Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev viloyatda o‘rnatilishi rejalashtirilayotgan bayroq haqida munosabat bildirdi. U bayroq ilinadigan ustun biror biror homiy tomonidan ixtiyoriy qo‘llab-quvvatlansagina qurilishini, davlat byudjetidan mablag‘ sarflanmasligini aytib o‘tdi.

U mazkur masalani jamoatchilik e’tiboriga olib chiqqani uchun OAVlarga minnatdorchilik bildirdi. U davolanishda bo‘lgani sababli bu xabar haqida shifoxonada o‘qiganligini aytdi.

Zoyir Mirzayev prezidentning talaba va maqsadlari xalqning yashash sharoitlarini yaxshilashdan iborat bo‘lib turgan bir paytda, bu kabi qurilish ishlariga o‘zi ham qarshi ekanligini aytib o‘tdi.

Hokim Qarshi shahridagi 136-sonli oilaviy yotoqxonaga borib, uysiz fuqarolarnining majburlikdan xarobaga aylangan binoda yashayotganligi uni qiynaganini ta’kidladi. Zoyir Mirzayev ushbu yotoqxonaga yarim mlrd so‘m ajratilib, 17 nafar fuqaroning operatsiyalari amalga oshirilayotganini aytdi.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

“Ushbu xaroba yotoqxonani ta’mirlash uchun 2,5−3 mlrd atrofidagi mablag‘ni manbasini qayerdan topishni bilmay turgandim. Ustun uchun sarflanayotgan 1,35 mlrd so‘mni ushbu yotoqxona ta’miriga yo‘naltiramiz. Qolgan summani ham manbasini topib, ushbu yotoqxonani katta tantana bilan topshiramiz. Mustaqilligimizning 30 yillik bayramiga ustun emas, fuqarolarimiz uchun shinam xonadonlar tuhfa qilamiz. Xo‘sh, nima deysizlar?”, — deydi Qashqadaryo viloyati hokimi.

U “Mehr” operatsiyasini eslab o‘tib, ayollar va yuzlab begunoh bolalar O‘zbekistonga qaytarilgan bir paytda, “yonimizdagi yotoqxona xaroba ahvolda bo‘lsa-yu, biz „ustun quramiz“, deb xalqning jig‘iga tegib o‘tirsak”, deya ta’kidladi.

Shuningdek, hokim bayroq ilinadigan ustun masalasi haqida davlat byudjetidan mablag‘ sarflanmasligini, biror homiy uni ixtiyoriy qo‘llab-quvvatlansagina qurilishini aytdi.

Zoyir Mirzayev bu kabi mablag‘larning sessiyalarda tasdiqlanishida mahalliy kengash deputatlarini, jamoat faollari ishtirokidagi “xalqparvar komissiya"larini ham faollikka chaqirdi.

Eslatib, o‘tamiz, Qarshida 1,35 mlrd so‘mlik bayroq o‘rnatilishi haqida xabar berilgan edi. Oliy Majlis deputati Doniyor G‘aniyev ushbu holatga munosabat bildirib, 2 yil avval Farg‘onadagi shunga o‘xshash holatni yodga oldi. O‘shanda Farg‘onada o‘rnatilishi kerak bo‘lgan bayroqning sarf-harajatlari 1 mlrd so‘m atrofida bo‘lishi aytilganligi va narxini eshitib hokim haydab yuborganligini yozib qoldirgandi.