Uzbekistan Airports kompaniyasi O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlar bilan boshqaruv bo‘yicha shartnomalar imzoladi, deb xabar berdi kompaniya matbuot xizmati «Gazeta.uz» ga.

Shu tariqa, Uzbekistan Airports barcha aeroportlarning yagona ijro etuvchi organiga aylandi, deyiladi xabarda.

Yagona organ sifatida kompaniyaning asosiy vazifalari barcha aeroportlarni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish, ularning faoliyatini uslubiy boshqarish va aeroport infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish uchun moliyaviy oqimlarni to‘plash va yangi texnologiyalarni joriy etishdan iborat bo‘ladi.

«O‘zbekistonda aeroportlarni rivojlantirish uchun juda muhim qadam tashlandi — aeroportlarni yagona markazdan rivojlantirish uchun huquqiy asos yaratildi», — deydi Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.

Endi Uzbekistan Airports barcha xalqaro aeroportlarning boshqaruv kompaniyasi sifatida aeroportlarda ishlarni to‘liq yo‘lga qo‘yishi mumkin.