Qibrayda 1 mln dollarga noqonuniy ravishda yer sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali ma’lum qildi.

DXX va IIV xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyati Qibray tumanida yashovchi ikki nafar fuqaro «Salar» shaharchasi hududidagi 2 gektar yer maydonini 1 million 10 ming AQSH dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tergov oldi surishtiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, mazkur yer maydoni 2018 yil Qibray tumani hokimining tegishli qarori bilan qurilish materiallari ishlab chiqarish sexi tashkil etish uchun Toshkent shahrida yashovchi 58 yoshli fuqaroga ajratib berilgan. Qayd etilishicha, bugunga qadar ushbu manzilda hech qanday amaliy ish qilinmagan.

Hozirda mazkur yer egasini tergov harakatlariga jalb etish choralari ko‘rilmoqda.