Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hamda To‘dako‘l ko‘lida rekreatsion ko‘llar hududi barpo etiladi. Bu haqda hukumatning 14 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida suvda dam olish va plyaj turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida aytilmoqda, deya xabar bermoqda Huquqiy-axborot Telegram-kanali.

Qarorga ko‘ra, Jizzax va Navoiy viloyatlarining turistik salohiyatini rivojlantirish maqsadida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hamda To‘dako‘l ko‘lida rekreatsion ko‘llar hududi tashkil etiladi.

Ma’lumotga ko‘ra, mazkur rekreatsion ko‘llar hududida 2021−2025 yillarda turizmni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

Rekreatsion ko‘llar hududiga kiruvchi yer uchastkalarini tadbirkorlarga berish, ularda qurilish va barpo etish loyihalarini amalga oshirish Turizm va sport vazirligi bilan majburiy tartibda kelishiladi.

Xabarga ko‘ra, rekreatsion ko‘llar hududiga kirish nuqtasida axborot markazi va zamonaviy avtoturargoh tashkil etiladi. Shuningdek, tashrif buyuruvchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida hududda qutqatuv brigadasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Qaror bilan tasdiqlangan konsepsiyani amalga oshirish orqali har biri 5 yillik davrni o‘z ichiga olgan 3 bosqichli quyidagi natijalarga erishiladi:

  • birinchi bosqichda, jami 204 o‘rinli 6 ta joylashtirish vositasi, shuningdek, hududda ekoturistik obyektlar, ovchilik va suvda dam olish hududlari tashkil etiladi;
  • ikkinchi bosqichda, Aydarko‘l atrofidagi 33 ming gektar hududda yangi turistik hududlar, joylashtirish vositasi, sog‘lomlashtirish maskanlari, sport tadbirlari o‘tkaziladigan maydonlar barpo etiladi;
  • uchinchi bosqichda, 300 o‘rinli joylashtirish vositalari va sport tadbirlari o‘tkaziladigan maydonlar tashkil etiladi, 1 200 o‘ringa mo‘ljallangan avtoturargoh hamda savdo hududi quriladi.

Rekreatsion ko‘llar hududi va unga olib boruvchi 271 km yo‘llar ta’mirlanib, qurilish ishlari amalga oshiriladi, deyiladi xabarda.