O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rektori, O‘zbekiston davlat simfonik orkestri dirijeri va badiiy rahbari Kamoliddin Urinbayev «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida oliygohda korrupsiyaga qarshi qanday kurashayotganligi, bugun qanday bosim turlari mavjudligi, ta’lim sohasidagi islohotlarning puxta o‘ylanmaganligi nimaga olib kelishi va rahbarlarga korrupsiyaga qarshi kurashda nima yetishmayotganligi haqida o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.

«Konservatoriyani umumiy qonun-qoidalarga bo‘ysundirish yaxshi natijalarga olib kelmaydi»

Ijodkor uchun asosiy narsa bu erkinlik. Men o‘zim ijodkorman, dirijerman, musiqachi-sozandaman. Agar meni qanaqadir qolipga soladigan bo‘lishsa, o‘sha soniya mening ijodim to‘xtaydi. Agar mening oldimga qanaqadir vazifa qo‘yilsa, dirijer sifatida bo‘ladimi, ijodkor sifatidami, men o‘sha zahotiyoq qo‘yilgan vazifani bajarish haqida o‘ylamaymanda, uni texnik ravishda ichki strukturasini o‘ylashni boshlayman. Iqtidorimni to‘laqonli namoyon eta olmayman.

Agar men Konservatoriyada o‘sha texnik vazifalarni qo‘yadigan bo‘lsam, bu yerda ijod albatta yo‘qoladi, natija sifatsiz bo‘ladi.

Shuning uchun Konservatoriyani umumiy qonun-qoidalarga bo‘ysundirish har doim ham yaxshi natijalarga olib kelmaydi. Shu nuqtayi nazardan, Konservatoriyada ijodiy va ijobiy muhit yaratish kerak. Ijodiy muhit bo‘lsa, ilm ham, ta’lim tizimi ham ijobiy suratlarda rivojlanadi.

«Konservatoriyaga kelganimda ma’lum bir rejam, taйёр konsepsiyam йўқ edi»

Uzoq yillardan beri respublikamizdagi katta bir ijodiy jamoani (avval «Yoshlar simfonik orekstri», hozir «O‘zbekiston davlat simfonik orkestri» etib qayta tashkil etilgan — tahr.) dirijer, badiiy rahbar sifatida boshqarib kelayapman. Lekin shu paytgacha ta’lim tizimida ishlamaganman, o‘qituvchilik qilmaganman. Men bu sohani to‘laqonli ichiga kirib, o‘rganib, shu yog‘ning ichida qovurilmaganligim, tajribam kamligi, ayrim qiyinchiliklarga duch kelishimga sababchi bo‘ldi deb o‘ylayman.

Har bir rahbar biron joyga kelganda, o‘zining rivojlanish konsepsiyasi, yo‘l xaritasi bilan keladi. Men bu yerga rahbar bo‘lib tayinlanganimda, ochig‘ini aytaman, ma’lum bir rejam yoki tayyor rivojlanish konsepsiyam yo‘q edi. Jarayonning ichiga kirib, o‘rganib, maslahatlashib, qayerdadir boshim urilib, xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yib, to‘siqlarni sakrab o‘tishga harakat qildim.

Mana bir yil ichida harakatlarimizning strategiyasini ishlab chiqdik. Uning asosida nimanidir o‘zgartirishga, yangiliklarni joriy qilishga, musiqa sohasida yangi professional ta’lim tizimini joriy qilishga va o‘qituvchilar bilan talabalar o‘rtasidagi kommunikatsiya masalalariga zamonaviy texnologiyalarni kiritish borasida ham bir qancha ishlarni amalga oshiryapmiz.

Aksariyat hollarda eskicha dunyoqarashga ega bo‘lgan qo‘shtirnoq ichidagi soha mutaxassislari ham yo‘q emas. Unaqalar o‘z-o‘zidan, vaqti kelib, ketayotgan yo‘limizdan chetga chiqib qoladi. Bugungi kunda qilinayotgan harakatlar, o‘zgarishlar ularni bunga majbur qiladi. Yoki ular mana shu jarayonlarga faol ishtirokchi sifatida kiradi, yoki faol kuzatuvchi sifatida chetda qolib ketadi.

«Konservatoriyada korrupsiya borligini tan oldik»

Ming afsuslar bilan aytamanki, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi ham korrupsiyadan holi emas edi. Biz bu narsalarni tomiri bilan yo‘qotishga harakat qilishimiz kerak. Ta’limda korrupsiya bo‘lsa, bizning kelajagimiz bo‘lmaydi.

