“Gazeta.uz” Toshkentda 8 apreldan buyon reklama konstruksiyalari ommaviy ravishda demontaj qilinayotgani haqida xabar qilgan edi. Tashqi reklama obyektlari mulkdorlari konstruksiyalar qonun bo‘yicha o‘rnatilgani, “snos” esa “yuqoridan tushgan topshiriq asosida” amalga oshirilayotganini ma’lum qilishdi. Tadbirkorlar shu vaqtga qadar 300 dan ziyod bilbordlarni buzib tashlagan hukumatning harakatlarini noqonuniy deb atab, ushbu qarorni asoslab berishni talab qilishdi.

O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vaziyatga munosabat bildirar ekan, tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) qurish, o‘rnatish, ularga yer ajratish, to‘lovlar miqdorini aniqlash, texnik jihatdan tartibga solish va boshqa masalalar Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida"gi qarori (VMQ№104) bilan tartibga solinishini ma’lum qildi.

Barcha hududlarda ishchi guruhlar tashkil etilib, barcha turdagi tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalar) xatlovdan o‘tkazilgan.

Natijada respublika hududlarida joylashtirilgan jami 12 318 ta tashqi reklama obyektlarining (konstruksiyalari)ning 7 108 tasi (57,7%) qaror talablariga muvofiq emasligi aniqlangan. Shundan, Toshkent shahrida joylashgan 6 630 ta konstruksiyaning 3 207 tasi yoki 50 foizga yaqinida kamchilik aniqlangan, deyiladi xabarda.

Qaror talablariga nomuvofiq deb topilgan 7 108 ta tashqi reklama obyektlarining (konstruksiyalarining) 2 094 tasi yo‘l qatnov qismida joylashganligi, 201 tasida oraliq masofaga rioya qilmaganligi, 1 353 tasining egasi aniqlanmagan hamda 3 460 tasida boshqa kamchiliklar (avtomobil yo‘llarining ajratuvchi bo‘lagida, xususan, yo‘lning yonma-yon joylashgan qatnov qismlarini ajratuvchi, transport vositalari harakatlanishi yoki to‘xtashi uchun mo‘ljallanmagan, yo‘l sathidan baland va (yoki) yotiq chizig‘i bilan belgilangan qismida hamda trotuar va piyodalar yo‘lkalarida, xavfsizlik orolchalarida joylashgan va boshqalar) aniqlangan.

Xususan, Toshkentda joylashgan va qaror talablariga nomuvofiq deb topilgan 3207 ta tashqi reklama obyektining (konstruksiyalarining) 1459 tasi yo‘l qatnov qismida joylashganligi, 124 tasida oraliq masofaga rioya qilmaganligi, 1104 tasining egasi aniqlanmagan hamda 520 tasida boshqa kamchiliklar (avtomobil yo‘llarining ajratuvchi bo‘lagida, xususan, yo‘lning yonma-yon joylashgan qatnov qismlarini ajratuvchi, transport vositalari harakatlanishi yoki to‘xtashi uchun mo‘ljallanmagan, yo‘l sathidan baland va (yoki) yotiq chizig‘i bilan belgilangan qismida hamda trotuar va piyodalar yo‘lkalarida, xavfsizlik orolchalarida joylashgan va boshqalar) aniqlangan.

Qo‘mitaning qayd etishicha, Toshkentning birinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida faqat video ekranli va ikkinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida aralash turdagi yuqori texnologiyali tashqi reklama ob’ektlari (konstruksiyalari) o‘rnatilishi kerak. Bu dastlab 2020 yil 31 dekabrga qadar birinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida hamda 2021 yil 31 dekabrga qadar ikkinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida amalga oshirilishi lozim.

Qarorga muvofiq, yuqori texnologiyali qurilmalarga o‘zgartirish ishlari belgilangan muddatlarda bajarilmagan taqdirda, bunday qurilmalar ularning egalari tomonidan o‘z kuchi bilan olib tashlanadi (demontaj qilinadi) va yer maydoni tartibga keltiriladi, aks holda qurilmalar sud tartibida tegishli hokimlik tomonidan demontaj qilinadi va barcha xarajatlar reklama obyektlari (konstruksiyalari) egalaridan undiriladi.

Qo‘mita tashqi reklama obyekti talablarga nomuvofiq joylashtirilgan bo‘lsa tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish uchun avval tuzilgan shartnomalar, berilgan pasportlar, guvohnomalar, sertifikatlar, ruxsatnomalar va huquqni belgilovchi boshqa hujjatlar bekor qilinishini ko‘rsatib o‘tdi. Mulkdorlarga sudga murojaat qilish tavsiya etildi.

Antimonopoliya qo‘mitasi barcha tomonlarni “Reklama to‘g‘risida"gi qonun va Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida"gi 2020 yil 20 fevraldagi 104-sonli qarori talablariga rioya qilishga chaqirdi.

Humo Media direktori Saveliy Sokolov “Gazeta.uz"ga davlat organlari birinchi va ikkinchi darajali ko‘chalar ro‘yxatini tuzgani, biroq u ushbu ro‘yxatni rasman olmaganini ma’lum qildi.

“Ya'ni biz qaysi ko‘chalarning birinchi darajali, qaysilarining ikkinchi darajali ekanligini bilmaymiz. Shuning uchun ekranlarni qayerga joylashtirish kerakligi noma’lum. Mutlaqo. Biz bu faylchani Telegramdan oldik, lekin biz uni oldik deb hisoblamayman. Va Mirobodda barcha konstruksiyalarni kesib tashlagan joyda ko‘chalar yo‘q. Ya’ni ular o‘zlariga o‘zlari qarshi chiqishayapti”, — dedi u.

Tadbirkor barcha hukumat qarorining demontajga faqatgina sud qarori bilan ruxsat berilishi aytilgan asosiy bandini inobatga olmayotganini ta’kidlab o‘tdi.

“Antimonopoliya qo‘mitasi e’tirozingiz bo‘lsa sudga boring, demoqda. Axir bu huquqiy xaosku. Konstruksiyamizga kelgan militsiyaga „qonunbuzarlikni to‘xtating“, „mol-mulkka tajovuz qilishmoqda“, — desak, ular: „sudga bor“, — deyishmoqda. Vaholanki qarorda [demontajgacha] sud qarori bo‘lishi kerak, deyilmoqda. Qaror esa yo‘q. Qonunsizlik”, — dedi u.

Saveliy Sokolov bir qancha tadbirkorlar allaqachon konstruksiyalar demontaj qilingani uchun sudga murojaat qilishganini ma’lum qildi.