Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi (XOQ) 6 may kuni Amerikaning Pfizer kompaniyasi va uning nemis hamkori BioNTech bilan Tokiodagi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarining sportchilari uchun COVID-19 vaksinasini yetkazib berish to‘g‘risida memorandum imzolaganini e’lon qildi.

Sportchilarga vaksinalarni taqsimlash Milliy olimpiya qo‘mitalari tomonidan «har bir mamlakatning emlash tamoyillari va mahalliy qonunchilikka muvofiq ravishda» amalga oshiriladi.

«Ushbu xayriya qilingan vaksinalar Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarinining barcha ishtirokchilari uchun xavfsiz bo‘lishiga yordam beradigan, shuningdek Yaponiyadagi mehmondo‘st mezbonlarimiz bilan birdamlikni ko‘rsatadigan chora-tadbirlar majmuasining yana bir vositasidir», — dedi XOQ prezidenti Tomas Bax.

O‘yinlar ishtirokchilarining katta qismi Yaponiyaga kelguniga qadar emlanishi kutilmoqda. Qo‘shimcha vaksina dozalari mavjud vaksinalar kvotalariga va butun dunyo bo‘ylab rejalashtirilgan jo‘natmalarga qo‘shiladi.

Koronavirus pandemiyasi sababli Tokio yozgi Olimpiya o‘yinlari 2020 yildan 2021 yilga qoldirilgan. Ular 23 iyuldan 9 avgustgacha, Paralimpiya o‘yinlari — 24 avgustdan 5 sentyabrgacha o‘tkazilishi kerak.

Mart oyida koronavirus pandemiyasi davom etayotganligi sababli, o‘yinlarni tomoshabinlarsiz o‘tkazishga qaror qilindi. Chiptalarni sotib olgan barcha muxlislarga pul qaytarib beriladi.