Konservatoriyaning asosiy darvozasidan kirib kelayotganingizda, e’tibor bergan bo‘lsangiz, katta qilib banner osib qo‘ydik, har bir kirgan odamning nigohi birinchi o‘shanga qaratilsin deb. Unda ikki tilda «Ta’limning qulashi — bu millatning qulashidir», deb yozilgan. Ta’limning qulashiga nima olib keladi? Sohadagi qo‘shtirnoq ichidagi mutaxassislar va noinsof korrupsionerlar. Ta’limda korrupsiya borligi bu faktku, buni hech kim inkor qilolmaydi-ku. Mana shu jarayonlarni to‘g‘irlash o‘zimiz va faqat o‘zimizning qo‘limizda.


Biz birinchi o‘rinda tan oldik. Konservatoriyada korrupsiya bormi? Ming afsuski, bor. O‘zimizga aytsak bo‘lardi: «Bizda hammasi a’lo, zo‘r» va «Men o‘zim korrupsioner emasman, menga buning aloqasi yo‘q», deb ko‘z yumib ketsak, kimlar uchundir «nur ustiga a’lo nur» bo‘lib, faoliyati davom etib ketishi mumkindir.

Lekin qanchalik og‘ir bo‘lmasin, korrupsiyaga qarshi kurashishga qaror qildik. «Shunaqangi to‘siqlar keladi-ki, ertaga, kerak bo‘lsa, qo‘l siltavorasan. Men shu narsalarni kutyapman», deb ehtimoliy ssenariyni tuzib chiqdim. Men tan oldim, bildim, rozi bo‘ldim va o‘zim shu narsaga qaror qildim.

«Korrupsiyaga qarshi kurashish uchun velosiped ixtiro qilish kerakmas»

Rektor etib tayinlanganimdan keyin oldimda turgan eng asosiy vazifa — bu 2020−2021 o‘quv yiliga qabul jarayonlarini tashkil etish edi. Ta’lim muassasalarida korrupsiya holatlari asosan qabulda va imtihon topshirish jarayonlarida (sessiya) kuzatiladi.

Qabul jarayonida korrupsiogen holatlarni yo‘q qilish uchun velosiped ixtiro qilishning keragi yo‘q. Rivojlangan davlatlardagi ta’lim muassasalarida bunga qarshi qanday kurashilgan, hozir qanday kurashayotganligini o‘rgandik. Men o‘zim Pyotr Ilich Chaykovskiy nomidagi Moskva davlat konservatoriyasini tamomlaganman. Musiqa oliy ta’lim muassasalari bo‘yicha dunyo reytingida eng yaxshi beshtalikka kiradigan bu dargoh, shak-shubhasiz, korrupsiyadan holi. Ularning ham tajribasini o‘rgandik. Respublikamizdagi faxr bilan tilga olsa bo‘ladigan ta’lim dargohlarining tajribasini o‘rgandik.

Natijada, qabul jarayonlarining to‘liq ochiq va shaffof o‘tishini ta’minlashni maqsad qildik. Saytimizda, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda (Telegram, Facebook, Instagram) internet-translyatsiya qildik. Bu translyatsiya faqat konservatoriya o‘qituvchilari yoki ota-onalar uchun emas, balki butun dunyo uchun ochiq edi.

Ovoza qilishdan asosiy maqsadimiz ham biz e’tibor qaratmoqchi edik. Ayrim bir qo‘shtirnoq ichidagi soha vakillari nafsiga berilmasin dedik. «Hech kim bilmaydi, rektorning qulog‘iga yetib bormaydi, hammani kuzatishga imkoni yo‘q, kuzatgan joyida biz ozgina orqaga chekinamiz, kuzatmagan joyida ishimizni qilaveramiz» kabi fikrlar uyg‘onmasin deb, biz qabul jarayoniga maksimal darajada «chiroqlarni» qaratishga harakat qildik.

Jurnalist, blogerlarni jalb qilib, yoritishlarini iltimos qildik. Ularning imtihonga kirishlariga to‘liq imkoniyat yaratdik. Shu orqali nopok yo‘l bilan pul ishlayman, bolalarni qabul qilaman degan ayrim odamlarninng ishtahasini kesganimizga aminman.

