O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 24 aprel kuni Xo‘jandda Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda bilan uchrashadi. Bu haqda qo‘shni davlat Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Hukumat rahbarlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning iyunning birinchi yarmida Tojikistonga amalga oshirilishi kutilayotgan rasmiy tashrifiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qilishadi. Oliy darajadagi tadbirlar dasturlari mazmuni, jumladan, tashrif chog‘ida imzolanadigan hujjatlar loyihalari masalalari ko‘rib chiqiladi.

Uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish uchun 21 aprel kuni O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari vakillaridan iborat ekspertlar delegatsiyasi Dushanbega yetib bordi. Ular savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va suv-energetika bo‘yicha aloqalar, shuningdek, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlik masalalarini ishlab chiqadilar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tojik matbuoti hukumatdagi manbalariga tayanib prezident Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan 10−12 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan Dushanbeda bo‘lishi haqida xabar bergan edi.