15 iyun kuni Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida mahalliy tadbirkorga tegishli qo‘ylar podasi tuman hokimligi binosi tomonga haydalgani haqida xabar berilgan edi.

18 iyun kuni hokimlik binosiga qo‘ylarni yetalab kelgan fuqaroga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Namangan viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ayblanuvchi MJtKning 54-moddasi 1-qismi (Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish), 104-moddasi 1-qismi (Chorva mollar yoki parrandalarning xo‘jalik ekinzorlarini payhon qilishi, qishloq xo‘jalik ekinlarining dalada to‘plab qo‘yilgan hosiliga zarar yetkazishi yoki uni yo‘q qilib yuborishi, ko‘chatlarga shikast yetkazishi), 161-moddasi (Shaharlarni va boshqa aholi punktlarini obodonlashtirish qoidalarini buzish), 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasining 1-qismida (O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablarini bajarmaslik) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topildi.

Unga MJtKning 54 moddasi 1-qismi bilan ya’ni bazaviy hisoblashning 5 baravari miqdoridagi (1 mln 225 ming so‘m) jarima jazosi, MJtKning 104-moddasining 1-qismi va 161-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari (735 ming so‘m) miqdoridagi jarima jazosi, MJtKning 183-moddasi bilan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Shuningdek, unga nisbatan MJtKning 194-moddasining 1-qismi bilan bazaviy hisoblashning 1 baravari (225 ming so‘m) miqdoridagi jarima jazosi tayinlandi.