15 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Toshkent viloyatining ma’muriy-hududiy birliklari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga palata matbuot xizmati ma’lum qildi.

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, bu anklav hududlarni tugatish hamda mahalliy davlat hokimliklari organlari tomonidan hudud boshqaruvini yanada soddalashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Deputatlar hududlarga o‘zgartish kiritish viloyat shaharlari va tumanlari chegarasidagi muammoli masalalarni yechish, aholi turmush darajasi sifatini oshirish, ijtimoiy infratuzilmalar hamda yo‘l xo‘jaligini tubdan yaxshilash imkonini beradi, degan fikrda.

Qaror bilan viloyatning 17359,1 gektar maydonlari bir xududdan boshqa xudud tarkibiga o‘tkazilmoqda, 40 mingdan ortiq yerdan foydalanuvchilar, 101 qishloq xo‘jaligi korxonalari, 38400 turar joylar va 1600 noturar joylarning tasarruf etilish xududlari o‘zgarmoqda, deyiladi xabarda.

Xududlarni o‘zgartirish sabablari:

  • Chirchiq shahriga Qibray hamda Bo‘stonliq tumanlaridan qo‘shib berilayotgan yer maydonlarida joylashgan ko‘p qavatli, yakka tartibdagi uy-joylar, dala hovlilar hamda noturar va ijtimoiy soha obyektlari Chirchiq shahar kommunal hamda ijtimoiy xizmatlaridan foydalanib kelmoqda. Shu sababli, ushbu shahar tarkibiga o‘tkazilmoqda;
  • Yana bir misol, Bekobod tumanida joylashgan Istiqbol mahallasida yashovchi aholi farzandlari Bekobod shahar Yangi hayot mahallasida joylashgan maktabda ta’lim olmoqda. Davolanish uchun shaharda joylashgan markaziy shifoxonadan foydalanishadi, shuningdek, barcha kommunal yo‘nalishdagi xizmatlarni shahar tashkilotlari ko‘rsatadi. Shu tufayli ham tumanning mazkur hududi shaharga qo‘shib berilishi taklif etildi;
  • Angren shahrining «Nurobod» qo‘rg‘oni hududini esa Ohangaron tumaniga o‘tkazish va shu yerning o‘zida hudud markazini tashkil etish belgilanyapti.

Qaror bilan hududlar tarkibiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar quyidagicha:

  • Bo‘ka tumanidan 8,2 gektar (shundan 6,2 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Oqqo‘rg‘on tumani tarkibiga;
  • Angren shahridan 143,6 gektar, O‘rta Chirchiq tumanidan 3278,9 gektar (shundan 3036,5 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) Ohangaron tumani tarkibiga;
  • Ohangaron tumanidan 2931,8 gektar (shundan 1819,7 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Angren shahri tarkibiga;
  • Angren shahridan 1094,0 gektar (shundan 260,0 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari), Bo‘stonliq tumanidan 312,2 gektar (shundan 292,7 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Parkent tumani tarkibiga;
  • Parkent tumanidan 493,3 gektar (shundan 433,4 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Bo‘stonliq tumani tarkibiga;
  • Bekobod tumanidan 588,6 gektar (shundan 464,9 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Bekobod shahri tarkibiga;
  • Bo‘stonliq tumanidan 256,7 gektar yer maydoni Chirchiq shahri tarkibiga;
  • Zangiota tumanidan 8,9 gektar (shundan 5,7 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Yangiyo‘l tumani tarkibiga;
  • Yangiyo‘l tumanidan 286,9 gektar (shundan 16,75 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Zangiota tumani tarkibiga va 388,0 gektar (shundan 44,0 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Yangiyo‘l shahri tarkibiga;
  • Yuqori Chirchiq tumanidan 60,1 gektar yer maydoni Qibray tumani tarkibiga;
  • Qibray tumanidan 1884,9 gektar (shundan 864,9 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Yuqori Chirchiq tumani tarkibiga, 62,0 gektar yer maydoni Bo‘stonliq tumani tarkibiga, 1584,0 gektar yer maydoni (shundan 106,5 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) Chirchiq shahri tarkibiga;
  • Piskent tumanidan 286,75 gektar (shundan 223,4 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Bo‘ka tumani tarkibiga, 3564,6 gektar (shundan
    2407,3 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Olmaliq shahri tarkibiga;
  • Olmaliq shahridan 102,5 gektar (shundan 91,8 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Piskent tumani tarkibiga;
  • Ohangaron tumanidan 23,1 gektar (shundan 11,0 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Olmaliq shahri tarkibiga o‘tkazilmoqda.

Majlisda deputatlar mazkur masalani ma’qullab, Qonunchilik palatasining qarorini qabul qilishdi. Shunga ko‘ra, qaror Senatga yuborildi.