O‘zbekiston va Rossiya mudofaa vazirlari Bahodir Qurbonov hamda Sergey Shoygu chorshanba kuni Buxoroda 2021−2025 yillarda O‘zbekiston va Rossiyaning harbiy sohadagi strategik hamkorligi dasturini imzoladilar. Bu haqda RIA Novosti xabar qildi.

Dasturni imzolash marosimi RF mudofaa vazirining 27 aprel kuni boshlangan O‘zbekistonga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi. Tashrif dasturidan xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik muammolari, shuningdek, O‘zbekiston va RF o‘rtasidagi harbiy va harbiy-texnik hamkorlik masalalari muhokamalari o‘rin olgan.

Sergey Shoygu bunday dasturning ilk bor ishlab chiqilgani va erishilgan o‘zaro aloqalar sur’ati sur’atini qo‘llab-quvvatlash, harbiy sohada ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilganini qayd etdi. Rossiya mudofaa vaziri, shuningdek, ushbu sohadagi munosabatlarning yuqori darajasi avvalo Rossiya va O‘zbekiston prezidentlari o‘rtasidagi munosabatlar tufayli rivojlangan va mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.

«Biz strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarimizni aniq amaliy mazmun bilan to‘ldirish nuqtai nazaridan Rossiya bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdormiz. Shu bilan birga, O‘zbekiston mudofaa va mintaqaviy xavfsizlik sohasida ham Rossiya Federatsiyasi bilan har tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanligini ta’kidlamoqchiman», — deya RIA Novosti O‘zbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonovning so‘zlarini keltiradi.

Rossiya mudofaa idorasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari — bu harbiy xavfsizlikni ta’minlash, O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining jangovar salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, harbiy kadrlarni tayyorlash bo‘yicha ikki tomonlama tadbirlarni o‘tkazishdir.

RF Mudofaa vazirligi rahbarining ta’kidlashicha, «O‘zbekiston — Rossiyaning Markaziy Osiyo mintaqasidagi strategik sherigi». «Bugun chaqiriqlar va tahdidlarga, ayniqsa xalqaro terrorizmga qarshi birgalikda kurashish muhim», dedi Rossiya mudofaa vaziri.

Sergey Shoygu O‘zbekistonga mamlakat xalqining fashizm ustidan erishilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi to‘g‘risidagi arxiv hujjatlari to‘plamini topshirdi. Shuningdek, u o‘zbekistonlik hamkasblarini xalqaro xavfsizlik bo‘yicha Moskva konferensiyasiga, armiya xalqaro harbiy-texnik forumiga va xalqaro armiya o‘yinlariga taklif qildi.

Qayd etish joizki, Rossiya Mudofaa vazirligi rahbari Tojikistonga tashrifidan so‘ng O‘zbekistonga tashrif buyurdi. U yerda tomonlar havo hududlarida davlat chegarasini himoya qilish ishonchliligini oshirish uchun Rossiya va Tojikistonning Qo‘shma mintaqaviy havo hujumidan mudofaa tizimini yaratishga kelishib oldilar.