Konservatoriyada asosan ijodiy imtihonlar bo‘ladi. Shu yilgacha mutaxassislik fanlaridan imtihonlarni konservatoriyaning professor-o‘qituvchilari tarkibidan tuzilgan komissiya qabul qilardi. Bu yil biz eksperiment sifatida imtihonga juda kam muddat qolganda obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan, reputatsiyasi bor san’atkorlarni, birga ijod qilgan hamkasblarimizni jalb qildik.

Bu konservatoriyaning professor-o‘qituvchilariga ishonchsizlik degani emas. O‘zim ham Konservatoriyaning talabasi bo‘lganman. Mutaxassis bo‘lib shakllanishimda Konservatoriya juda katta sababchi bo‘lgan. Shuning uchun, ishonchsizlikdan emas. Qo‘shtirnoq ichidagi mutaxassislarni chetlatish uchun, ularga qaysidir ma’noda ogohlantirish berish uchun. Bundan keyin ham biz shu yo‘nalishda faoliyatimizni olib boramiz deb maqsad qo‘ydik.

Korrupsiyaga qarshi kurash o‘z-o‘zidan ta’lim sifatining yaxshilanishiga juda ham katta ta’sir o‘tkazadigan narsa. Haqiqiy iqtidorga ega bo‘lgan, haqiqiy bilimga ega bo‘lgan, o‘rta tizimda vijdonli o‘qigan, O‘zbekiston davlat konservatoriyasining talabasi nomiga arziydigan qizlarimiz va yigitlarimiz o‘qishga kirsa, ta’lim sifatimiz ham tubdan o‘zgaradi.

«Bugun faqat yashirin ko‘rinishdagi bosimlar, tazyiqlar bo‘ladi»

Hozirgi davrning ochiqlik siyosatida hamma narsa oshkora. Bugun bir narsa qilsang, ertaga emas, kerak bo‘lsa bugunoq buni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rasan. Biron-bir noto‘g‘ri harakat qildingmi, oldin buni sen va sen muloqot qilgan odam yoki yon-atrofingdagi kishilar bilgan bo‘lsa, bugun buni butun respublika, butun dunyo bilyapti. Selektor va majlislarda ham prezidentimizning o‘zlari mana shu narsalarni kuzatayotganliklarini aytyaptilar: «Men ijtimoiy tarmoqlarda o‘qidim, ko‘rdim», deb.


Balki oldinlari, menga o‘xshagan tizim rahbarlariga ochiqdan-ochiq tazyiq o‘tkazilgandir, lekin bugun bu ozgina yashirin ko‘rinishda bo‘ladi. «Biz maslahat bermaymiz», «Balki shu narsani qilmaganing ma’quldir» yoki «Kamoliddin, buni chap qulog‘ing bilan emas, o‘ng qulog‘ing bilan eshit», va boshqa ko‘rinishdagi gaplar bo‘ladi.

Mening baxtim, menga o‘xshagan rahbarlarning yutug‘i, baxti — bugungi kundagi ochiqlik siyosati.

Ochiq bosim shu kungacha bo‘lmadi, men o‘ylaymanki bundan keyin ham bo‘lmaydi. Yashirin ko‘rinishdagi «maslahatlar», «do‘stona suhbatlar»ga duch kelsam, men shu odamlarga: «Men bugun kursdan-kursga qoldiriladigan yigitimiz yoki qizimiz imtihon topshirolmaganligiga ko‘z yumsam, unga boshqalardan farqli munosabat bildirsam, ertaga sizni o‘zingizga ziyon bo‘lib qolmaydimi?», deyman. Ular ham ko‘rib turibdi, bilib turibdi, albatta bu narsadan o‘zini bir qadam emas, o‘n qadam orqaga tashlaydi, qo‘rqadi.

«Talabalarning uchdan ikki qismi sessiyadan o‘tolmadi»

Bosimlar bo‘lmagan demayman, albatta bo‘lgan. Bunga yaqqol misol sifatida yaqinda bo‘lib o‘tgan kuzgi-qishki sessiyamizni keltirishim mumkin.

Attestatsiya jarayonlarini ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida olib boramiz deb maqsad qilgandik. Birinchidan, attestatsiya jarayonlariga konservatoriyada faoliyat olib bormaydigan, boshqa OTMlarning (Pedagogika universiteti, San’at va madaniyat instituti) o‘qituvchilarini jalb qildik. Oliygohlarning rektorlariga murojaat qilganimda, ular hamkorlikka bajonidil rozi bo‘lib, soha mutaxassislarini bizga jalb qilib berdi. Imtihon jarayonlarini internetda to‘liq yoritib bordik.

