Prezident Shavkat Mirziyoyev seshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida oziq-ovqat narxini barqarorlashtirish hamda chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirish chora-tadbirlariga ham to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.


Davlat statistika qo‘mitasi маълумотларига ko‘ra, yil boshidan may oyiga qadar inflyatsiya darajasi 4,6 foizni tashkil etgan. Go‘sht narxi 3,3 foizga, suyakli mol go‘shti — 2,6 foizga, qo‘y go‘shti — 2,4 foizga, toquv go‘shti — 3 foiz atrofida, sut narxi esa — 5,2 foizga oshgan.

«Narxlarning oshishi, avvalambor, ko‘p bolali, 3 ta daftarga kirgan ehtiyojmand oilalarga salbiy ta’sir qiladi. Lekin, bozordagi narx-navoni barqaror ushlab turish, bu — tadbirkorlarni majburlash, ularga mahsulotini past narxlarda sottirish, degani emas», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, birinchi galda, tadbirkorlarga bozorda taklifni ko‘paytirish uchun sharoit yaratib berish kerak.

Shuningdek, chorvachilikning qisqa muddatlarda yuqori natija beradigan yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratish lozim.

Yil yakuniga qadar parranda go‘shti yetishtirishni 450 ming tonnaga (o‘tgan yili 247 ming tonna bo‘lgan) yetkazish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bunda hududlar rahbarlariga tovuq go‘shtini yetishtirish bo‘yicha vazifa yuklatildi:

  • Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov — 120 ming tonna;
  • Toshkent viloyati hokimi Davron Xidoyatov — 100 ming tonna;
  • Farg‘ona viloyati hokimi Hayrullo Bozorov — 44 ming tonna;
  • Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abduraxmonov — 35 ming tonna;
  • Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzaqov — 30 ming tonna;
  • Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev — 28 ming tonna;
  • Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev — 18 ming tonna;
  • Jo‘qorg‘i Kenges raisi Murat Kamalov va Qoraqalpog‘iston Vazirlar Mahkamasi raisi Kaxraman Sariyev, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov — 17 ming tonnadan;
  • Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev va Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov — 12 ming tonnadan;
  • Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov — 11 ming tonna;
  • Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov — 10 ming tonna mahsulot ishlab chiqarishga mas’ul bo‘ladi.

Eng tez yetishtirish imkoniyati mavjud mahsulot, bu parranda go‘shti. Parranda 1 kg vazn olishi uchun 1,7 kg, qoramolga esa 8 kg ozuqa-yem talab etiladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bugungi kunda ushbu sohada 1100 ta korxonalarning quvvati 50 foizga ham ishlatilmayapti. Vaholanki, bu borada imkoniyatlar yetarli, deya qayd etdi prezident.

Birgina misol, Jamboy Naslli Parranda korxonasida ozuqa-yem ishlab chiqarish, inkubatsion sex, parranda kushxonasini tashkil etib, tuxum tannarxining 25 foiz arzon bo‘lishiga erishgan. Shuningdek, korxona kooperatsiya usulida 40 ta xonadonning har biriga 5 mingtadan jo‘ja va ozuqa tarqatib, veterinariya xizmatini hamda mahsulotni sotib olishni yo‘lga qo‘ygan.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, endi parranda sanoatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etiladi. 1 iyuldan berilishi kerak bo‘lgan subsidiya miqdori tuxum uchun 3 baravar — har bir sotilgan tuxumga 150 so‘mga (50 so‘m edi), parranda go‘shti uchun esa 2 baravar — har bir kgga 1,5 ming so‘mga (800 so‘m edi) oshirilib, to‘lovlar 1 iyundan boshlanadi.

Omuxta yem va parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga aylanma mablag‘ni to‘ldirish va parrandachilik loyihalari uchun kreditlarning Markaziy bank asosiy stavkasidan yuqori qismi qoplab beriladi.

Bundan tashqari, parrandalarni so‘yishga mo‘ljallangan zamonaviy kompleks loyihalari bo‘yicha xarajatlarning bir qismi kompensatsiya qilinadi.

Parrandachilik korxonalari uchun foyda, mol-mulk, yer va suv soliqlari stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.

«Mikrokreditbank» boshqaruv raisi Orif Bo‘tayevga parrandachilik loyihalarini amalga oshirishga mas’ul bo‘ladi. Buning uchun davlat tomonidan 50 mln dollar resurs ajratiladi. Ishlar natijasiga qarab, yana 50 mln dollar beriladi.

Ikki oyda quvvati kamida 20 ming tonnalik parranda go‘shti ishlab chiqarish loyihalarini boshlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Namangan, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida Vengriya bilan parranda naslchiligi va ozuqasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni boshlash rejalashtirilmoqda.

Surxondaryoda boshlangan tajriba asosida, aholi xonadonlarida parranda (tovuq, kurka, o‘rdak, g‘oz) yetishtirishga tuman sektor rahbarlari shaxsan mas’ul bo‘ladi.

Bunda, tuman hokimlari ikki oy muddatda DXSH asosida har bir sektorda kamida 1 tadan mini-inkubator, mahsulotlarni saqlash uchun muzlatkichlar tashkil etsin.

Prezident Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini qayta tashkil etishni topshirdi. Institutga naslli parrandani olib kelish, zarur jihozlar va uskunalar bilan ta’minlash uchun 10 mlrd so‘m ajratiladi.

«Baliqsanoat» uyushmasi rahbari Omon Musayev yil yakuniga qadar 400 ming tonna mahsulot yetishtirishga shaxsan mas’ul bo‘lishi ta’kidlandi.