Bir guruh turkiyalik tadbirkorlar Jahon banki (ICSID) huzuridagi Investitsiya bo‘yicha nizolarni hal qilish xalqaro markaziga O‘zbekistonga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qilishdi, deya xabar bermoqda Spot.

Ish hujjatlarida da’vogarlar Mehmet Zeki Obuz, Sevde Yilmaz, Xuri Obuz va Tasfiye Halinde Obuzlar Gida, Temizlik Maddeleri, Züccaciye ve Tekstil Sanayi Ticaret Limited Sirketi ekanligi ko‘rsatilgan.

Nizo mavzusi — oziq-ovqat ishlab chiqaradigan kompaniya. Markaz saytida tafsilotlar yo‘q. Tashkilot bosh kotibi ushbu bayonotni 4 iyun kuni ro‘yxatdan o‘tkazgan. Hozirda u ko‘rib chiqilmoqda.

2007 yilda «Xalq so‘zi» (PDF) gazetasida yozilishicha, Mehmet Zeki Obuz O‘zbekistonda bojxona to‘lovlari, QQS va aksiz solig‘ini to‘lashdan bo‘yin tovlash, byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish va talon-taroj qilish hamda boshqa jinoyatlarda ayblanib 16 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Nashr Mehmet Zeki Obuzning O‘zbekistonga 1995 yilda kelgani haqida xabar bergan. O‘sha yili u «Sundus» QK asoschilaridan biri, 1998 yilda esa uning bosh direktori bo‘ldi.

Avvalroq, investitsiyaviy nizolarni hal qilish bo‘yicha xalqaro markazga O‘zbekistonga qarshi sakkiz marotaba murojaat qilingan, shu jumladan Newmont, Metal-Tech, Turkuaz, «MTS», Spentex va boshqalar ishlari mavjud.