Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 apreldagi farmoni bilan 9 may — Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish dasturini tasdiqladi.

Joriy yilda tadbirlar «Xotira bor ekan — millat barhayot», «E’tibor va g‘amxo‘rlik — insoniy burch» shiorlari ostida bo‘lib o‘tadi.

«Ikkinchi jahon urushi millionlab begunoh odamlarning bevaqt o‘limiga, mislsiz yo‘qotishlar va talafotlarga sababchi bo‘lgan dunyodagi eng dahshatli, qonli qirg‘inlardan biri sifatida insoniyat tarixida muhrlanib qoldi.

Ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi ham haqiqiy jasorat va fidoyilik ko‘rsatib, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga ulkan hissa qo‘shdi. Xususan, 2 millionga yaqin yurtdoshimiz janglarda ishtirok etib, ularning 500 mingdan ortig‘i qahramonlarcha halok bo‘ldi.

Shu bilan birga, urush davrida respublikamiz front uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha va boshqa vositalarni yetkazib beradigan muhim ta’minot markazlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, yurtdoshlarimiz janglar davom etayotgan hududlardan O‘zbekistonga ko‘chirilgan 1,5 milliondan ortiq keksalar, ayollar va yosh go‘daklarni bag‘riga olib, og‘ir damlarda ularga beqiyos g‘amxo‘rlik ko‘rsatdi".

Prezident farmonidan

Farmonga asosan, yolg‘iz va kam ta’minlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turar joyi va uy xo‘jaliklarini ta’mirlash, obodonlashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga, front orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish belgilangan.

Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi ishchi guruhga Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, ularni parvarish qilish maqsadida tibbiy bilimlarga ega xodimlarni (shartnoma asosida) biriktirgan holda doimiy ravishda patronaj xizmatini yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, urush qatnashchilari va nogironlarining istaklari asosida ularni respublika hududidagi sanatoriylarga bepul yuborilishi mumkin.

Toshkent shahridagi «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasida, viloyatlardagi «Vatanparvarlar» bog‘lari va boshqa belgilangan joylarda harbiy texnikalar namoyishi, Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kompozitsiyalar installyatsiyasini, jumladan, urush yillarining qo‘shiq va kuylari hamda tegishli sharoitlar yaratish bilan bog‘liq tadbirlarni tashkil etiladi. Ko‘chalar va maydonlar bayramga bag‘ishlangan plakatlar va stendlar bilan bezatiladi.

Mudofaa vazirligi Toshkent shahrida 9 may soat 21.00 da Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram salyutini tashkil qiladi.

Farmonda barcha ommaviy tadbirlar koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish chora-tadbirlari dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining tavsiyalari asosida amalga oshirilishi ta’kidlab o‘tildi.