Armaniston parlamenti Pashinyanni bosh vazir lavozimiga saylamadi

Armaniston parlamenti 3 may kuni bo‘lib o‘tgan maxsus yig‘ilishda respublikaning bosh vaziri lavozimiga yagona nomzodni, ya’ni amaldagi bosh vazir vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyanni saylamadi. Interfaksning ma’lum qilishicha, hukmron «Mening qadamim» fraksiyasi ovoz berishda betaraf qoldi, «Obod Armaniston» muxolifat fraksiyasi yig‘ilishda qatnashmadi, «Yorqin Armaniston» muxolifat fraksiyasi esa nomzodga qarshi ovoz berdi. «Bir deputat Pashinyanning saylanishiga ovoz berdi, 3 kishi qarshi ovoz berdi, 75 kishi betaraf qoldi, Pashinyan bosh vazir etib saylanmadi», — dedi parlament spikeri Ararat Mirzoyan.

Ovoz berish jarayoni parlamentni tarqatib yuborish va muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazish maqsadida boshlangan. Armaniston Konstitutsiyasiga muvofiq, bosh vazir iste’foga chiqqan taqdirda, parlament yetti kun ichida ushbu lavozimga nomzodlarni taqdim etadi, saylovlar o‘tkaziladi. Agar bosh vazir saylanmasa, 7 kun ichida yangi saylovlar o‘tkaziladi. Agar u ko‘pchilik ovoz bilan qayta saylanmasa, Milliy Majlis qonun asosida tarqatib yuboriladi. Armaniston parlamentida ovoz berishning ikkinchi bosqichi 10 may kuni bo‘lib o‘tadi, deya xabar bermoqda Interfaks.

Pashinyanning aytishicha, partiyalar kelishuvlarni buzgan taqdirda uning fraksiyasi yangi bosh vazirni saylaydi. «Kelishganimizdek, bugun biz parlamentni tarqatib yuborish va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish uchun yangi bosh vazirni saylamaymiz. Har xil gaplar borki, yangi bosh vazirni saylashning ikkinchi bosqichida siyosiy kuchlar kelishuvlarni buzadi (o‘z nomzodlarini ilgari suradi), ammo biz bu holatda qadamlarni rejalashtirganmiz. Bunday holda „Mening qadamim“ fraksiyasi shunchaki yangi bosh vazirni saylaydi», keltiradi uning so‘zlarini TASS.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazish uchun 25 aprel kuni iste’foga chiqdi. Bu vaqt ichida u Vazirlar Mahkamasining rahbari bo‘lib ishladi.


Hindistondan qaytib kelgan Avstraliya fuqarolariga qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin

Avstraliya hukumati Hindistondagi mamlakat fuqarolarini o‘z vataniga qaytgan taqdirda katta miqdordagi jarima va hatto qamoq jazosi ehtimoli haqida ogohlantirdi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, bunday urinishlar bo‘lgan taqdirda, avstraliyaliklar 51 ming dollargacha jarima va hatto besh yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Bunday jiddiy cheklov choralarining qo‘llanilishiga Hindistonda koronavirus shtammining tarqalishi va uning o‘zga asoratlar bilan tavsiflanishi bunga sabab bo‘lgan. — Bloomberg.

Avvalroq Hindistonda COVID-19 bilan kasallanishning rekord darajadagi yangi holatlari aniqlanayotgani, shuningdek, kuniga 360 mingdan ortiq kishida virus qayd etilib, 3 ming kishi vafot etayotgani haqida xabar bergan edik.


Saudiya Arabistoni 17 maydan boshlab chegaralarini ochadi

Saudiya Arabistoni 17 maydan boshlab o‘z fuqarolari uchun boshqa mamlakatlarga sayohat qilish uchun chegaralarni ochadi va cheklovlarni bekor qiladi. Bu haqda 2 may kuni Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi. «Mahalliy vaqt bilan soat 01:00dan 2021 yil 17 maydan boshlab fuqarolar uchun sayohat cheklovlari bekor qilinadi hamda suv, quruqlik va havo aloqalari (boshqa mamlakatlar bilan) ochiladi», deb ta’kidladi vazirlik. Idoraning aniqlik kiritishicha, cheklovlarning bekor qilinishi bir necha toifalarga ta’sir qiladi: bir oydan ko‘proq vaqt oldin koronavirus sabab bo‘lgan kasallikka chalinganlar, vaksinani olganlar va tibbiy sug‘urtasi bor qirollikning 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolaridir. Chet elliklar Saudiya Arabistoniga kelgandan so‘ng 14 kunlik majburiy karantindan o‘tishlari kerak bo‘ladi, deya ta’kidlandi. — Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligining Twitter’dagi sahifasi.


G7 rivojlanayotgan mamlakatlardagi qizlarga maktab ta’limini olish uchun 15 mlrd dollar ajratadi

G7 kelgusi ikki yil ichida rivojlanayotgan mamlakatlarda qizlarning maktabga o‘qishini qo‘llab-quvvatlash uchun 15 mlrd dollar ajratishni rejalashtirmoqda. Dastur 2026 yilgacha daromadlari past mamlakatlarda 40 mlndan ziyod qizni maktabga yuborshni va 10 yoshga qadar bo‘lgan 20 mln nafar qizga o‘qishni o‘rgatishni o‘z ichiga oladi. «Qizlarning ta’limiga sarmoya kiritish — bu odamlarni qashshoqlikdan xalos qilish, iqtisodiy o‘sishni kuchaytirish, hayotni saqlab qolish va koronavirus pandemiyasi ta’sirini yengishga yordam beradigan eng uzoq muddatli sarmoyalardan biridir», — deyiladi Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida. Mablag‘larni 2X Challenge orqali tarqatish rejalashtirilgan. — Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi.