Konservatoriyadagi 1367 ta bakalavr bosqichi talabalari orasidan 937 nafari, ya’ni 2/3 qismi birlamchi attestatsiya haftaligidan o‘ta olmadi. Kimdir bitta yoki ikkita fanni topshirolmadi, yetti-sakkiz fanlardan yiqilganlar ham bo‘ldi.

Oliy ta’lim tizimining qonun-qoidalariga ko‘ra, imtihondan o‘tolmagan talabalarga ikkinchi imkoniyat beriladi. 100dan ortiq talabamiz undan ham foydalana olmadi. Shundan keyin ko‘ribsizki, yashirin tazyiqlar, maslahatlar, iltimoslar, qo‘ng‘iroqlar, portallarga yozish, shikoyatlar boshlandi. Quruq tuhmatlar ham bo‘ldi.

Sessiya paytida, ijod bilan yoki ta’lim bilan shug‘ullanishning o‘rniga, kuniga 20−30 tadan xatlarga, murojaatlarga, shikoyatlarga javob berib o‘tirdim. Lekin, buni qilishimiz, tushuncha berishimiz kerak edi.

«Maqsadimiz talabalarga „korochkasini“ berish emas-ku»

100 dan ortiq talaba birdaniga kursdan-kursga qolganligi, bunaqa shovqin ko‘tarilib ketganligi natijasida men Oliy ta’lim vazirligi va Madaniyat ishlari vazirligiga murojaat qilib, pandemiya sharoitini, respublikadagi sanitar-epidemiologik holatni va o‘quv jarayonining birinchi yarim yilligi masofaviy tarzda olib borilganligini inobatga olgan holda, istisno tarzida O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga yana bir marta imkoniyat beringlar deb so‘radim. Imkoniyat berishdi.

Biz tutgan yo‘l: shaffoflik va qat’iylik yo‘limiz o‘zimizdan o‘zimiz qilgan ish emas, bu birinchi o‘rinda talabalarga kerak, agar ular o‘zlashtirmasa ertaga o‘z o‘rnini topolmaydi. Balki diplom olib chiqib ketar, lekin maqsadimiz talabaga o‘sha «korochkasini», diplomini berish emas-ku, o‘sha bolaning o‘z yo‘lini topib ketishi-ku.

Bu imtihonlarni ham ochiqlik va shaffoflik tarzida o‘tkazib, ularga blogerlar, jurnalistlar va OAVlarni taklif qildik. Ijtimoiy tarmoqlarda boshqa ta’lim muassasalari ham shunday qilsa yaxshi bo‘lardi degan fikrlarni ham o‘qidim.

Biz qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri yo‘l tutganligimizni vaqt ko‘rsatadi. Lekin bizning bunga ishonchimiz bor, biz bu yo‘nalishda mustahkam turibmiz va biz bu qat’iylikni va talablarni davom ettiramiz.

Ba’zi talabalarimiz istisno tarzda berilgan imkoniyatdan yana foydalana olmay, kursdan kursga qolishdi. Biz ularga aytdik: «Kelinglar, o‘rganinglar. Sizlar Konservatoriya talabalari safidan chiqib ketmadinglar. Shunchaki o‘zlashtirolmaganingiz uchun kelasi yil yana o‘sha bosqichni, kursni o‘qib, yaxshiroq o‘zlashtirasiz. Bu siz uchun kerak», — deb hattoki ularning ota-onalarini chaqirib ochiq muloqot o‘tkazdik. O‘ylaymanki, aksariyati bu narsani to‘g‘ri qabul qildi.

«Oliy ta’lim vaziri imtihonga aralashishi noto‘g‘ri bo‘lishini aytdi»

Faxrlanib aytishim mumkinki, Oliy ta’lim vazirligi hamda bizning sohani boshqaradigan vazirlik va idoralar rahbarlaridan biror-bir qo‘ng‘iroq, «iltimos» yoki «maslahat» olganim yo‘q.

