Oliy Majlis Senati juma kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi sohasida yangi javobgarlik choralarini ko‘zda tutgan qonunni rad etdi, deya xabar qildi “Gazeta.uz” muxbiri.

Senator, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi Farhod Boqiyev hisobot bilan chiqdi va nima uchun ushbu hujjatni rad etish kerakligi bo‘yicha tushuntirish berdi.

Yangi qonun Jinoyat kodeksi (JK) va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga (MJTK) o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi. Jumladan:

  • JKning 248-moddasida o‘qotar qurolni, o‘q-dorilarni, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, ta’mirlash, olish, olib o‘tish, jo‘natish, saqlash, olib yurish, tashish, ulardan foydalanish uchun javobgarlik belgilanmoqda.
  • MJTKning 185-moddasida o‘qotar qurollardan belgilangan tartibni buzgan holda otish uchun javobgarlik belgilangan.

“Demak, har ikkala holatda ham foydalanish va otish bitta ma’noni anglatishi kelgusida sud-tergov amaliyotida muammolar yuzaga kelishiga yoki tanlov asosida normalarni qo‘llashga sabab bo‘lishi mumkin bo‘ladi”, — dedi senator.

Senatorning fikricha, o‘qotar quroldan qonunga xilof ravishda foydalanish uchun 248-moddada javobgarlik belgilanishi kelgusida qonuniy egalikdagi o‘qotar quroldan jinoyat quroli sifatida foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlar (qasddan odam o‘ldirish, qasddan badanga og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, bezorilik va h.k.) bilan bir qatorda qo‘shimcha kvalifikatsiya qilinishiga olib keladi.

Farhod Boqiyev yuqoridagilarni inobatga olib, 248-moddani qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq hisoblanishini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 249-moddasiга o‘zgartirish kiritilib, unda o‘qotar qurol, og‘iz qismidagi quvvat 7,5 jouldan yuqori va kalibri 4,5 millimetrdan ortiq bo‘lgan pnevmatik ov quroli, og‘iz qismidagi quvvat 3 jouldan yuqori bo‘lgan pnevmatik sport quroli, tig‘li sovuq qurol (ov pichoqlari, ov xanjarchalari va xanjarlar, rapiralar, shpagalar va qilichlar), uloqtirish quroli (kamonlar, arbaletlar va nayzalar) muomalasi qoidalarini buzish odam o‘limiga yoxud boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, jinoiy javobgarlik kelib chiqishi belgilanmoqda.

Senatorning fikricha, JKning 249-moddasida belgilanayotgan qilmish ushbu kodeksning 248-moddasida nazarda tutilgan qilmishlarni takrorlamoqda.

“Mazkur holat normalarni sud-tergov amaliyotida qo‘llashda chalkashlik va qiyinchiliklarni vujudga keltiradi”, — dedi u.

Shuningdek, MJTKning 185-moddasida O‘zbekiston hududida fuqaroviy va xizmat quroli sifatida muomalada bo‘lishi taqiqlangan ashyolarning qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishi uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Buni 2020 yil 21 oktyabrda maqullaganmiz va 5 noyabrdan kuchga kirgan. Shu munosabat bilan Farhod Boqiyev 249-moddani qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.

MJTKning 185-moddasi yangi tahrirda bayon etilib, unda quroldan belgilangan tartibni buzgan holda otish va foydalanish uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Biroq, “Qurol to‘g‘risida"gi Qonunning 9-moddasida davlat hududida qurol muomilasi bilan bog‘liq cheklovlar belgilangan bo‘lib, unda quroldan otishga nisbatan cheklov yoki taqiq belgilanmagan.

“Mazkur modda dispozitsiyasidagi otish uchun ajratilgan joylarda belgilangan tartibni buzgan holda quroldan otish, shuningdek, quroldan foydalanish uchun ajratilgan joylarda belgilangan tartibni buzgan holda quroldan foydalanish degan jumlalar ham tushunarsiz bayon etilgan bo‘lib, unda „belgilangan tartib“ deganda qanday tartib nazarda tutilayotganligi, kim tomonidan belgilanishiga ochiqlik kiritilmagan”, — deya ta’kidladi senator.

