4 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudi tomonidan viloyat hududidan 100 gektar yerni 135 ming dollarga sotishga uringan shaxslarga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.

Ayblanuvchilar Andijon viloyati hokimligi huzuridagi «Kichik sanoat zonalarini boshqarish yagona direksiyasi» bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan Oybek Abdujalilov, «Universal vodiy gips» MCHJ rahbari lavozimida ishlagan Abdulhamid Usvaliyev, fuqaro Abdurahmon Usvaliyev va Andijon viloyati hokimligi Iqtisodiy taraqiyoti va kambag‘allikni qisqartirish Bosh boshqarmasi g‘aznachisi lavozimida ishlagan Umidjon Soliyevdan iborat.

Ish hujjatlari va sudda aniqlangan holatlarga ko‘ra, sudlanuvchilar Ibaydullo Dadaxodjayevdan Xo‘jaobod tuman hokimiyati mansabdor shaxslari orqali tuman hududidan chorvachilik fermer xo‘jaligi tashkil qilish uchun jami 100 gektar yer maydoni ajratib berish evaziga firibgarlik yo‘li bilan jami 135 ming dollar talab qilgan.

Ayblanuvchilar 26 mart kuni mazkur pullar hisobidan dastlab 7 000 dollarni olgan. 29 mart kuni esa qolgan 128 000 dollarni Andijon shahridagi Uz-Dong Yang Company qo‘shma korxonasi oldida olayotganlarida DXX hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir davomida ushlangan. Umidjon Soliyev Pushkin ko‘chasida joylashgan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialining avtoturargohida Oybek Abdujalilovdan 70 ming dollarni olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 25 moddasi orqali 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 28 moddasi orqali 211-moddasi 3-qismi «a» bandida (juda ko‘p miqdorda pora berish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Oybek Abdujalilovga 3 yil mansabdorlik lavozimlari va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 10 yil 6 oy, Abdulhamid Usvaliyevga 10 yil 2 oy, Abdurahmon Usvaliyevga 10 yil 2 oy hamda Umidjon Soliyevga 3 yil mansabdorlik lavozimlari va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 4 iyun kuni prezident yer munosabatlarini takomillashtirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Unda meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik va boshqa huquqlar bilan yer ajratish amaliyotlarini tugatish, yerga bo‘lgan huquq turlarini qisqartirish, tuman hokimlarining yer ajratish va qaytarib olish haqida qaror qabul qilish vakolati to‘liq bekor qilinishi va boshqalar muhokama qilingan.