15 apreldan 16 aprelga o‘tar kechasi Olmaliqning AGMK jamoasi markazlashgan holda o‘tkazilayotgan OCHL guruh bosqichidagi yurishini boshladi. «A» guruhidagi 1-tur o‘yinini «Al Hilol»ga qarshi o‘tkazgan AGMK jamoasi musobaqadagi ilk ochkosini qo‘lga kiritdi.

O‘yin boshlanishidanoq AGMKning raqibga nisbatan qo‘llagan pressingi natijasida «Al Hilol» darvozaboni Mayuf xatoga yo‘l qo‘ydi va bu vaziyatda olmaliqliklar hujumchisi Zafar Polvonov gol urishni uddasidan chiqdi. Uchrashuvdagi ikkinchi golni «Al Hilol» jamoasi urdi. «Al Hilol»ning o‘ng qanotdan uyushtirgan hujumini bartaraf etishga chog‘langan Rahmonov to‘pni qaytarish chog‘ida o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. «Al Hilol» tanaffusga qadar hisobdagi farqni o‘z tomoniga og‘dirdi. Himoyadagi to‘p yo‘qotish natijasida «Al Hilol» hujumi keskinlashdi va Karrilo uzatmasini Vetto golga aylantirdi. Uchrashuvning 70-daqiqasida Sanjar Tursunov boshlagan hujumni Sanjar Shoahmedov gol bilan yakunladi.

Shu tariqa AGMK Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichidagi ilk o‘yinida «Al Hilol» bilan durang o‘ynadi.

O‘yindan so‘ng olmaliqliklar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov uchrashuv haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Foto: AGMK matbuot xizmati

«O‘yin juda ham qiziqarli bo‘ldi. Har ikki jamoa maydonga g‘alaba uchun tushdi, shunga yarasha harakatlandi. Menimcha, bugungi futbol chetdan qaraganda ham tomoshabop bo‘ldi. AGMK uchun bugungi bahs tarixiy bo‘ldi. Jamoamiz ilk bor OCHL guruh bosqichida o‘ynadi. „Al Hilol“ bilan safarda o‘ynash nafaqat biz uchun, balki istalgan jamoaga katta qiyinchilik tug‘diradi. Men futbolchilarim bilan faxrlanaman. Biz bu musobaqaga shunchaki kelmaganmiz. Kecha aytib o‘tganimdek, guruh bosqichi yakunlanganidan so‘ng kimlar keyingi bosqichga chiqqani ma’lum bo‘ladi. Biz qo‘limizdan kelganicha va imkon qadar har bir o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rib, g‘alaba uchun maydonga tushamiz hamda muxlislarimizni xursand etishga harakat qilamiz», — deydi Qosimov.

O‘zbekistonning ikki jamoasi «Paxtakor» hamda AGMK OCHLdagi 1-turni durang bilan boshladi. «Paxtakor» 2-turni 17 aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da «Eyr Fors» klubiga qarshi o‘tkazsa, AGMK 18 aprel kuni «Istiqlol»ga qarshi 2-tur bahsini o‘tkazadi. Mazkur o‘yin Toshkent vaqti bilan 00:00 da boshlanadi.