29 apreldan beri uy qamog‘ida bo‘lgan toshkentlik bloger Miraziz Bozorovga nisbatan «g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish» bo‘yicha ayblov e’lon qilindi, deb «Gazeta.uz»ga uning advokati Sergey Mayorov xabar berdi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» poytaxt IIBBga tayanib, 1 aprel kunidan 20 aprelga qadar Miraziz Bozorovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni talab qilib, fuqarolardan 28 ta ariza, shuningdek, Mirobod tumani 110-son umumta’lim o‘rta maktabi o‘qituvchilaridan jamoaviy ariza kelib tushgani haqida yozgan edi.

Bayonotga asosan, bloger internetda joylagan videolarida «ushbu fuqarolarni va ularning qarindoshlarini haqorat qilgani, ularni terroristik tashkilotlar bilan hamkorlikda ayblab tuxmat qilgani, milliy an’analarni oyoq osti qilib, ayollarning sha’niga putur yetkazayotgani hamda millatlararo nizo uyg‘otgan».

Advokat Sergey Mayorovning ta’kidlashicha, Miraziz Bozorovga «uch nafar bloger» ishi bo‘yicha ham qo‘shimcha ayblov e’lon qilingan.

«Dastlab 28 aprel kuni u tuhmat qilishda gumon qilinayotgani to‘g‘risida qaror chiqdi. U gumonlanuvchi maqomida bo‘lgan. Arizada faqat 110-maktab o‘qituvchilari haqida so‘z yuritilgandi. Qonun bo‘yicha agar ehtiyot chorasi tayinlangan bo‘lsa, 10 kun muddatda ayblov e’lon qilinishi kerak. Shuning uchun 8 may kuni unga nisbatan 110-maktabning o‘qituvchilari hamda Bozorovga ta’qib boshlagan uchta blogerning arizasiga binoan tuhmat qilish bo‘yicha ayblov e’lon qilindi», — dedi himoyachi.

Miraziz Bozorovning o‘zi Telegram-kanalida uchta bloger — Abror Abduazimov (Abror Muxtor Aliy), Shuhrat Musayev va Abusolih Salimov (AbuSolih Fox) nomini aytib o‘tgan. Uning qayd etishicha, blogerlar o‘z obunachilarini unga qarshi «qo‘zg‘agan». U, shuningdek, aytilgan blogerlardan biri «o‘ldirishga chaqiriq bilan» uning aniq manzilini e’lon qilganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tahdidlar to‘g‘risida huquqni muhofaza qilish idoralariga qilgan murojaatlariga e’tibor berilmagan.

Miraziz Bozorov 28 mart kuni o‘z uyi oldida kaltaklangan. Unda bir necha jarohat va sinishlar qayd etilgan. Shu kuni u anime va K-pop muxlislarini poytaxt markaziga yig‘ilishga chaqirgan. Shu vaqtning o‘zida u yerda LGBT ga qarshi aksiya bo‘lib o‘tgan. Toshkent markazida LGBT faollariga qarshi namoyish bo‘lib o‘tgan. O‘nlab erkaklar Forumlar saroyi qarshisida yo‘lning harakat qismida yurib, «Allohu akbar!» deb takbir aytgan. IIBB 12 kishining qo‘lga olingani va Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismining «b» bandi (bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bezorilik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan.

IIV bayonotiga ko‘ra, Bozorov Miraziz ismli fuqaro o‘zining ijtimoiy tarmoqlarida Toshkent shahridagi «Hazrati Imom» masjidi oldida va Amir Temur xiyobonida noan’anaviy jinsiy qarashlarga ega shaxslar tomonidan ommaviy namoyishlar o‘tkazish bo‘yicha chaqiriq bilan chiqqan. «Ta’kidlash kerakki, Bozorov bundan avval ham bir necha bor jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, millatimizga xos bo‘lmagan xurmacha qiliqlari aks etgan video lavhalarini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, o‘zining buzuq xulq-atvorini ommaga namoyish qilib kelgan», — deyilgandi xabarda.

Keyinroq poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi Toshkent markazida ikki fuqaro kaltaklanganini tasdiqlovchi videoni e’lon qildi. Bir guruh erkaklar ko‘chadan o‘tayotganlarni LGBT tarafdorlari deb qabul qilishgan.

Bloger shifoxadan chiqqach, unga 29 aprel kuni tahminan soat 23:15larda Mirobod tuman sudi tomonidan uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan edi. Uning advokati Sergey Mayorov esa sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyatini kiritgan, biroq u qanoatlantirilmagan.

Juma kuni Toshkent shahar IIBB Miraziz Bozorovga tan jarohati yetkazishga aloqador bo‘lgan gumon qilinuvchining (jabrlanuvchining so‘zidan tuzilgan) fotorobotini e’lon qildi va uning asosida mazkur shaxsni aniqlashda fuqarolardan ko‘mak so‘radi.