14 aprel kuni Osiyo Chempionlar ligasi doirasida «Paxtakor» jamoasi o‘z ishtirokini boshladi. «B» guruhidan joy olgan O‘zbekiston jamoasi dastlabki uchrashuvini Eronning «Traktor» klubiga qarshi o‘tkazdi. Jangovar kechgan bahsda 3:3 hisobidagi durang natija qayd etildi.

Ikkinchi bo‘lim boshida tabrizliklar tezkor ikki gol urishga erishishdi. Anzur Ismoilovning qo‘liga to‘p tekkani uchun belgilangan penaltidan Dejaga unumli foydalandi. 56-daqiqada Quvvatov bilan birga-bir chiqib borgan Abboszoda kuchli zarba bilan oradagi farqni oshirdi. 69-daqiqada Hojimat Erkinovdan to‘pni qabul qilib olgan Dragan Cheran 16 metrlardan darvozani aniq nishonga oldi. 75-daqiqada Farrux Sayfiyev uzatgan to‘pdan keyin Sharof Muhiddinov 25 metrlardan to‘pni darvozaga joyladi — 2:2. 82-daqiqada to‘p uchun oxirigacha kurashgan Erkinov «Paxtakor»ni oldinga olib chiqdi. 85-daqiqada toshhkentliklar darvozasi tomon belgilangan ikkinchi penaltidan Abboszoda foydalandi va bahs 3:3 hisobida yakunlandi.

O‘yindan so‘ng bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani «Paxtakor» jamoasi bosh murabbiyi Piter Xyuistra uchrashuv haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Foto: «Paxtakor» matbuot xizmati

«Birinchi bo‘limda o‘yin asabiy kechdi. Bahsga kirishib ketishimiz biroz vaqt oldi. Ikkinchi bo‘limda ikkita tezkor gol o‘tkazganimizdan so‘ng o‘z o‘yinimizni namoyish qila boshladik. Afsuski, yana penaltidan to‘p o‘tkazib yubordik. G‘alabani qo‘ldan chiqarganimiz yomon, ammo 0:2 dan keyin o‘yinga qaytdik. Shu sababli durang juda yomon natija emas.

G‘alaba qozonishga yaqin edik, biroq xatodan so‘ng darvozamizga ikkinchi penalti belgilandi. Balki, bu navbatdagi o‘yinlar uchun foydali bo‘lar. Xatolardan xulosa chiqaramiz, shunga yarasha tayyorgarlik ko‘ramiz", — deydi Xyuistra.

Shuningdek, bugun Olmaliqning AGMK jamoasi Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichidagi dastlabki uchrashuvni o‘tkazadi. Markazlashgan tarzda Saudiya Arabistonida o‘tkaziladigan ushbu o‘yinda olmaliqliklarga mezbon «Al Hilol» jamoasi raqiblik qiladi. Uchrashuv soat 23:55 da boshlanadi.