Toshkent viloyati Qibray tumanidagi qulupnay dalasida ishlagan dehqonlarga 20 may kuni yo‘q qilingan hosil uchun tovon pullari to‘lab berildi, deya xabar qildi tuman hokimiyati matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Avvalroq «Chinkeldi» mahallasida buldozer yordamida 8 ga maydonda hosili pishib turgan qulupnay dalasi buzilgani haqida xabar bergan edik. Tuman ma’muriyati ushbu dala joylashgan yer uchastkasi «Yangi O‘zbekiston» bog‘i, «Istiqlol» majmuasi va boshqa ob’ektlarni qurish doirasida davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganini ma’lum qildi.

Shuningdek, hokimiyat matbuot xizmati yer egalari va ijarachilari oldindan ogohlantirilgani, ular bilan tegishli tovon pulini to‘lash bo‘yicha kelishuv imzolanganini ta’kidlagan edi.

Keyinroq Qibray tumani hokimiyati qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Hamidulla To‘raxo‘jayev Kun.uz nashriga fermer va dehqonlar ushbu kelishuvga rozi bo‘lganini ta’kidladi.

«Fermer xo‘jaligida 20,2 gektar yer maydoni mavjud. Shu yer maydonidan 12 gektar bog‘i bor, o‘sha bog‘ning oralig‘iga 8 gektar qulupnay ekilgan. Davlat ehtiyojiga olishda fermer bilan kelishilgan edi. Dehqonlar ham bo‘shatib berishga rozi bo‘lishdi. O‘shanda terilmagan qulupnay uchun bir gektariga 50 mln so‘m, yarmidan o‘tgan, ya’ni terilgan maydonlar uchun gektariga kamida 24 mln so‘m tovon puli to‘lashga kelishildi», — dedi u.

Mutaxassis ushbu uchastkalarda to‘qqiz nafar dehqon qulupnay yetishtirganini ta’kidladi.

«Biz dalolatnomalar tuzilib, qiymatni chiqarish uchun ekspertizaga berilgani, narxlash ishlari yakunlanib tasdiqlangach, hujjatlar moliya bo‘limiga taqdim etilishi hamda tovon pullari to‘lanishini aytganimizda to‘g‘ri tushunishgandi. Oradan 4−5 kun o‘tgach, ishonchsizlik paydo bo‘ldimi, to‘lamayapsizlar, degan ma’noda shunday yo‘l tutishmoqda», — dedi Hamidulla To‘raxo‘jayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 20,2 gektar maydonidagi bog‘ va ekinlar uchun jami 850 mln so‘m tovon puli to‘lash nazarda tutilmoqda. Yakuniy raqam ekspertiza xulosasidan so‘ng aniq bo‘ladi. Qulupnay maydoni uchun ajratilgan 192 mln so‘m ham shu summaning ichida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, aslida yaqinda tarqalgan videoyozuvda kartoshka buzilayotgani aks etgan, bog‘ oralariga ekilgan qulupnay maydonlari oldinroq buzilgan bo‘lgan.

«Gazeta.uz»ning Qibray hokimiyatidan aniqlik kiritishicha, dehqonlar qolgan qulupnay hosili uchun gektariga 20 mln so‘mdan olishga rozi bo‘lishgan. Ulardan qulupnay ekini uchun qilingan xarajatlari qoplangani, bu ekin uchun e’tirozlari yo‘qligi haqida tilxatlar olingan.

Qayd etilishicha, ayrim dehqonlar faqat qulupnay ekkan bo‘lsa, ba’zilari sedana, fasol va kartoshka urug‘i ham qadagan. Fermer xo‘jaligi yer maydonlarida ekilgan boshqa ekinlar uchun tovon pullari baholash ekspertizasi o‘tkazilgach, yana to‘lanadi.