Mart oyi oxirida LGBT faollariga qarshi norozilik namoyishi kuni Toshkentda kaltaklangan bloger Miraziz Bozorov u gumon qilinayotgan yangi jinoiy ish doirasida uy qamog‘iga olingan. Bu haqda uning advokati Sergey Mayorov «Gazeta.uz» ga xabar berdi.

Himoyachining so‘zlariga ko‘ra, jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismining «g» bandi bilan (g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish/ bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 500 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatdan 400 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi) qo‘zg‘atildi.

Advokat so‘zlariga ko‘ra, Miraziz Bozorov kasalxonadan 29 aprel kuni tushdan keyin chiqarilib, darhol Toshkent shahar IIBga olib ketildi. O‘sha kuni soat 23:15 da tugagan sud qarori bilan bloger uy qamog‘iga olingan. «Hibsga olishdi. Uy qamog‘i. U uyda hozir. Unga hech kim bilan muloqot qilish mumkin emas», — dedi Sergey Mayorov.

Advokat uning himoyasi ostidagi Miraziz Bozorovga 10 kun ichida ayblov taqdim etilishini ma’lum qildi.

Toshkent shahar IIBB bayonoti

Toshkent shahar IIBB juma kuni bayonotini e’lon qilib, 1 aprel kunidan 20 aprelga qadar fuqarolardan 28 ta ariza, shuningdek, Mirobod tumani 110-son umumta’lim o‘rta maktabi o‘qituvchilaridan jamoaviy ariza kelib tushgani hamda unda Miraziz Bozorovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni talab qilishganini ma’lum qildi.

Bayonotga asosan, bloger internetda joylagan videolarida «ushbu fuqarolarni va ularning qarindoshlarini haqorat qilgani, ularni terroristik tashkilotlar bilan hamkorlikda ayblab tuxmat qilgani, milliy an’analarni oyoq osti qilib, ayollarning sha’niga putur yetkazayotgani hamda millatlararo nizo uyg‘otgan».

IIBB qayd etishiga ko‘ra, «umumta’lim o‘rta maktabi o‘qituvchilarining jamoaviy arizasida, Miraziz Bozorov internet tarmog‘idagi mediamakonlarda mazkur maktab o‘qituvchilarining kasbiy va shaxsiy sifatlari haqida haqoratli ma’lumotlar tarqatganligi va shu bilan ularning obro‘sini toptaganligi uchun unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni talab qilishgan».

Mazkur arizalar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, tegishli kompleksli ekspertiza tayinlandi, ma’lum qildi IIBB.

Tergovga qadar tekshiruv natijalariga ko‘ra, Bozorov Mirazizning xatti-harakatlarida Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi «g» bandida (g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish, ya’ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari borligi aniqlandi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov ishlari davom etmoqda.

Miraziz Bozorov videolaridan birining skrinshoti. Manba: «Dejurnыy po Uzbekistanu».

Telegram`dagi «Dejurnыy po Uzbekistanu» kanali ta’kidlashiga ko‘ra, muhokamalarga Miraziz Bozorovning o‘tgan yil oktyabr oyida TikTok ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirilgan videolaridan biri sabab bo‘lgan.

Hujum qilganning fotoroboti

IIBB Miraziz Bozorovga tan jarohati yetkazishga aloqador bo‘lgan gumon qilinuvchining (jabrlanuvchining so‘zidan tuzilgan) fotorobotini e’lon qildi va uning asosida mazkur shaxsni aniqlashda fuqarolardan ko‘mak so‘radi.

«Agar siz mazkur shaxs haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, +998712819075 va +998712334946 raqamlari orqali yoki 102 raqamiga xabar berishingizni so‘raymiz. Maxfiylik kafolatlanadi. Tergovga yordam berayotganingiz uchun oldindan minnatdorchilik bildiramiz», — ta’kidlab o‘tdi boshqarma.

Miraziz Bozorov 28 mart kuni o‘z uyi олдиdakaltaklangan. Unda bir necha jarohat va sinishlar qayd etilgan. Shu kuni u anime va K-pop muxlislarini poytaxt markaziga yig‘ilishga chaqirgan. Shu vaqtning o‘zida u yerda LGBT ga qarshi aksiya bo‘lib o‘tgan. Toshkent markazida LGBT faollariga qarshi namoyish bo‘lib o‘tgan. O‘nlab erkaklar Forumlar saroyi qarshisida yo‘lning harakat qismida yurib, «Allohu akbar!» deb takbir aytgan. IIBB 12 kishining qo‘lga olingani va Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismining «b» bandi (bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bezorilik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan.

Mirzaziz Bozorov kasalxonada, 2021 yil 29 mart. Foto: Agnieszka Pikulicka / Twitter.

Ichki ishlar vazirligi bloger Miraziz Bozorovni provokator deb ta’riflangan videoni namoyish etgan. Shuningdek, Amir Temur maydonida bo‘lib o‘tgan tartibsizliklar ishtirokchilari bilan suhbatlardan parchalar keltirgan. Ichki ishlar vazirligining ta’kidlashicha, voqea «haddan tashqari hissiyotga ega fuqarolar va huquqiy savodxonligi past bo‘lgan shaxslar, qonunchilikni chetlab o‘tib, muammoni o‘zlari hal qilmoqchi bo‘lishgan».

Keyinroq poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi Toshkent markazida ikki fuqaro kaltaklanganini tasdiqlovchi videoni e’lon qildi. Bir guruh erkaklar ko‘chadan o‘tayotganlarni LGBT tarafdorlari deb qabul qilishgan.

Avvalroq Bozorov internetda unga nisbatan ta’qib va «jazolash» bo‘yicha chaqiriqlar bo‘lganligi, shuningdek uning shaxsiy ma’lumotlari e’lon qilingani haqida xabar bergan edi.

BMTning O‘zbekistondagi jamoasi O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish idoralarini o‘tgan hafta oxirida sodir bo‘lgan xavotirli voqealar yuzasidan xolis tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan edi.