«Ustuvor yo‘nalishimiz — oligarxlarsiz mamlakat qurishdir» — Ukraina prezidenti

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy uning rahbarlik faoliyatidagi ustuvor yo‘nalishlarni, ya’ni oligarxlarsiz, urushsiz va hamma qonun oldida teng bo‘lgan mamlakatni qurish deb ta’kidladi. «Qanday ustuvor yo‘nalishlar bor. Birinchisi — biz oligarxlarsiz davlat barpo etmoqdamiz. Mamlakatimiz 40 mlnlik aholi uchun, yuzlab Forbes’dagilar uchun emas», — dedi Zelenskiy Kiyevdagi matbuot anjumanida. TASSning prezident so‘zlariga tayanib ma’lum qilishicha, Ukrainada oligarxiyani yo‘q qilish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda va hujjat, Zelenskiyga ko‘ra, «100 foizga tayyor». Bundan tashqari, prezidentning ta’kidlashicha, hukumat boshqa davlatlarning sanksiyalar siyosatiga bog‘liq bo‘lmagan, lekin mustaqil ravishda o‘z suverenitetini himoya qiladigan mamlakatni qurmoqda. «Biz barpo etayotgan mamlakatimizda hamma qonunlar oldida, jumladan yuqorida aytib o‘tganlarim ham, boshqalar ham teng bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qildi u. Zelenskiy, shuningdek, o‘zining ustuvor vazifalari qatorida qashshoqlik bo‘lmagan va yer odamlarga tegishli bo‘lgan davlatni barpo etish deb aytdi. «Va eng muhim ustuvor yo‘nalish shundaki, biz urushsiz mamlakatni barpo etmoqdamiz», — dedi Ukraina prezidenti. — Interfaks.


«Armaniston hududida 500−600 ga yaqin Ozarbayjon harbiylari qolmoqda» — Armaniston bosh vaziri v.b.

Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi vaziyat keskinligicha qolmoqda. 500−600 ga yaqin ozarbayjon askarlari hali ham Armaniston hududida, deya keltiradi TASS Armaniston bosh vaziri v.b. Nikol Pashinyanning so‘zlarini. Bosh vazirning aytishicha, askarlar mamlakat hududini tark etishlari kerak. Biz muammoning siyosiy yechimlarini izlashni davom etmoqdamiz va biz harbiy eskalatsiyaning oldini olish uchun hamma narsani qilamiz", deya qo‘shimcha qildi u. Shuningdek, ta’kidlanishicha, Armaniston Ozarbayjon bilan chegarani demarkatsiya qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamoqda. — TASS.


Isroil-Falastin mojarosi paytida G‘azo sektorida 230 kishi halok bo‘ldi

Isroil-Falastin mojarosida G‘azo sektorida 230 nafar Falastin fuqarosi halok bo‘ldi va 1,7 mingdan ziyod kishi jarohat oldi. Vafot etganlarning orasida 65 nafar bola, 39 nafar ayol va 17 nafar keksa odam bor. Isroilda kamida 12 kishi halok bo‘lgani ta’kidlanmoqda.

Shuningdek, ma’lum qilinishicha, G‘azo sektoridan Isroil shaharlariga 4070 ta raketa uchirilgan, sektorning o‘zida 610 ta snaryad tushgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilning «Temir gumbaz» havo hujumidan mudofaa tizimi raketalarning 90 foizga yaqinini ushlab qolgan.


Yevropa Parlamenti Turkiyani arman genotsidini tan olishga chaqirdi

Yevropa Parlamenti Turkiyani ikki xalq o‘rtasida yarashishga yo‘l ochadigan Usmonli imperiyasidagi arman genotsidini tan olishga chaqirdi. Bu haqda 19 may kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda deputatlar tomonidan ma’qullangan Turkiya to‘g‘risidagi parlament hisobotida aytilgan. Yevropa parlamentining hisobotiga 480 deputat ovoz berdi, 64 kishi qarshi chiqdi, 150 kishi betaraf qoldi. Turkiyada ushbu hisobotni rad etib, hali ham Yevropa Ittifoqiga a’zolikni o‘zining strategik maqsadi deb bilishini aytdi.

