May oyida O‘zbekiston hududi bo‘yicha bir nechta changli bo‘ron hodisalari kuzatildi. Toshkentda ham 29 may kuni shiddatli kuchli shamol hisobiga changli bo‘ron kuzatilgan edi.

Mazkur hodisalarning kelib chiqish sababi haqida O‘zgidromet ma’lumot berdi.

Changli bo‘ron — bu atmosfera hodisasi bo‘lib, yer yuzidan katta miqdordagi qum va changlarni kuchli shamol ta’sirida ko‘tarilishidir. Respublika hududida bunday jarayonlar ko‘pincha bahorda va yozning boshida rivojlanadi. Markaziy Osiyoning barcha hududlari uchun changli bo‘ron juda tez-tez uchraydigan hodisadir. Ko‘pincha bunday hodisalar qurg‘oqchil hududlarda — cho‘l va yarim cho‘l hududlarda sodir bo‘ladi, deya ta’kidladi O‘zgidromet.

Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanishi kuzatuvlari 13 ta statsionar postda olib borildi. Shahar bo‘yicha ushbu davrda sutkalik ruxsat etilgan me’yorlarning: azot dioksidi 1,3 marta; vodorod ftorid (HF) bo‘yicha 2,0 marta; chang bo‘yicha 2.7 marta ortgani qayd etildi. Boshka ifloslantiruvchi moddalar sanitar me’yordan oshmagan, ma’lum qildi O‘zgidromet.

Ma’lumotga ko‘ra, Toshkent qurg‘oqchil hudud deb hisoblanmaydi, lekin so‘nggi yillarda O‘zbekistonda va Toshkent shahrida jadal sur’atlar bilan olib borilayotgan qurilishlar juda katta miqdordagi qum va changning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Ular hatto kuchsiz shamol esganda ham havoga ko‘tarilishi qayd etildi.

Bundan tashqari, 1 iyun kuni Kushrabad (Samarqand viloyati) meteostansiyasida soat taxminan 15:18 larda shimoli-g‘arbdan kuchli shamol boshlanib, 20 m/s gacha yetgan, shuning okibatida qumli bo‘ron ko‘tarilgan va taxminan 16:20 larda tingan.