Yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonga sement importi 2020 yilning shu davriga nisbatan qariyb ikki baravar ko‘paydi, deya guvohlik bermoqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari.

2021 yilning dastlabki to‘rt oyida mamlakatga 50,5 million dollarlik 1 mln tonna sement olib kirildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 515,1 ming tonnaga ko‘pdir. Taqqoslash uchun: 2020 yilda 131 mln dollarga 2,5 mln tonna sement import qilingan.

Ushbu qurilish materialining katta qismi Qozog‘istondan keltiriladi — 498,3 ming tonna. Ulardan keyin Qirg‘iziston — 278,5 ming tonna, Tojikiston — 234,7 ming tonna, Eron — 10,8 ming tonna, Turkmaniston — 8600 tonna bormoqda.

Hududlar kesimida Toshkent — 496,6 ming tonna, Farg‘ona viloyati — 194,9 ming tonna, Andijon viloyati — 183,7 ming tonna, Namangan viloyati — 54,4 ming tonna, Surxondaryo viloyati — 43,8 ming tonna, Toshkent viloyati — 30 ming tonna sement olib kirgan.

Sement importining o‘sish sabablari

Hukumat 1 apreldan 1 dekabrgacha muddatda sement mahsulotlarini olib kirish uchun bojxona bojini bekor qildi. Bungacha boj stavkasi 30 foizni tashkil etgan edi.

Ushbu qarordan ko‘zlangan maqsad — keng ko‘lamli ipoteka dasturi va turar-joy binolarini qurish sharoitida qurilayotgan uy-joylar narxlarini pasaytirishdan iborat.

Mart boshida uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov prezidentdan korxonalarga sement va metallni ishlab chiqaruvchilardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olishga ruxsat so‘ragani haqida yozgan edik. U o‘z taklifini 2021 yilda qurilish ishlari hajmi ikki barobarga oshishi, qurilish materiallariga bo‘lgan talab esa narxning oshishiga olib kelishi bilan asoslagan. Shavkat Mirziyoyev taklifni yaxshilab o‘rganib chiqish va shaffof tizim yaratish zarurligini ta’kidlagan edi.

Prezidentning 11 martdagi ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga qaratilgan farmoniga binoan 2021 yilda 54 ming oilani uy-joy bilan ta’minlash uchun davlat ipoteka dasturi doirasida 26 614 kvartirali jami 45 mingta uy quriladi va aholiga yangi tartibdagi ipoteka kreditlari ajratiladi. Ayni maqsadlarda Moliya vazirligi tomonidan tijorat banklariga 8,1 trln so‘m resurs joylashtiriladi.

Hujjatga ko‘ra, ipoteka kreditlari 20 yil muddatga, 6 oy imtiyozli davri bilan ajratiladi. Boshlang‘ich badal 15% bo‘ladi. To‘lovlar ikki xil annuitet va differensial usulda to‘lanadi.

Moliya vazirligi tomonidan 6 500 ta yakka tartibda uy qurish va ta’mirlash uchun 1,5 trln so‘m mablag‘ ajratiladi. Ya’ni aholi yakka tartibdagi o‘z uy-joylarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun ham kreditlar olishlari mumkin bo‘ladi.

2021 yilda fuqarolarning alohida toifalari uchun 3550 ta kvartirali uylar quriladi. Bunga davlat byudjetidan 1,3 trln so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.