«Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida» gi prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab, IIV Akademiyasida kadrlarni tayyorlash jarayoniga bakalavriat va magistraturani o‘z ichiga oluvchi ikki bosqichli oliy ta’lim tizimi joriy etiladi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Ma’lumotga ko‘ra, bakalavriat bo‘yicha o‘qitish kunduzgi va sirtqi ta’lim shakllarida yo‘lga qo‘yiladi.

Magistratura bo‘yicha o‘qitish rahbar kadrlarni tayyorlashga qaratiladi hamda ikkinchi darajadagi «tashkiliy-taktik boshqaruv» va «birinchi darajadagi tashkiliy-strategik boshqaruv» yo‘nalishlarida tashkil etiladi.

Magistraturaning har bir yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddati 1 yil etib belgilandi.

Shu bilan birga, IIV akademik litseylarining huquqshunoslik fani bo‘yicha idoraviy fan olimpiadasi g‘olibi bo‘lgan bitiruvchilarining Akademiyaga o‘qishga qabul qilinishi uchun faqat maxsus kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tishlari yetarli hisoblanishi ma’lum qilindi.

1 sentyabrdan ichki ishlar organlarining serjant tarkibidagi lavozimlarida xizmatni o‘tash uchun faqat oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar qabul qilinadi. Huddi shu sanadan ichki ishlar organlarining safdor tarkibidagi lavozimlariga nomzodlar faqat idoraviy akademik litseylar, harbiy-akademik litseylar bitiruvchilari, profilaktika inspektorining yordamchilari, shuningdek, oliy ma’lumotga ega yoki sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha tahsil olayotgan shaxslar orasidan qabul qilinadi.

Bundan tashqari, mazkur qarorga muvofiq, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining Nukus filiali tashkil etiladi.

Filialda to‘laqonli o‘quv jarayoni Akademiyaning bakalavriati bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanishi belgilandi.

Ta’lim olish uchun nomzodlar dastlabki bosqichda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida, keyinchalik O‘zbekistonning boshqa hududlarida doimiy yashovchi shaxslar orasidan tanlab olinadi.

Filialga o‘qishga qabul qilish kvotasi Akademiyaga umumiy qabul kvotasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati ichki ishlar organlarining ehtiyojini inobatga olgan holda belgilanadi.

Muassasada ta’lim olgan bitiruvchilarga Akademiya bitiruvchilari uchun nazarda tutilgan diplom beriladi.