15−16 aprel kunlari prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi davomida viloyat faollari, ziyolilar va yoshlar bilan uchrashgan edi. Unda davlat rahbari viloyatni rivojlantirishning beshta yo‘nalishini, shu jumladan sanoat, transport logistikasi va turizm sohalarini belgilab berdi.

Ushbu yig‘ilishda Paxtachi tumanidagi 9-maktabning yoshlar yetakchisi Muqaddas Mustafoyeva ham so‘zga chiqib, tumanda ham Qorako‘l maktabidek ixtisoslashgan maktab-internat faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklifini ilgari surgan edi.

Prezident uning taklifini qo‘llab-quvvatlab, xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovga zaruriy chora-tadbirlarni ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Sobiq Paxtachi avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kolleji binosi. Foto: Samarqand viloyati XTB.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasining хабарига ko‘ra, vazir Sherzod Shermatov 20 aprel kuni Paxtachi tumaniga borgan.

«Vazir sobiq Paxtachi avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kolleji binosi o‘rnida fizika va matematika fanlariga ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasiga alohida e’tibor qaratdi», — deyiladi xabarda.

Maktab-internat tashkil etilishi ko‘zda tutilgan bino 2009 yilda qurilgan. U 850 o‘quvchi o‘rniga ega bo‘lib, 25 ta o‘quv xonasidan iborat.

Tashrif vaqtida Sherzod Shermatov binoning belgilangan talablarga javob berishi, maktabga malakali o‘qituvchilarni jalb qilish masalalari, qolaversa, o‘quvchilarni yotoqxona bilan ta’minlash imkoniyatlarini o‘rgangan.

Sobiq Paxtachi avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kolleji binosi. Foto: Samarqand viloyati XTB.