Bugungi kunda O‘zbekistonda 23 ta erkin iqtisodiy va 348 ta kichik sanoat zonasi faoliyat olib bormoqda. Erkin iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati 2,6 mlrd dollarlik 453 ta loyiha amalga oshirilib, 36 mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan. Kichik sanoat zonalarida esa 5 trln so‘mlik 1497 ta loyiha ishga tushirilib, 36 mingdan ziyod kishining bandligi ta’minlangan.

Biroq mazkur zonalarda mahalliy va xorijiy investorlar o‘z faoliyatini to‘laqonli boshlashi uchun bir qator tashkiliy, jumladan, infratuzilma masalalari bilan bog‘liq muammolar ham yo‘q emas.

Shundan kelib chiqib, prezident Shavkat Mirziyoyev 27 aprel kuni erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlat rahbarining «Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan joriy yilda erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari infratuzilmasini yaxshilash uchun 1,6 trln so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Xususan, 17 ta erkin iqtisodiy zonada qo‘shimcha elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlari hamda avtomobil yo‘llarini barpo etish uchun 584 mlrd so‘m, 145 ta kichik sanoat zonasi uchun 395 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Yirik investitsiya loyihalarini infratuzilma bilan ta’minlash maqsadida 232 mlrd so‘m ko‘zda tutilgan. Rivojlanishdan ortda qolgan 33 ta tumanda sanoat va biznesni jadal rivojlantirish uchun 264 mlrd so‘m ajratiladi.

Mutasaddilarga mazkur mablag‘larni ajratish va maqsadli ishlatilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.


Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev endigi eng muhim masala erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalaridagi loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish ekanini ta’kidladi.

«Tadbirkorlar juda katta umid bilan erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida qiyin masala bo‘lgan infratuzilmani hal bo‘lishini kutib o‘tiribdi. Shuning uchun O‘zbekiston tarixida birinchi marta zonalarga 1,6 trln pul ajratildi. Bu — yo‘l infratuzilmasi, elektr energiya, gaz va suv ta’minoti, umuman, nimaiki lozim bo‘lsa o‘sha masalalarni joy-joyiga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rish kerak. Albatta, joylardagi iqtisodiy zonalarda infratuzilmalar yo‘qligi tabiiy. Alohida ishchi guruh tuzib, har bir iqtisodiy zona bo‘yicha yo‘l xaritasini tuzish kerak. Shoshilmasdan, bir oy kechiksak ham barcha sohada sifat, sifat, yana bir bor sifatga e’tibor qaratish kerak… 206 ta tuman va shaharlarimiz bo‘yicha import hajmi qancha va lokalizatsiya masalasi nima qilishimiz kerak degan savolga javob yo‘q», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari asosiy e’tiborni importni qisqartirishga qaratish lozimligini ta’kidladi.

«Eng katta yo‘nalish importni qisqartirish, shu bilan birga, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish. Qaysi tumanga qanday loyiha to‘g‘ri kelishini aniqlab berishimiz kerak. Yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lni topishimiz kerak. Bu tuzilmaga hamma standartni qo‘shishimiz lozim. Standart bo‘lmasa eksport bo‘lmaydi», — dedi prezident.

Joriy yilda erkin iqtisodiy zonalarda 1,1 mlrd dollarlik 332 ta loyiha, kichik sanoat zonalarida esa 9,5 trln so‘mlik 1800 ta loyiha ishga tushirilishi reja qilingan.