O‘zbekiston va Qatar Hukumatlari o‘rtasida «Havo qatnovi to‘g‘risida"gi bitim imzolandi. Unga ko‘ra, «Doha-Toshkent-Doha» yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri avia qatnovlarni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur hujjatga 9 iyun kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Kamilov va Qatar davlati bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon bin Josim Ol Soniy o‘rtasidagi muzokaralar yakunida imzo chekilgan.

Dunyo axborot agentligining ma’lum qilishicha, bitim havo qatnovini tashkil etish, aviakorxonalarni tayinlash, ularga parvozlarni amalga oshirish huquqini berish, belgilanadigan manzillarni aniqlash, sertifikat va litsenziyalarni tan olish, ikki davlatda tayinlangan aviakorxonalarning vakolatxonalari faoliyatini tartibga solish kabi masalalarni nazarda tutadi.

Kelishuvdan shuningdek, O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi havo qatnovlarini rivojlantirish maqsadida aviatashkilotlarga doimiy qatnovlarni amalga oshirishni ta’minlovchi va bojxona yig‘imlari, soliq va boshqa to‘lovlardan ozod etuvchi imtiyozlar o‘zaro asosda taqdim etilishi o‘rin olgan.

Hujjat ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga ijobiy turtki beradi, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish uchun yangi istiqbollarni ochadi va o‘zaro manfaatli aviatashuvlar bozorini shakllantirishga ko‘maklashadi.

Bundan tashqari, vazirlar uchrashuvda Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini ilgari surish, uning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini qayta tiklash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarini davom ettirishga tayyorligini bildirgan.