Yaqinda oliy ta’lim vaziri bilan tadbirda ko‘rishib gaplashdik, hurmatli vazirimizga shu vaziyat bo‘lganligini aytdim. Vazirimiz: «Kamoliddin, men bilaman. Hattoki, mening oldimga ota-onalar shikoyatlar bilan kelishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham o‘qidim. Lekin, o‘zimning bu vaziyatga aralashishimni nafaqat ep ko‘rmadim, balki buning noto‘g‘ri ekanligini ham bilaman», deb aytganlarida o‘zimga bo‘lgan ishonchim yanayam ortdi.

Madaniyat ishlari vaziri Ozod Ahmadovich bilan ham bu borada juda ko‘p maslahatlashdim: «Nima qilishim kerak, o‘zimni qanday tutishim kerak? Yoki biz noto‘g‘ri yo‘ldan ketyapmizmi?», — deb.

Ularning qo‘llab-quvvatlashi orqasidan, biz, konservatoriyaning professor-o‘qituvchilari tutgan yo‘limiz to‘g‘ri ekanligini tushundik. Agar talaba «Bugun men bilim olishim kerak, bergan imkoniyatdan to‘liq foydalanishim kerak, bu men uchun kerak», deb yondashmasa, u ertaga o‘z yo‘lini topolmasligini o‘ylab shu ishlarni qildik.

«Eng асосийси, katta rahbarlar yoki tekshiruvchi idoralar emas, vijdonimiz»

Korrupsiyaga qarshi kurashish uchun rahbarlarga o‘ziga bo‘lgan ishonch yetishmaydi. O‘zining kuchi, olib borayotgan faoliyati, qilayotgan ishlari to‘g‘riligiga ishonch. Bizni ko‘p hollarda nima orqaga qaytaradi? O‘sha ishonchsizlik.

Agar «Mana shu talaba falonchining o‘g‘li, falonchining jiyani, falonchi hurmatli odamga tegishli shaxs» deb qaraydigan bo‘lsak, qaysidir ma’noda «O‘sha odamning qarori, fikri, menga bo‘lgan munosabatidan ertangi faoliyatimni ham tuzishim kerak», degan ishonchsizlik va hadiksirash korrupsiya holatlariga olib kelishi mumkin. Ayrim hollarda o‘zining ishiga noloyiq munosabatda bo‘lgan, adashib lavozimni egallagan, ezgu maqsadlari bo‘lmagan, halollik va poklik tamoyillari asosida faoliyatini olib bormaydigan shaxslar korrupsiogen holatlarga olib keladi.

Ko‘p holatlarda eshitamiz, «Men rahbarlik qilayotgan tashkilotda mana bu vaziyat bo‘libdi, lekin ming afsuski, bilmay qolibman», deyishlari mumkin. To‘g‘ri, hamma tashkilotlar bir xil emas. Ba’zi tashkilotlarning ikkita xodimi bor, ba’zilariniki 20 mingta. Men hamma tashkilot, vazirlik, idoralarni bir-biriga tenglashtirmoqchi emasman.

Lekin, rahbar oldiga shunaqa maqsad qo‘ysa, «Men korrupsiya bilan kurashaman. Bunga kuchim yetadi. Bunaqa holat men boshqarayotgan tashkilotda, tizimda bo‘lmaydi» desa, o‘ylayman-ki, bu narsani amalga oshirsa bo‘ladi. Balki korrupsiyani to‘laqonli ildizi bilan qo‘porib tashlash vaqt talab qilar, lekin mana shunaqa mustahkam ishonchimiz va irodamiz bo‘lsa, bu narsani yo‘q qilishimiz mumkin.


Qayta-qayta aytishim mumkin, bizga ishonch kerak. Qaysidir tashkilot, vazirlik yoki idoraga emas, o‘zimizga bo‘lgan ishonch. Agar haqiqat sen tarafda bo‘lsa, u egiladi, bukiladi, lekin hech qachon sinmaydi.

Eng asosiysi sen ertalab o‘rningdan turib, yuz-ko‘zingi yuvmoqchi bo‘lib oynaga qaraganingda, vijdoningga tik ko‘z bilan qaray olasan. Vijdoningga qarab: «Men halolman, men pok yashayapman, farzandlarimga, oilamga halol luqma yediryapman», — deya olasan.

Eng asosiysi katta-katta rahbarlar, tekshiruvchi idoralar emas, asosiysi vijdonimiz. Vijdon qiynalishi oldida ming tazyiqlar-u, qiynashlar-u, senga bo‘lgan har xil nojo‘ya harakatlarning hammasi holva, mening nazarimda.

