Prezident «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida» gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

O‘zgartirishga ko‘ra:

  • 2005 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekistonda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan hamda muqaddam chet davlat fuqaroligida bo‘lmagan shaxs xohish bildirgan taqdirda;
  • O‘zbekistonda kamida 15 yil doimiy istiqomat qilgan va shu davr mobaynida chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan shaxslar;
  • ota-onasidan biri (yolg‘iz otasi yoki onasi) O‘zbekiston fuqarosi deb tan olingan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan va O‘zbekistonda yashab kelayotgan bola xohish bildirgan taqdirda O‘zbekiston fuqarosi deb tan olinadi.

Qonunga ko‘ra, endilikda O‘zbekiston fuqarosi deb tan olish uchun faktlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, ariza beruvchi ushbu faktlarni sud tartibida aniqlashi mumkin.

Shuningdek, qonunga «identifikatsiyalovchi ID-kartasi» tushunchasi ham kiritildi.

O‘zbekiston fuqaroligini qabul qilgan shaxslarga:

  • ichki ishlar organi tomonidan — O‘zbekiston fuqarosining identifikatsiya kartasi (ID-karta) yoki O‘zbekiston fuqaroligi mavjudligini tasdiqlovchi boshqa hujjat;
  • konsullik muassasasi tomonidan — chet elga chiqish uchun O‘zbekiston fuqarosining biometrik pasporti yoki O‘zbekiston fuqaroligini tasdiqlovchi boshqa hujjat beriladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston hududida tug‘ilgan va yashab kelayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston fuqaroligini olish maqsadida iltimosnoma bilan murojaat qilgan kunga qadar 5 yil davomida (fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga yashash guvohnomasi olingan kundan e’tiboran) uzluksiz yashash sharti bekor qilinishi belgilandi.

Mazkur qonun matbuotda e’lon qilingan kundan e’tiboran, 15 iyundan kuchga kiradi.

Prezident 2020 yilni dekabr oyida parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida O‘zbekiston fuqaroligini olish osonlashtirilishini e’lon qilgan edi. Davlat rahbari bu o‘zgarish bilan yana 20 ming kishi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’kidlagandi.