Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2021 yilning I choragi davomida jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida 108 mingdan ortiq qonun buzilishlar aniqlangan. Bu haqda agentlikning Axborot xizmati xabar bermoqda.

Shundan 79 mingdan ortig‘i muddat buzilishi, qariyb 20 mingtasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xizmatini ko‘rsatish va 1129 tasi esa ortiqcha hujjat talab qilish holatlari bilan bog‘liq.

Tashkilotlar kesimida davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini buzish holatlari:

  • Kommunal tashkilotlar — 88 509 ta;
  • Sog‘liqni saqlash muassasalari — 6199 ta;
  • Kadastr organlari — 3831 ta;
  • Davlat soliq organlari — 1405 ta;
  • Qurilish organlari — 1369 ta.

Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan davlat organlari va boshqa tashkilotlarga ogohnomalar, taqdimnomalar kiritildi hamda aybdor shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Natijada 356 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortilib, ulardan 20 nafar shaxs egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Qolaversa, 922 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jarima jazosi qo‘llanilgan.

Agentlik shuningdek, markazlar orqali xizmatlarini o‘z vaqtida joriy etishni kechiktirgan tashkilotlarning mas’ul xodimlari ham javobgarlikka tortilganini ma’lum qildi.

«Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Qurilish vazirligi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi, „O‘zarxiv“ agentligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, „Hududgazta’minot“ AJ, „O‘zsuvta’minot“ AJ, tug‘ruqxona va shifoxona tug‘ruq bo‘limlari Davlat xizmatlari markazlari orqali xizmatlarini o‘z vaqtida joriy etish choralarini ko‘rmagan. Natijada, qayd etilgan idoralarning mas’ul xodimlari ma’muriy javobgarlikka tortildi», — deyiladi xabarda.

Davlat xizmatlari agentligi asosiy maqsad — aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda mavjud muammo va kamchiliklarni aniqlash, vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ularga yechim topishdan iborat.

«Aslida Davlat xizmatlari agentligining asosiy vazifasi fuqarolar va tadbirkorlarning davlat xizmatlari ko‘rsatish borasida yumushlarini oson va byurokratik to‘siqlarsiz hal etishdan iborat. Biroq, bunda hamkorlikda ish olib borayotgan 50 dan ortiq davlat tashkilotlaridan birortasi xizmat ko‘rsatish tartibini buzishi — tizimdagi zanjir uzildi degani», — deyiladi agentlik xabarida.

«Gazeta.uz» yanvar oyi o‘rtalarida kommunal tashkilotlar faoliyatida 20 mingga yaqin qonunbuzarlik aniqlangani, aybdorlarning 67 nafari jarimaga tortilgani, yana 33 nafariga esa intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgani haqida yozgan edi.

27 fevralga kelib esa chaqaloqlarni ro‘yxatdan o‘tkazmagani uchun Toshkentdagi tug‘ruqxonalarning 14 nafar mansabdori jarimaga tortilgandi.