Suriyada prezidentlikka nomzodlarning uch nafari ro‘yxatdan o‘tdi

Suriya Oliy Konstitutsiyaviy sudi 3 may kuni prezident saylovlariga uch fuqaro nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishini e’lon qildi. Sud raisi Muhammad Jihod al-Lahhamning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning amaldagi prezidenti Bashar Asad, sobiq davlat vaziri Abdulla Sallum Abdulla va vatanparvar muxolifat vakili Mahmud Ahmed Muray prezidentlik uchun kurashadilar. «Uch nafar fuqaroning prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida ishtirok etish uchun arizalari ma’qullandi, qolgan arizalar konstitutsiyaviy va huquqiy me’yorlarga mos kelmaganligi sababli rad etildi», deb ta’kidladi Al-Lahham. 28 aprel kuni Arab Respublikasi Xalq Kengashi (parlamenti) spikeri Hammud Sabagning aytishicha, faqat 51 kishi, shu jumladan yetti ayol prezidentlik saylovlarda nomzod sifatida qatnashish uchun o‘z hujjatlarini topshirishgan. Konstitutsiyaga ko‘ra, so‘nggi 10 yil ichida o‘z vatanida yashab kelgan va chet el pasportiga ega bo‘lmagan 40 yoshdan katta respublika fuqarolari Suriya prezidentligiga murojaat qilishlari mumkin. — TASS.

Suriya prezidenti Bashar Asad 2 may kuni mamlakatda 2021 yil 2 maygacha sodir etilgan jinoyatlar uchun umumiy amnistiya to‘g‘risida farmon chiqardi. Farmonga muvofiq, qurol va portlovchi moddalarni noqonuniy olib o‘tishda, josuslikda va xoinlikda ayblanganlar amnistiyaga tushmaydi.

21 aprel kuni Suriyada prezident saylovlarida ilk bor ayol kishi qatnashishi haqida xabar bergan edik.


Tojikistonda 200 nafar Qirg‘iziston fuqarosiga jinoiy ish ochildi

Tojikiston Bosh prokuraturasi ikki yuz nafar Qirg‘iziston harbiy xizmatchisi va fuqarolariga qarshi «tajovuzkor urush boshlagani yoki olib borgani» uchun jinoiy ish qo‘zg‘adi. Respublika Bosh prokuraturasining ta’kidlashicha, 29 aprel kuni Qirg‘izistonning 200 nafar harbiysi va aholi guruhi Sog‘d viloyatining 2-sonli «Xo‘ja Alo» nazorat-o‘tkazish punkti oldida tartibsizliklar uyushtirgan. Tojikiston prokuraturasining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu shaxslar «rasmiy hokimiyatning ruxsati bilan» qo‘shni mamlakat fuqarolari ishlagan ustunlarni (stolba) kesib tashlashgan va ularga tosh otishgan. Natijada, bu tartibsizlikka aylandi, deya ta’kidlamoqda Interfaks. Tojikiston tomoni tartibsizliklarni Qirg‘iziston Chegara xizmati tashkil qilganini ta’kidlamoqda, deya keltirmoqda nashr rasmiy bayonotdan. — Interfaks.

Qirg‘iziston va Tojikiston 9 mayga qadar umumiy chegaraning 112 km qismini tavsiflash jarayonini yakunlashni rejalashtirmoqda. «Biz tavsif uchun 112 km berdik. 9 mayga qadar tugatishimiz kerak. Keyin prezidentlar imzo chekib, biz demarkatsiya o‘tkazamiz», dedi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev. Unga ko‘ra, muzokaralar davomida tomonlar «bir nechta» kelishuvlarga erishdilar.

28 aprel kuni Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasida to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Chegaradagi qishloqlar aholisi o‘rtasidagi ziddiyat bir kun oldin Golovnoy suv taqsimlash punktida boshlangani ta’kidlandi.

Avvalroq Qirg‘iziston va Tojikiston rasmiylari o‘zlarining harbiy qismlarini chegaradan olib chiqish jarayonini yakunlagani haqida xabar bergan edik.


Venesuelada amaldorlarga nafaqalar kriptovalyutada beriladi

Venesueladagi davlat sektori xodimlari Petro milliy kriptovalyutasida ijtimoiy nafaqalar olishni boshlaydilar. Shunday qilib, hukumat giperinflyatsiyani yengishga harakat qilmoqda, deya ta’kidlamoqda «Sekret firmы». 2020 yilda inflyatsiya darajasi 2959,8 foizni tashkil etgan. Mamlakat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, nafaqalarni Petro’ga o‘tkazish mamlakatda moliyaviy va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga yordam beradi. Avvalroq, Venesuela parlamenti mamlakatda o‘sib borayotgan qashshoqlikka qarshi kurashish uchun milliy kriptovalyutadan foydalanishni taklif qilgan edi. Deputatlar Petro’ga nisbatan asosiy ish haqi darajasini indeksatsiya qilishni rejalashtirgan. Tokenlarning narxi neft, oltin, temir va olmos narxlariga bog‘lanadi. Hozircha qonun loyihasi qabul qilinmagan. 2020 yil aprel oyida Venesuela hukumati fermerlarga kreditlarni milliy kriptovalyutada taqsimlashga qaror qilgan edi. Jami bo‘lib kichik agrosanoat korxonalariga 1 mln gektardan ortiq maydonlarga ekish uchun 650 ming Petro ajratilgan (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha taxminan 40,2 mln dollar). — Sekret firmы.