«Ta’limdagi islohotlar natijasini hozir ko‘ra olmaymiz»

Ta’lim sohasida, ta’lim tizimida biron bir o‘zgarish bo‘lsa, uning natijasini biz hozir shu yerda balki ko‘rolmasmiz. Rejalashtirish gorizontining amplitudasi ta’lim tizimida juda ham katta. Bu yil siz qandaydir yangilik kiritsangiz, buning natijasini o‘n yildan keyin, 50 yildan keyin ko‘rarsiz.

Shuning uchun ta’lim sohasini isloh qilish deganda men biroz cho‘chib turaman. Biz qanaqadir qat’iy harakatlar qilib yuborib, xatolikka yo‘l qo‘ysak, bu xato qilganimizni bugun biz balki anglab yetmasmiz. Ming afsuski, bizning farzandlarimiz biz qilgan xatolikning jabrini chekadi. «Ta’lim sohasidagi islohotlar» deb baralla ovozlarda oynai jahon orqali soha mutaxassislari gapirganda men hadik bilan qarayman.

Gapimiz bor-ku: «qirq o‘lchab, bir kes». Ta’lim sohasida ayni mana shu tamoyil asosida ishlashimiz kerak. Juda ko‘p o‘ylab, juda ko‘p mulohaza yuritib, vaqtimiz ketib qolyapti deb emas. Kerak bo‘lsa, kichkina jabhada pilot ravishda eksperiment qilib ko‘rib, butun boshli tizimga ta’sir o‘tkazib yubormaydigan holda balki o‘sha narsalarni ko‘rib, ana undan keyin qarorlar qabul qilish kerakdir.

«Butun boshli O‘zbekistonda bir donagina arfa cholg‘usi ijrochisi bor»

Ming afsuski, qaysidir tashkilot idoraning topshirig‘iga asosan ko‘r-ko‘rona qisqartirish, pul kamligi va boshqa qaysidir omillar asosida keling mana shu sohani yopib turamiz deyish qanchalik salbiy natijalarga olib kelayotganligini bugungi kundagi akademik musiqa sohasidagi dirijer kadrlarga bo‘lgan juda ham katta ehtiyoj misolida ko‘ramiz.

2009 yilda yopilgan dirijerlik ta’lim yo‘nalishi 2017 yil qayta ochilgan bo‘lsa, o‘sha yili kirgan talaba 2021, 2022, 2023 yillarda bitiradi. U musiqachi, dirijer, sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishi uchun necha-necha yillar kerak bo‘ladi, ular tajriba orttirguncha qancha qovun pishig‘i kerak bo‘ladi.

Nojo‘ya qilingan hatti-harakatlar natijasida yopilgan ta’lim yo‘nalishini ochib, talabalar kirib tahsil olishni boshlaganining mevasini 2037−2040 yillar ko‘rarmiz. Lekin, ming afsuski, hozir emas. Bunaqa vaziyatlar nafaqat dirijerlik ta’lim yo‘nalishida, balki boshqa yo‘nalishlarda ham bor.

Bizning og‘riqli nuqtalarimiz yo‘q emas. Buni ham tan olishimiz kerak. Agar tan olib, buni gapira oladigan bo‘lsak, buni yuzaga olib chiqa oladigan bo‘lsakgina, buni ertaga to‘g‘rilay olamizku. Bunga ko‘z yumib yursak, boshqa sohaning vakili kelib menga dirijer yetishtirib berib, yo‘q yo‘nalishlarni tiklab bermaydiku.

Yoki biz o‘rganib qolganmiz: «Vazirlik aybdor, u aybdor, bu aybdor, faqat men emas» deyishga. Yo‘q, biz aybdormiz. Vaqti kelganda, vazirlikka yoki kelgan tekshiruvchi komissiyaga to‘laqonli tushuntirib bera olmagandirmiz buni ertaga qanchalik salbiy natijalarga olib kelishini. Balkim o‘zimiz tushunmagandirmiz.


Bugun butun boshli O‘zbekistonda bir donagina arfa cholg‘usi ijrochisi bor, boshqa yo‘q. Bu nima degani? Ana shu muammolarga ko‘z yumadigan bo‘lsak, bu bizning tanazzulimizga, ertaga yo‘q bo‘lib ketishimizga olib keladi.

