O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sharqiy Quddusdagi mo‘min-musulmonlar uchun eng tabarruk mintaqada notinchliklar davom etayotganidan jiddiy tashvishda, deya xabar bermoqda idora axborot xizmati.

«Jahon hamjamiyati Falastin-Isroil muammosini xalqaro huquq normalariga muvofiq, tinch yo‘l bilan hal etilishi zarurligini bot-bot ta’kidlamoqda. Zero, Islom dini — avvalo, tinchlik va do‘stlikka, ahillik va birdamlikka hamda bag‘rikenglikka da’vat etadi», — deya qayd etdi idora.

«Al-Aqso masjidi Islom dini manbalarida keltirilgan uch muqaddas masjiddan biridir. Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: „Ulovlar faqat uchta masjid tomongagina jihozlanadi: Masjidi Harom, mening ushbu masjidim va Masjidi Aqso“», — deyiladi xabarda.

Shu sababli, Quddus shahrida joylashgan muqaddas makon — Masjidi Aqso yoxud Baytul Maqdis Makkadagi Masjidul Haromdan keyin qurilgan eng qadimgi masjid hisoblanadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi «hozirgi qaltis vaziyatda davlatlar, millatlar va elatlar o‘rtasidagi nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish eng to‘g‘ri yo‘l», deb hisoblaydi.

«Ayni vaqtda, mo‘min-musulmonlarni mavjud voqelikni Quddusdagi vaziyat bilan bog‘lagan holda noo‘rin bahs-munozaralar, ixtilof va tushunmovchiliklar keltirib chiqarishga, noto‘g‘ri xatti-harakatlarga da’vat qilayotgan fitnalardan ehtiyot bo‘lishga chaqiramiz», — deyiladi xabarda.