O‘zbekistonda ilk bor minimal iste’mol xarajatlari qiymatining dastlabki hisob-kitoblari amalga oshirildi, deya xabar berdi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi matbuot xizmati. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda bir kishi uchun minimal iste’mol xarajatlari 440 ming so‘mni tashkil etadi.

Minimal iste’mol xarajatlari oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek xizmatlarga bo‘lgan kunlik ehtiyojlarni hisobga oladi.

Mazkur ko‘rsatkichni hisoblashda quyidagilar hisobga olindi:

  • davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash uchun mo‘ljal ko‘rsatkichni joriy etish;
  • minimal iste’mol xarajatlaridan kambag‘allik chegarasini belgilashda foydalanish va bunda target guruhdagi aholining real iste’mol xususiyatlari va talablarini inobatga olish;
  • kambag‘alikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzililigini oshirish, shuningdek ularning doimiy monitoringini yuritish.

Minimal iste’mol xarajatlarini hisoblash uchun 2020 yilda respublikaning barcha hududlaridan tanlab olingan 5 400 ta uy xo‘jaliklarida so‘rovnoma o‘tkazildi. Ushbu oilalar 10 ta guruhga bo‘lindi va ushbu oilalar orasidan eng kam xarajat va daromadga ega bo‘lgan 30% uy xo‘jaliklari ajratib olindi.

So‘rovnoma natijasida olingan ma’lumotlar asosida mazkur oilalarda jon boshiga kunlik iste’mol qilinadigan oziq-ovqat (2200 kkal) va zarur bo‘lgan nooziq-ovqat tovarlar hamda xizmatlar uchun minimal iste’mol xarajatlar bir oyda kishi boshiga (2021 yildagi narxlar o‘zgarishini inobatga olgan holda) kamida 440 ming сўмни tashkil etishi hisob-kitob qilindi.

Hisoblangan minimal iste’mol xarajatlarining jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulotga nisbati (YAIM) 26,8 foiz bo‘lib, mazkur ko‘rsatkich rivojlanayotgan mamlakatlarda asosan 4−20 foizni tashkil etadi.


Bu dastlabki raqamlar hisoblanadi. 2021 yilda tajriba davom etadi va yana 10 ming xonadon bilan suhbat o‘tkaziladi. Ularning natijalariga ko‘ra, yil oxiriga qadar iste’molchilarning minimal xarajatlarini hisoblash metodologiyasini tasdiqlash va uning qayta hisoblangan miqdorini nashr etish rejalashtirilgan.