Toshkent xalqaro aeroportiga kirib borishdagi anchadan beri yopiq yotgan estakada yo‘li ochilishi kutilmoqda. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovga tayanib, «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

Prezident matbuot kotibining ta’kidlashicha, bu yo‘lovchilarga katta qulayliklar yaratadi.

Avvalroq, Uzbekistan Airports rahbari Ra’noxon Jo‘rayeva 2021−2022 yillarda Toshkent aerovokzalini rekonstruksiya qilish dasturini e’lon qilgandi. Uning sig‘imi ikki baravar (soatiga 600 dan 1200 yo‘lovchiga) oshiriladi.

Hozirda kutib oluvchi va kuzatuvchilar uchun poytaxt aeroportining terminal binosiga kirish taqiqlanadi va ulardan har qanday ob-havo sharoitida ham tashqarida bo‘lishlari talab qilinadi. Xalqaro aeroportda kutayotganlar uchun ayvon mavjud, ammo mahalliy aviatarmoqlar terminali oldida odamlar ko‘chada kutishiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, xabar berilishicha, Fransiya fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi bilan birgalikda Toshkent davlat transport universiteti tarkibida Fuqaro aviatsiyasi uchuvchilarini tayyorlash maktabi ochilishi rejalashtirilgan.