Davlat jahon tillari universitetining 6 nafar talabasi 2020 yili karantin tufayli masofaviy ta’lim olayotganida elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab, nazorat ishlarini o‘z vaqtida modulga yuklay olmagan. Shu sabab ular keyingi kursdan yiqilgan.

Ushbu holat yuzasidan talabalardan birining bobosi joriy yilning fevralida Inson huquqlari bo‘yicha vakilga murojaat qilgan.

Ombudsman matbuot xizmatining хабарига ko‘ra, u imtihon natijalaridan norozi ekani, nabirasi va yana besh nafar talabalarga qayta imtihon topshirish imkoniyati berilishini so‘ragan. Qolaversa, ushbu masalada bir yil mobaynida ko‘plab yuqori turuvchi tashkilotlariga murojaat qilgani, lekin hech qanday natija bo‘lmaganini ham ma’lum qilgan.

Ta’kidlanishicha, murojaatchining nabirasi pandemiya sharoitida nazorat ishlarini bajarib, ularni qishloqdagi elektr uzilishlari sabab mavjud modul (masofadan o‘qitish kurslari o‘quv portali) tizimiga yuklashda qiyinchiliklarga duch kelgan.

Biroq, o‘qituvchi talabalarga imkon bermasdan ularni oraliq va yakuniy nazorat ishlarini topshirishga qo‘ymagan va akademik qarzdor qilgan. Shundan so‘ng, 2020 yilning dekabr oyida talabalarning ota-onalari tegishli vazirlik va idoralarga farzandlariga yana bir imkon berilishini so‘rab murojaat qilgan.

Bundan norozi bo‘lgan universitet o‘qituvchisi esa talabalarning modul tizimida to‘plagan ballarini inobatga olmay, ularga past baho qo‘yib, kurs ishidan yiqitgan va 6 nafar talabani 3 kursda qoldirib yuborgan.

«Ushbu murojaat Ombudsman nazoratiga olingach Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 19 fevraldagi 92-son buyrug‘iga asosan imtihon olish uchun holis o‘qituvchilardan iborat ishchi guruhi tuzildi, A.Raxmonov va 5 nafar talaba holisona imtihon topshirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi», — deyiladi xabarda.

Natijada talabalarning barchasi imtihonlardan o‘tgan va 4 kursga tiklangan.

Avvalroq, Davlat jahon tillari universiteti hamda uning akademik litseyi o‘qituvchi va talabalari orasida koronavirus bilan kasallanish holatlari aniqlangani sababli masofaviy ta’lim shakliga o‘tgani haqida yozgan edik.