’kidlashicha, bo‘limda 36 ta o‘rin bor. Shundan hozirgi kunda 34 tasi band. «Bu o‘ta og‘ir bemorlar ko‘payayotganidan dalolat beradi. Hozirgi kunda 2 ta o‘rinni zaxira sifatida ushlab turibmiz», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Shifoxona direktori Doniyor Mirazimovning ma’lum qilishicha, oxirgi 3−4 kunda murojaatlar soni 2 barobar ko‘paygan. Shuningdek, shifoxonaga yotqizilayotgan bemorlar bir yarim barobarga ko‘paygan. «Reanimatsiyaga yotqiziladigan bemorlardan asosiy qismi 65 yoshdan yuqori va surunkali kasalliklari bor bemorlar. O‘sha 65 yoshdan yuqori va surunkali kasalligi bor insonlarda vaksinatsiya olish imkoni bor edi. Lekin ular har xil sabablarga ko‘ra rad etishgan», — deydi Mirazimov.