Turkiya hukumati armanlar qirg‘ini faktini tan olmoqda, ammo «genotsid» atamasining ishlatilishiga qarshi chiqmoqda. Anqaraning fikriga ko‘ra, armanlarni qirg‘in qilish hukumat siyosatining maqsadi bo‘lmagan. Ularningcha, bunga turklar ham qurbon bo‘lgan Usmonli imperiyasidagi fuqarolar urushi sabab bo‘lgan. — TASS.

24 aprel kuni AQSH prezidenti Jo Bayden Usmonli imperiyasida armanlarning ommaviy qirg‘in qilinganini rasman tan olgan edi.


Yaponiya mudofaa xarajatlarini cheklashdan voz kechadi

Yaponiya Mudofaa vazirligi mudofaa xarajatlarini maqsadli ravishda cheklash siyosatidan voz kechishni rejalashtirmoqda. Ta’kidlanishicha, idora har yili o‘z byudjetini mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YAIM) 1 foizi miqdorida ushlab turgan. «Biz YAIMga nisbatdan [xarajatlarni] rejalashtirmaymiz. Mamlakatimizni himoya qilish uchun zarur bo‘lgan xarajatlarga jiddiy yondashamiz», dedi mudofaa vaziri Nobuo Kisi. Shuningdek, u Yaponiya o‘zining mudofaa salohiyatini avvalgi yillarga qaraganda ancha faol sur’atlarda kuchaytirishi kerakligini aytdi.

1976 yilda Takeo Miki hukumati mamlakat Mudofaa vazirligi byudjetini YAIMning 1 foizida ushlab turishga harakat qilishga qaror qildi. O‘shandan beri Yaponiya mudofaa vazirligi byudjeti bu ko‘rsatkichdan atigi bir necha marta oshib ketgan. 2021 moliya yili uchun mamlakat byudjetining xarajatlar qismi 106,6 trln iyenani (1 trln dollardan ortiq) tashkil etadi, shundan 5,3 trln iyena (taxminan 51,5 mlrd dollar) harbiy maqsadlarga yo‘naltiriladi. — TASS.


Afina g‘arbidagi o‘rmonlarida yong‘inlar avj olmoqda

Gretsiyaning Peloponnes hududida o‘rmon yong‘inlari avj olmoqda. Afinadan 70 kilometr g‘arbda joylashgan Korintiya viloyatida joylashgan oltita aholi punkti aholisini evakuatsiya qilish to‘g‘risida e’lon qilindi. Yong‘inlarni o‘chirishga 17 ta samolyot va uchta vertolyot jalb qilingan, joylarda 182 nafar o‘t o‘chiruvchi ishlamoqda. Aytilishicha, 20 may kuni ertalab Gretsiya poytaxtida yong‘inlardan tutun kuzatildi. — Ekathimerini.


Shuningdek:

  • JSST COVID-19 tufayli chet elga sayohat qilishdan voz kechishni maslahat berdi.
  • Microsoft Internet Explorer internet-brauzeriga xizmat ko‘rsatishni 2022 yil yozida to‘xtatadi.
  • Hindistonning sharqiy sohilidagi Bengal ko‘rfazida kuchli bo‘ron avj olmoqda. Mahalliy sinoptiklarning prognozlariga ko‘ra, bo‘ron kuchayib, yaqin kunlarda Hindistonning qirg‘oq hududlariga kelishi mumkin.
  • Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, mamlakat raqamli rivojlanish vaziri Azamat Diykanbayev juda katta miqdordagi pora olganlikda ayblanib hibsga olingan. Vazir loyiha bo‘yicha shartnoma muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi ijobiy qaror uchun pora talab qilgalikda ayblanmoqda.