21−31 may kunlari Toshkentdagi «Yunusobod sport majmuasi»da og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Jahon chempionati bo‘lib o‘tadi, deya xabar bermoqda Turizm va Sport vazirligi matbuot xizmati.

Musobaqa litsenzion turnirlar toifasiga kiritilgan bo‘lib, Tokio-2020 Olimpiadasida qatnashish uchun qimmatli reyting ochkolarini taqdim etadi. Musobaqalar og‘ir atletika bo‘yicha xalqaro ekspertlar hamda Turizm va sport vazirligi va O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi ko‘magi bilan o‘tkaziladi.

Aprel oyi Toshkentda og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tgandi. Musobaqada o‘zbekistonlik Ruslan Nurudinov siltab ko‘tarish musobaqasida 241 kg og‘irlikni o‘ziga bo‘ysundirib, yangi jahon rekordini o‘rnatgan edi. O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi chempionatda Qozog‘iston jamoasiga imkoniyatni boy berib, ikkinchi o‘rinni egalladi.