O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat maktablari bitiruvchilariga tabriknoma yo‘lladi. Davlat rahbarining bu kabi tabrigi ilk bor e’lon qilinmoqda.

«Avvalo, barchangizni beg‘ubor o‘quvchilik yillaringizni ortda qoldirib, qadrdon maktabingiz, mehribon ustozlaringiz bilan xayrlashib, hayotingizning yangi, yanada mas’uliyatli bosqichiga qadam qo‘yayotganingiz bilan chin qalbimdan muborakbod etaman», — dedi prezident. Bu yili qariyb 438 ming nafar o‘quvchi yoshlar yetuklik shahodatnomalarini qo‘lga olmoqda.

«Bu nafaqat siz, aziz farzandlarimiz, balki biz — ota-onalar, ustoz-murabbiylar uchun ham g‘oyat quvonchli va hayajonli voqeadir. Chunki, qalbi pok orzu-umidlar bilan to‘lgan sizlar kabi navqiron, azmu shijoatli yoshlarimiz timsolida biz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan ta’lim-tarbiya sohasidagi sa’y-harakatlarimizning yana bir amaliy natijasini, xalqimiz va Vatanimiz kelajagini ko‘ramiz», — deyiladi tabriknomada.

«Sizlar keyingi ikki yil davomida pandemiya sharoitida o‘qib va yashab, qiyinchiliklarga qarshi kurashish ko‘nikmalarini ham egallashingizga to‘g‘ri keldi. Albatta, bu murakkab sinovli kunlar hademay o‘tmishga aylanadi», — dedi davlat rahbari.

«Ishonchim komil, yangi O‘zbekiston sharoitida, zamonaviy taraqqiyot talablari asosida ta’lim-tarbiya olgan yosh avlod vakillari sifatida barchangiz davlatimiz, xalqimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarni qadrlab, ulardan yanada samarali foydalanasiz», — dedi u.

Tabriknomada ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar ham sanab o‘tilgan.

To‘rt yil ichida 134 ta yangi maktab qurilib, 2 ming 965 ta maktab rekonstruksiya qilindi. Hozirda respublikada 10 mingdan ziyod davlat umumta’lim, 171 ta nodavlat, 18 ta davlat-xususiy sheriklik shaklidagi maktablar faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, 56 ta — matematika, 28 ta — kimyo-biologiya, 14 ta — axborot texnologiyalari fanlariga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi.

Co‘nggi vaqtlarda fizika va chet tillariga ixtisoslashtirilgan maktablar ochishga alohida e’tibor bermoqdamiz. Sentyabr oyida 14 ta fizika va 207 ta chet tillariga ixtisoslashtirilgan maktab o‘z faoliyatini boshlaydi, deb ma’lum qildi Shavkat Mirziyoyev.

«Bitiruvchi yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2016 yildagi 9 foizdan 2020 yilda 25 foizga yetdi. Mazkur ko‘rsatkichni joriy yilda 28 foizga, 2030 yilda 50 foizga yetkazish — asosiy vazifamizdir», — deya ta’kidladi prezident.

«Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 137 ta oliy o‘quv yurti, 339 ta kasb-hunar maktabi, 193 ta kollej va 196 ta texnikum sizlarga muntazirdir. Sizlar uchun ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy ma’lumot olish imkoniyati ham yaratilgan. Shu maqsadda 71 ta oliy ta’lim muassasasida sirtqi, 18 ta oliygohda kechki bo‘limlar faoliyat ko‘rsatmoqda», — dedi davlat rahbari.

Iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlaridagi ehtiyojdan kelib chiqib, so‘nggi 5 yilda bakalavriat bosqichida 134 ta ta’lim yo‘nalishi, magistraturada 147 ta mutaxassislik yangidan tashkil etildi. OTMlarda 2021−2022 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich masofaviy ta’lim shaklida ham kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

«Azim poytaxtimiz Toshkent shahrida dunyoning eng ilg‘or oliygohlari bilan hamkorlikda xalqaro talablar asosida tashkil etilayotgan — „Yangi O‘zbekiston“ universiteti ham siz, aziz yoshlarimizni joriy yildan o‘z bag‘riga chorlaydi», — dedi u.

«Макtaбни bitirib chiqayotgan yigit-qizlarimizdan birontasi e’tibordan chetda qolmaydi. Ularning har biri xalqimiz, Vatanimizning cheksiz mehri va yuksak e’tiborini his qilib yashaydi. Hech qachon unutmang - sizlar inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan yangi O‘zbekiston, yangi Renessans bunyodkorisizlar», — deya bitiruvchilarga yuzlandi Shavkat Mirziyoyev.

«Xalqimizning ana shunday yuksak ishonchiga doimo munosib bo‘ling! Sizlarning o‘z oldingizga yuqori maqsadlar qo‘yib, vaqtingizni behuda o‘tkazmay, doimo bilim va ko‘nikmalaringizni oshirib borishingiz, yangi kasb-hunarlarni egallashingiz va eng asosiysi o‘z maqsadingiz sari tinmay harakat qilishingiz albatta kelgusidagi muvaffaqiyatlaringiz garovidir. O‘rganish, izlanish va intilishdan aslo to‘xtamang!», — dedi davlat rahbari.

«Barchangizga sihat-salomatlik, ishda va o‘qishda, shaxsiy hayotda katta yutuq va omadlar tilayman. Mening aziz o‘g‘il-qizlarim, mustaqil va katta hayotga qo‘ygan ilk qadamingiz ishonchli va muvaffaqiyatli bo‘lsin! Men sizlarga ishonaman, mening yosh do‘stlarim!» — deya yakunladi Shavkat Mirziyoyev.