7 may kuni davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, taniqli olim va pedagog Rustam Qosimov vafot etgani haqida yozgan edik. «Gazeta.uz» ma’lumotlariga ko‘ra, u aprel oyining boshidan beri kasalligi sababli davolanayotgan bo‘lgan.

Shu kuniyoq prezident Shavkat Mirziyoyev ta’ziyali xonadonga tashrif buyurib, marhumning farzandlari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

Rustam Qosimovning ko‘p yillik samarali mehnati davlat tomonidan munosib taqdirlanib, 2006 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan edi.

Davlat rahbarining ko‘ngil so‘rashi og‘ir damda marhumning oilasiga hamdardlik, katta dalda bo‘ldi, deyiladi xabarda.

Qur’on oyatlari tilovat etilib, duo qilingan. prezident marhumning ezgu ishlarini yodga olgan.

«Juda qayg‘udaman. Qo‘limizdan kelganini qildik. Xudoning irodasi ekan. Vatanga sadoqatli, fidoyi, aqlli, millatimizning ziyolilaridan birini yo‘qotdik. Biz juda ko‘p yillari birga ishlaganmiz, og‘ir kunlarimiz ham bo‘lgan. Hozir ham menga eng katta yordamchi, maslahatgo‘y edi. Ilohim, joylari jannatda bo‘lsin. Ishlarini farzandlari davom ettirsin», — dedi u.

Marhumning oilasi, farzandlari doimiy e’tiborda bo‘lishi ta’kidlandi.

Rustam Qosimov (1956) Toshkentda tug‘ilgan. U oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari (2001−2004), so‘ngra vazir (2004−2008), shuningdek MDHdagi sheriklar bilan aloqalar uchun mas’ul bo‘lgan, bosh vazirning ijtimoiy soha, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari (2004−2009) bo‘lib ishlagan.

Bundan tashqari, u Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori lavozimida faoliyat yuritgan (2001−2004), 2011 yildan 2016 yilgacha nafaqada bo‘lgan.

Keyinchalik mehnat faoliyatini yana davom ettirgan. So‘nggi yillarda prezidentning diniy masalalar bo‘yicha davlat maslahatchisi, O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasining rektori lavozimlarida faoliyat yuritgan.