Taklif etilayotgan MJTKning 220-moddasida davlat organlarining xizmat quroli va uning o‘q-dorilaridan foydalanish huquqiga ega mansabdor shaxslariga qurolni realizatsiya qilish, tashish, kolleksiyalash hamda ko‘rgazmaga qo‘yish uchun ham ma’muriy javobgarlik ko‘zda tutilib, unda ushbu mansabdor shaxslarga xizmat qurollari realizatsiya qilish, tashish, kolleksiyalash hamda ko‘rgazmaga qo‘yish huquqi bilan berilishini anglatmoqda.

Farhod Boqiyevning fikricha, xizmat qurollari va uning o‘q-dorilaridan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan davlat organlarining mansabdor shaxslari va maxsus xizmat vazifalariga ega yuridik shaxslar xodimlariga faqatgina saqlash, olib yurish va undan foydalanish qoidalarini buzganligi uchun javobgarlikni belgilash to‘g‘ri bo‘lar edi. Shu bois, taklif qilinayotgan MJTKning 220-moddasini konseptual jihatdan qayta ko‘rib chiqish zarur.

Farhod Boqiyev.

Senator qonun loyihasi tashabbuskorlari tomonidan O‘zbekistonda qurol va uning o‘q-dorilari muomilasi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi “Qurol to‘g‘risida"gi Qonunning amaldagi ijrosi, uning normalarini qo‘llashda vujudga kelgan muammolar tahlil qilinmaganini ta’kidladi.

Jumladan, joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlar mamlakatda “Qurol to‘g‘risida"gi Qonunning ijrosi va o‘qotar qurolning muomilasi bilan bog‘liq qator tizimli muammolar borligini ko‘rsatmoqda. Xususan, hozirgi kunga qadar qurolga egalik qilishga to‘sqinlik qiluvchi kasalliklar ro‘yxati tasdiqlanmagan.

Ya’ni bu bilan o‘qotar ov quroliga egalik qilish uchun fuqaroga nisbatan tibbiy cheklovlar mavjud bo‘lsa-da, uning spirtli ichimliklarga ruju qo‘yganligi, giyohvandlikka mubtalo bo‘lganligi ruxsatnoma olish uchun to‘sqinlik qilmaydi.

Shuningdek, qurol egalarini tibbiy cheklovlar bo‘yicha davriy ravishda tekshirish, ularning yaqin qarindoshlari orasida ruhiy kasallikka chalingan, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan, giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan shaxslarga e’tibor qaratish mexanizmlari mavjud emas.

Shu bilan birga, o‘qotar ov qurollari hamda pnevmatik va o‘zini o‘zi himoya qilish qurollari bilan kirish ta’qiqlangan obyektlar uchun umummajburiy tartib o‘rnatilmagan.

“Ushbu holatlar, o‘z navbatida turli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunga misol qilib, so‘nggi yillarda dunyo mamlakatlarida qurol va uning o‘q-dorilari muomilasi bilan bog‘liq ro‘y berayotgan salbiy holatlar, shu jumladan yaqinda Rossiya Federatsiyasining Qozon shahridagi maktabda sodir etilgan ayanchli holatni keltirish mumkin”, — dedi senator.

Senatorning fikricha, yuqoridagilarni inobatga olib, sohada vujudga kelgan muammolarni kompleks tahlil qilib, so‘ngra amaldagi “Qurol to‘g‘risida"gi Qonun va boshqa qonunchilik normalarini tubdan takomillashtirish masalasini o‘rganib chiqish va shundan so‘nggina JK, MJTKda javobgarlik choralarini belgilash maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, prezident 2019 yilning iyulida “Qurol to‘g‘risida“gi qonunni imzolab, qurol muomalasi hamda undan foydalanishga nisbatan qat’iy qoida va talablarni belgilagan edi.