Tarixda bunaqa holatlarni ko‘p ko‘rganmiz. Yaqin qo‘shni davlatlarimizda ham vaqti kelganda klassik akademik san’at kerakmas deb yopvorilgan ta’lim muassasalari, yopvorilgan ta’lim yo‘nalishlari mana bugun ko‘rayapmiz o‘zbek musiqachilariga chiqishyapti. Katta-katta davlatning byudjet pullarini sarflab, chet eldan mutaxassislar olib kelishyapti. Bu o‘z vaqtida ertangi kunini to‘g‘ri ko‘rib, to‘g‘ri baholay olmaganligi sababli.

Konservatoriya professor-o‘qituvchilari haqida

Konservatoriyada sohasining yetuk mutaxassislari faoliyat olib boradi. Ular o‘z ishiga shu darajada professionallik va mehr bilan yondashadiki, bular konservatoriyada faoliyat olib boradi desa noto‘g‘ridek tuyuladi menga. Ular bu yerda faoliyat olib bormaydi, yashaydi, ijod muhitida, musiqada yashaydi.

Bunaqa odamlar uchun, rahbar bo‘ladimi, oddiy odam bo‘ladimi yoki ko‘chadan kelgan sohaga aloqasi yo‘q bir tinglovchi bo‘ladimi, farqi yo‘q, sahnada ko‘rsatayotgan ishi, uning natijasi va o‘zining faoliyati ustun turadi.

Men rahbarman, rektorman, lekin o‘sha professor-ustozning shogirdiman. Mana shu o‘tgan davrda biron-bir muammo bo‘lmadi. Lavozimimizdan qat’iy nazar, yoshimizdan qat’iy nazar, hammamizning faoliyatimiz ta’lim sifati, bilim, ijod — mana shu omillarning birligiga qaratilgan.

Shuning uchun biz konservatoriyada ijodiy muhit yaratish bilan bir qatorda hammamiz bitta maqsad sari ildam qadam tashlab, jips oila sifatida, hamfikrlar sifatida harakatlanishimiz kerak degan maqsadni qo‘yganman. Bu borada konservatoriyaning professor-o‘qituvchilari meni to‘la qo‘llab-quvvatlashdi. Buning natijasida bir qancha yutuqlarga erishdik. Agar bu qo‘llab-quvvatlash bo‘lmaganda, rektor va uning qo‘l ostidagi ishchilar qabilida faoliyat yuritganimizda, men o‘ylaymanki bunaqa narsalar bo‘lmasdi.

Talabalar мuvaффақияти uchun kerakli ko‘nikmalar haqida

Eng muhimi — o‘z ustida tinimsiz ishlash. XX asrning eng buyuk skripkachilaridan biri David Oystraxning mashhur gapi bor. «Agar men bir kun shug‘ullanmasam, uni men bilaman. Ikki kun shug‘ullanmasam, hamkasblarim biladi. Agar uch kun men o‘z ustimda ishlamasam, buni butun Ittifoq biladi».

Sohamizning xususiyati ham shunda. Men sozanda bo‘lib turib, agar kuniga ikki soat shug‘ullanmasam, to‘xtab qolaman, orqaga qarab ketaman. Hamkasbimga teng bo‘lishni yoki undan ustun bo‘lishni xohlasam, professional darajamni ushlab turmoqchi bo‘lsam, men har kuni shug‘ullanishim kerak.

10 yoshli maktab o‘quvchisi bo‘ladimi yoki 60−70 yoshli professional musiqachimi, prinsiplar bir xil: tinimsiz ishlash, tinimsiz izlanish. Yozuvchi yoki shoir bir asarni yaratishi uchun bir hafta, bir oy ketsa, biz ham bir musiqiy asarni olib chiqishimiz uchun muayyan vaqt ketadi.

Ustozim aytardilar: «Ta’lim jarayoni — bu faqat auditoriyada o‘tirib, o‘qituvchining senga bilim va ko‘nikmalarni berishida emas, bu o‘zing boshqalarga taqlid qilishingda, ko‘rishda, eshitishda, o‘rganishda. Hattoki professional jihatdan past darajadagi jamoalarni borib eshitish ham kerak, o‘sha jamoalarda o‘tirib, faoliyatni qanaqa olib bormaslik kerakligini tushunishing kerak. Bu ham ta’lim jarayonining bir qismi».

Davlat Umarov suhbatlashdi.